
Bugun “Spartak” o‘ynaydi. O‘runov-chi?
Rossiya premer-ligasining birinchi turidan o‘rin olgan uchta uchrashuv o‘tkaziladi. Ulardan birida o‘zbek legioneri Oston O‘runov yangi ko‘chib o‘tgan “Spartak” o‘z maydonida “Sochi”ni qabul qiladi.
Aytish joizki, qator katta transferlarni amalga oshirgan “Spartak” joriy mavsumda “Zenit” gegemonligiga chek qo‘yib, chempionlik uchun kurashishga bel bog‘lagan. Moskvaliklar avvalgi mavqeini tiklab, yana Evropa Chempionlar ligasida muntazam qatnashadigan jamoaga aylanmoqchi.
O‘tgan yili premer-liga debyutanti sifatida o‘ynagan “Sochi” bu yildan Evropa maydonlaridagi musobaqalar yo‘llanmasi uchun kurashishni maqsad qilgan.
Har ikki klubning o‘tgan mavsumdagi uchrashuvlarida 1:0 hisobi qayd etilgan va jamoalar bittadan g‘alabaga erishgan.
Bu galgi bahsda moskvaliklarning imkoniyati yuqori baholanmoqda. Biz esa Oston O‘runovning maydonga tushirilishini va o‘z o‘yinlari bilan moskvalik futbol muxlislarining ham qalbidan joy olishini kutib qolamiz.
Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.
Fikrlar