
"Buxoro" - "So‘g‘diyona" qarama-qarshiligining yubiley 50-to‘qnashuvida kim omadliroq chiqarkin?
Coca-Cola Superliganing 21-turidagi oxirgi uchrashuvda “Buxoro” – “So‘g‘diyona” jamoalari o‘zaro bellashadilar. Ma’lumki, buxoroliklar o‘z uy o‘yinlarini Muborakdagi stadionda o‘tkazib kelmoqdalar.
Shuni aytish kerakki, ushbu jamoalarning o‘zaro to‘qnashuvlari 50-yubiley o‘yinga aylanadi. Bungacha bo‘lib o‘tgan 49 uchrashuvda ustunlik mezbonlar tarafida. Boisi, ularning hisobida 23 ta g‘alaba bor. Birinchi davrada Jizzaxdagi bahsda maydon egalari 3:1 hisobida zafar quchgandi. Ushbu g‘alabani qo‘shib hisoblaganda, “So‘g‘diyona”ning “Buxoro” ustidan erishgan muvaffaqiyatlari 19 taga etdi. 7 ta uchrashuv durang bilan tugagan. To‘plar nisbati 66-64 “Buxoro” foydasiga.
Qizig‘i, “So‘g‘diyona” “Buxoro” maydonida oxirgi marta qachon g‘alaba qozonganini bilasizmi? Bunga ham 12 yil bo‘ldi. 2008 yilning 13 sentyabr kuni jizzaxliklar safarda 2:3 hisobida g‘alaba qozonishgan. Shundan beri, ular “Buxoro” mezbonligidagi uchrashuvlarda uch ochkoni qo‘lga kirita olishmayapti.
Bundan tashqari, buxoroliklar so‘nggi bor ushbu raqibini 2018 yilgi mavsumda mag‘lub etishgan. O‘shanda o‘z maydonida 3:0 hisobida “So‘g‘diyona”ni taslim qilishgandi. Oxirgi beshta uchrashuvning uchtasida jizzaxliklarning qo‘li baland kelgan. “Buxoro” esa bittadan durang va g‘alabaga erishgan. Lekin 50-yubiley bahsda Jamshid Saidov boshchiligidagi mezbonlarga g‘alaba suv va havodek muhim. Chunki ular turnir jadvalida 11 ochko bilan so‘nggi pog‘onada borishyapti. Superligada qolish uchun esa buxoroliklarni faqat g‘alaba qoniqtiradi.
Fikrlar