
Bugun Superligada 10-tur boshlanadi. Markaziy o‘yin qaerda?
Bugun Superligada 10-tur boshlanadi. Kechagi Superkubokdan so‘ng endi barchamizni e’tiborimiz yana chempionat uchrashuvlariga qaratiladi. 7 ta o‘yin 30 may – 2 iyun kunlari davomida bo‘lib o‘tadi. Fursatdan foydalanib, bo‘lajak juftliklar xususida to‘xtalamiz.
30 may
19:00. “Dinamo” – “Qizilqum”
10-tur Jizzaxdagi “Dinamo” – “Qizilqum” uchrashuvi bilan boshlanadi. Ketma-ket 7 ta o‘yindan beri faqat durang o‘ynab kelayotgan “Dinamo” va uning muxlislari endi bunday seriyaga barham berish uchun “Qizilqum”ni mag‘lub etishga ishtiyoqlari baland. Hisobida hozircha birgina g‘alabasi bo‘lgan samarqandliklarning o‘yini ko‘pchilikka yoqyapti. Ayniqsa, “Paxtakor” va “Nasaf”ga qarshi uchrashuvlarda Abramov jamoasi hammada iliq taassurot qoldirdi. “Dinamo” yana o‘sha o‘yinlarini ko‘rsata olsa “Qizilqum”ga katta muammolar tug‘iladi.
19:30. “Navbahor” – “Olimpik”
Favorit so‘zsiz “Navbahor”. Turnir peshqadamligini o‘z qo‘liga olgan namanganliklar chempionatda hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelishmoqda. Tajribali jamoa o‘zidanda yoshroq jamoaga qarshi o‘ynaydi va buni kuzatish ham o‘ziga yarasha qiziq. “Olimpik” Kapadze boshchiligida kutilmagan natijalar ko‘rsatishga qodir. Unutmaslik kerakki, u shogirdlari bilan Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Lekin imkoniyatlar baribir Babayan jamoasida ko‘proq.
31 may
19:00. “Surxon” – “So‘g‘diyona”
Yaxshi afisha. “Surxon” va “So‘g‘diyona” bir-birga juda munosib raqiblar. O‘yin uslublari yaqin. Jamoalarning strategiyasi ham o‘xshash. Iqtidorli yoshlarga asosiy e’tibor qaratilgan. Ochig‘i, bu klublar ishtirokidagi bellashuvni kuzatish har qachongidan qiziq tuyulsa ajab emas. Imkoniyatlar esa shubhasiz 50x50.
19:30. OKMK – “Metallurg”
Toshkent derbisida bu safar OKMK – “Metallurg” qarama-qarshiligini ko‘ramiz. Oxirgi paytlarda OKMKning o‘yinida jonlanish sezilyapti. To‘g‘ri, “Metallurg”da ham shunaqa. Oxirgi uchta turda durang qayd etishdi. Biroq hozircha chempionatda bekobodliklar hisobida umuman g‘alaba yo‘q va shunga yarasha turnir jadvalida oxirgi o‘rinda. Bunday derbilarda hamma narsa bo‘lishi mumkin.
1 iyun
19:30. “Bunyodkor” – “Neftchi”
Autsayderlardan biri bo‘lib turgan “Bunyodkor”ni yana jiddiy imtihon kutib turibdi. Himoyasi eng zaiflaridan biri bo‘lib turgan bu jamoa chempionatda 9 ta o‘yinda o‘z darvozasidan 19 ta to‘p o‘tkazib yubordi. “Neftchi” esa eng oz – 6 ta gol o‘tkazgan. Xullas, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar mavjud. Albatta, “Neftchi” bu bahsda favorit. Rosti, bugungi “Bunyodkor”da “Neftchi”ni engish uchun salohiyat etarlimi, degan savol paydo bo‘lyapti. Hammasini o‘yinda ko‘ramiz.
2 iyun
“Andijon” – “Paxtakor”
Superkubokda penaltilar seriyasida juda alamli tarzda mag‘lub bo‘lgan “Paxtakor” endi chempionat doirasida safarda “Andijon” bilan o‘ynaydi. “Sherlar” Andijonga Superkubok g‘olibi sifatida kelishlari ham mumkin edi. Ammo penaltilar seriyasidagi tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarib yubordilar. Endi Maksim Shatskix jamoasini “Bobur arena”da fantastik muhit og‘ushida yana bir qiyin uchrashuv kutyapti. Bu jamoalarning oxirgi uchta o‘yinida “Andijon” 2 g‘alaba va 1 durang qayd etganini inobatga olsak, “Burgutlar”ning “Sherlar”ga qarshi qanday o‘yin ko‘rsatishni bilib olgani ayon bo‘lmoqda. Bu turning markaziy uchrashuvi bo‘ladi.
19:30. “Nasaf” – “Lokomotiv”
O‘zbekiston Superkubogini yana bir bor qo‘lga kiritgan “Nasaf” jamoasining endi o‘z maydonidagi o‘yini haqiqiy bayramga aylansa ajab emas. Kayfiyati yuqori darajada bo‘lgan Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari “Lokomotiv”ga qarshi yanada katta ishtiyoq bilan maydonga tushadilar. Lekin Superkubokdagi charchoqlar pand berib qo‘ymasmikin? Berdiev jamoasini bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasa kerak. “Lokomotiv”ni tayyorlagan murabbiy ketdi. Jamoa o‘yinida o‘zgarishlar bo‘lyapti. “Nasaf” bilan bahsda ularga og‘ir bo‘ladi. “Nasaf” esa yuqori tempdan keyin o‘z uyidagi imkoniyatni qo‘ldan chiqarib yubormasa kerak.
Fikrlar