“Chelsi” Karimni besh klub bilan talashyapti
Karim Kulibali Bundesligada atigi 22 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa-da, allaqachon Yevropaning qator top-klublari e’tiborini tortgan.
Jurnalist Florian Plettenbergning aytishicha, “Chelsi” rahbariyati “Verder” va Germaniya yoshlar terma jamoasi markaziy himoyachisi – 18 yoshli Karim Kulibalini transfer qilish uchun kurashga qo‘shilgan.
Himoyachi uchun kurashda londonliklarga “Pari Sen-Jermen”, “Napoli”, “Real Madrid”, “Nyukasl” va “Manchester Yunayted” kabi qudratli klublar raqobatchi hisoblanadi.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, “Verder” futbolchini sotishga tayyor, ayniqsa jamoa mavsum yakunida Bundesligadagi joyini ushlab qola olmasa, transfer ehtimoli oshadi.
Shu bilan birga, nemis klubi ushbu transferdan yaxshi daromad olishni istamoqda.
Germaniya manbalariga ko‘ra, Karim Kulibali uchun “Verder” mutasaddilari klub tarixidagi rekord summa — 40-50 million yevro talab qiladi.
“Chelsi” Kulibalini katta salohiyatga ega yana bir yuqori darajali iqtidоr, deb hisoblamoqda. Bu haqiqatdan ham shundaymi — vaqt ko‘rsatadi.
Karim Kulibali “Gamburg” akademiyasidan yetishib chiqqan va 2025 yilning iyul oyida “Verder” bilan shartnoma imzolagan. U o‘sha yilning avgust oyida Bundesligada debut qilgan va hozirga qadar Germaniya chempionatida 22 ta o‘yin o‘tkazgan.
Markaziy himoyachi yuqori darajada katta tajribaga ega emas va faqat Germaniya yoshlar terma jamoasida (U-17, U-18, U-19 va U-21) bir nechta o‘yin o‘tkazgan.

Fikrlar