
Chempionatimizda VAR ishlaydigan o‘yinlar soni ortadi. Sababi...
O‘zbekistonga navbatdagi VAR texnikalari olib kelindi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
"Bugungi kunda futbolga zamonaviy texnologiyalarning kirib kelishi ortidan futbol jadallik bilan rivojlanib bormoqda, bu esa muxlislarga yanada sifatli o‘yin taqdim etish imkoniyatini oshirmoqda. Tabiiyki, futbolning yanada jozibaliroq bo‘lishida sifatli hakamlik ham muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi sohani rivojlantirishda zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, xususan hakamlikni yangi darajaga olib chiqishni o‘z oldiga vazifa sifatida belgilab olgan.
Bu borada hakamlarni o‘qitish, qayta tayyorlash, tajribasini oshirish, VAR tizimini takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda. Ayni kunlarda O‘FA tomonidan “Hawk-Eye” kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgan holda uchinchi VAR texnikalari olib kelindi. Ularning o‘rnatilish jarayoni bo‘yicha mutaxassislar qizg‘in ish olib bormoqda.
Bu orqali esa tez orada milliy chempionatimizda VAR tizimi ishtirokidagi o‘yinlar soni yanada ortishiga erishiladi", - deyiladi O‘FA xabarida.
Fikrlar