"Buxoro" o‘tgan yili AGMKni yutib Superligada qolgandi, bu safar yana o‘sha raqib! Yoki bu taqdir hazilimi?

  • 2 dekabr, 2020, 14:37
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

3 dekabr kuni chempionat poyoniga etadi. “Paxtakor”, “Nasaf” va AGMK kuchli uchlikdan joy olganligini endi hamma biladi. Lekin Superligani qaysi jamoa tark etishi hali ham noma’lum bo‘lib turibdi. Balki ko‘pchilikning aynan so‘nggi turda ligani qaysi klub tark etishi qiziqtirayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Tecno

Hozircha bu borada uchta da’vogar bor va bular anchadan beri Superligada jon saqlab qolish uchun kurashib kelmoqda. “Buxoro”da 14, “Andijon”da 16 va “Surxon”da 17 ochko bor. Qiziq tomoni shundaki, buxoroliklar o‘tgan yili ham ligada qolish uchun oxirigacha kurashgandi va so‘nggi turda o‘z uyida AGMKni 2:1 hisobida mag‘lub etish orqali Superligada jon saqlab qolgan va uning o‘rniga “Dinamo” pro-ligaga ravona bo‘lgan. Agar “Buxoro” – AGMK o‘yini yodingizda bo‘lsa, mezbonlar oxirgi daqiqalarda penaltidan kiritilgan gol evaziga o‘ta qimmatli g‘alabani qo‘lga kiritgandi. Qiziq jihati, o‘sha bellashuvni yaqinda hakamlikdan chetlatilgan Jasur Muxtorov boshqargan.

agmk buxoro3_1

“Buxoro” o‘tgan yilgi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarmagani bu yil yana bir bor o‘z isbotini topdi. Chunki klub hamon autsayder maqomida va ligada qolish uchun kurashish bilan ovora bo‘lib yuribdi. Klubda murabbiylar va rahbariyat o‘zgargani bilan natija salbiyligicha qolib ketyapti. Turnir jadvali esa hammasini aytib turibdi. Taqdir hazilini qarangki, “Buxoro” bu yil ham oxirgi o‘yinini AGMK jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Faqat bu safargi o‘yin Buxoroda emas, Olmaliqda o‘tadi. Lekin stsenariy o‘sha-o‘sha, g‘alaba doimgidek “Buxoro”ga suv va havodek zarur. AGMK esa uchinchi o‘rinni egallab bo‘ldi, bu o‘yin Mirjalol Qosimov jamoasi uchun aslida rasmiyatlik uchun xolos. Ammo ular o‘tgan yilgi alamli mag‘lubiyatni unutmagan bo‘lsalar ajab emas. Tarkib, mahorat va saviya jihatidan shubhasiz AGMK kuchli. Qiziq, “Buxoro” o‘tgan yilgi stsenariyni takrorlash uchun qanday chora topadi?

Yodingizda bo‘lsa, jamoalarning birinchi davradagi bellashuvi juda qiziqarli tarzda kechib, unda 2:2 hisobi kuzatilgandi. O‘sha o‘yin ham turli munozaralarga sabab bo‘lganligi hamon yodimizda. Birinchi davraning oxirgi o‘yini edi va AGMK hali hech kimga yutqazmagandi. Ammo o‘sha bahsda ular g‘alabaga teng durangni qayd etgandi. Bosh hakam Vadim Agishev uchrashuvga to‘rt daqiqa qo‘shib bergan va yakunda AGMK futbolchisi 90+6-daqiqada gol urgani bois hakamga nisbatan turli e’tirozlar ham yangragandi.

agmk buxoro2

Aftidan, bu jamoalar o‘rtasidagi sarguzashtlarga boy o‘yin yana davom etadi, shekilli. Bizga ma’lum bo‘lishicha, “Buxoro” jamoasi AGMK ustidan g‘alaba qozonish uchun tish-tirnog‘i bilan kurashishga tayyorgarlik ko‘ryapti. Klubda tajriba kamligi ko‘rinib turibdi, balki kuchli ishtiyoq evaziga nimadir qila olishlari mumkin. Biroq hammasi baribir AGMKga bog‘liq. Chunki jamoa a’zolari oxirgi bellashuvga ham oldingilari kabi jiddiy munosabatda bo‘lib, o‘z o‘yinlarini ko‘rsatadigan bo‘lsa, unda “Buxoro” raqib oldida ip esholmasligi turgan gap. Mabodo, Qosimov jamoasi oxirgi o‘yinga jiddiy qaramasa, unda “Buxoro” bundan foydalanib qolishi mumkin. Hozircha bular o‘yindan oldingi turli farazlar xolos. Hammasi maydondagi kurashga bog‘liq. Yana bir gap: “Buxoro”ning asosiy raqobatchisi “Andijon”ning ham o‘yinini nazardan chetda qoldirmasa kerak. Boisi, vodiy jamoasi oxirgi turni chempion – “Paxtakor”ga qarshi o‘tkazadi. Ko‘pchilik esa Shota Arveladzeni “Andijon”ga qarshi ikkinchi tarkibidan foydalanishini taxmin qilmoqda. Agar shunday bo‘lgan taqdirda ham chempionning saviyasi va o‘yini baribir andijonliklarnikidan kuchli. Ko‘rib turibsizki, “Buxoro” va “Andijon”ning oxirgi raqiblari amaldagi sovrindorlar. Bu esa ularning imkoniyatini pasaytirish tabiiy. Agar ikkala klub turnir jadvalida o‘z holicha qoladigan bo‘lsa, “Buxoro” Superligani tark etishi muqarrar bo‘ladi. Lekin jondan chiqmagan umid degan gap bor, “Buxoro” taqdir tuhfa etganidek yana AGMKni mag‘lub etishga majbur. Ko‘ramiz, Qosimov va uning jamoasining reaktsiyasi qanday bo‘larkin?!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!