
"Dastlab kutmagandim, eshitishimcha, muxlislari zo‘r qo‘llab-quvvatlar ekan" - "Andijon" Antaliyada kimlar bilan kelishuvga erishdi?
27 yanvardan buyon Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini davom ettirayotgan “Andijon” selektsiya ishlariga ham jiddiy e’tibor qaratdi. Oldin xabar berganimizdek, tarkibga bir qator legionerlar va o‘zimizdagi boshqa jamoalardan ham ijrochilar taklif qilindi.
Tarkib shakllanyapti va murabbiylar shtabi ham ancha kengaytirildi. Chunki bosh murabbiy yangi futbolchilar bilan birga o‘zining yoniga yordamchilarni ham taklif qildi. Natijada klub 2 nafar murabbiy va 6 nafar futbolchilar bilan rasman shartnoma imzoladi. Natijada Antaliyada yangilar rasman omma e’tiboriga tanishtirildi.
Nikolay Shevchenko
Antaliya safari oldidan jamoaning murabbiylar shtabiga qo‘shilgan Nikolay Shevchenko bilan kelishuvga erishildi va tomonlar bir yilga mo‘ljallangan shartnomani imzoladilar. Tajribali mutaxassis endi o‘zining bilim va malakasi bilan bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovga yaqindan yordam beradi.
Bizning ma’lumot:
Nikolay Shevchenko
Tug‘ilgan sanasi: 24.09.1967
Lavozimi: Yordamchi murabbiy
Murabbiylik faoliyatida ishlagan jamoalari: “Metallurg”, “Lokomotiv”, O‘zbekiston terma jamoasi, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi, “Sho‘rtan”, “Cherchil Brozers” (Hindiston), “So‘g‘diyona”.
Anatoliy Kurlaev
Shevchenko bilan birga taklif qilingan yana bir murabbiy Anatoliy Kurlaev bilan ham yil oxiriga qadar shartnoma tuzildi.
Andijonlik muxlislar yaxshi bilishsa kerak, 1999-2001 va 2004-2005 yillarda “Andijon” sharafini himoya qilgan. Bu yildan ushbu jamoaga murabbiy sifatida qaytdi. U “Andijon”da jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ish olib boradi.
Bizning ma’lumot:
Anatoliy Kurlaev
Tug‘ilgan sanasi: 15.08.1978
Lavozimi: jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy
Fuqaroligi: O‘zbekiston
Murabbiylik faoliyatida ishlagan jamoalari: “Oqtepa”, “Bunyodkor” (o‘rinbosarlar), “Bunyodkor” (birinchi liga), O‘zbekiston U-16 terma jamoasi, “Buxoro”, “Bunyodkor”, “Metallurg”.
Igor Litovka
Yaqinda klubning Antaliyadagi yig‘iniga qo‘shilgan ukrainalik darvozabon Igor Litovka rasman “Andijon” a’zosiga aylandi. Mahoratli posbon bilan 2 yilga mo‘ljallangan shartnoma imzolandi.
Ukrainalik tajribali darvozabonning oxirgi jamoasi Xorvatiyaning “Zagora” klubi hisoblanadi.
Bizning ma’lumot:
Igor Litovka
Tug‘ilgan sanasi: 05.06.1988
Ampluasi: darvozabon
Bo‘yi: 193
Vazni: 89 kg
Fuqaroligi: Ukraina
To‘p surgan klublari: “Elektrometallurg-NZF AAFU” (Ukraina), “Sevastopol” (Ukraina), “Tavriya” (Ukraina), “Olimpik” (Ukraina), “Voluntari” (Ruminiya), “Riga” (Latviya), “Desna” (Ukraina), “Zagora” (Xorvatiya).
Igor Litovka: “Andijon”ning jiddiy maqsadi bor”
Tajribali darvozabon “Andijon” a’zosiga aylanganidan keyin o‘zining ilk fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Ha, bu yangi jamoa, men uchun yaxshi chaqiriq bo‘ldi. Osiyoda va ayniqsa, Superligada to‘p surish qiziqarli.
Ko‘rinib turibdiki, yaxshi jamoa ekan. “Andijon”ning jiddiy maqsadi bor. Eshitishimcha, muxlislari zo‘r qo‘llab-quvvatlar ekan.
“Andijon” ishqibozlariga tilaklarim, doim bizni qo‘llab turinglar, hammasi yaxshi bo‘ladi”, - dedi Igor Litovka, klub matbuot xizmatiga.
Levan Arveladze
Ukrainalik yana bir tajribali futbolchi – Levan Arveladze ham to‘laqonli ravishda ushbu klub a’zosiga aylandi hamda 2 yillik shartnoma imzolandi.
Mashhur Shota Arveladzening familiyadoshi hisoblangan Levandan ham “Andijon” muxlislarining umidi katta.
Bizning ma’lumot:
Levan Arveladze
Tug‘ilgan sanasi: 06.04.1993
Ampluasi: yarim himoyachi
Bo‘yi: 181
Vazni: 71 kg
Fuqaroligi: Ukraina
To‘p surgan klublari: “Dnepr” (Ukraina), “Krivbass” (Ukraina), “Skala” (Ukraina), “Agrobiznes-TSK” (Ukraina), “Neftyanik-Ukrneft” (Ukraina), “Zarya” (Ukraina), “Desna” (Ukraina), “Torpedo” Kutaisi (Gruziya).
Levan Arveladze: “Hayotimda yangi sahifa ochildi”
Ukrainalik Arveladze “Andijon” bilan shartnoma imzolangach, klub matbuot xizmatiga taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
“Dastlab kutmagan edim. Menga jiddiy taklif bilan chiqishdi. Bu erga kelib shartnoma tuzdik.
Ancha ahil jamoa ekan. Futbolchilarning hammasi ajoyib. Rahbariyatdan tortib o‘yinchilargacha bizni iliq kutib olishdi.
Hayotimda yangi sahifa ochildi. O‘zbekiston Osiyoda etakchi o‘rinda turadi. Bu erda bor mahoratimni ishga solib, jamoam g‘alabalariga o‘z hissamni qo‘shib, muxlislarni xursand qilamiz”, - deya fikr bildirdi, Arveladze.
Nodari Kavtaradze
“Andijon”ning Antaliyadagi yig‘inida ishtirok etayotgan legionerlardan yana biri – gruziyalik Nodari Kavtaradze ham yangi mavsumda endi andijonliklar libosida to‘p suradi.
30 yoshli futbolchi bilan ham 2 yillik kelishuvga erishildi.
Bizning ma’lumot:
Nodari Kavtaradze
Tug‘ilgan sanasi: 02.01.1993
Ampluasi: yarim himoyachi
Bo‘yi: 170
Vazni: 67 kg
To‘p surgan klublari: “Lokomotiv-2” (Rossiya), “Tyumen” (Rossiya), “Volga” (Rossiya), “Drujba” (Rossiya), “Rosich” (Rossiya), “Lokomotiv” (Gruziya), “Dila” (Gruziya), “Torpedo” Kutaisi (Gruziya), “Dinamo” Tbilisi (Gruziya), “Mezyokyoveshd” (Vengriya), “Saburtalo” (Gruziya).
Nodari Kavtaradze: “Klubga moslashib ketishimiz oson kechdi”
Rasman “Andijon” a’zosiga aylangan Nodari Kavtaradze o‘zining dastlabki fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“O‘zimni bu erda yaxshi his qilyapman. Jamoadagi yigitlar juda yaxshi qabul qilishdi.
Klubga moslashib ketishimiz oson kechdi. Buning uchun murabbiylarga, futbolchilarga, umuman bu erdagi barchaga rahmat aytaman.
Klub bosh direktori bizga yig‘inga kelib ko‘shilishimizga sharoit yaratib berdi. Biz endi katta bir oilamiz”, - dedi Nodari.
Axtam Nazarov
Tojikiston milliy terma jamoasi etakchisi va sardori Axtam Nazarov bilan barcha rasmiyatchilik ishlari hal qilindi. Himoyachi bilan 2 yillik shartnomaga imzo chekildi.
Futbolchi faoliyatining katta qismini Tojikistonning birinchi raqamli klubi – “Istiqlol”da o‘tkazgan.
Bizning ma’lumot:
Axtam Nazarov
Tug‘ilgan sanasi: 29.09.1992
Ampluasi: himoyachi
Bo‘yi: 179
Vazni: 66 kg
Fuqaroligi: Tojikiston
To‘p surgan klublari: “Energetik” (Tojikiston), “Bashuxandra Kingz” (Bangladesh), “Istiqlol” (Tojikiston).
Tojikiston milliy terma jamoasi a’zosi.
Axtam Nazarov: “Muxlislarga g‘alabalarimiz orqali quvonchli onlarni taqdim etishga harakat qilamiz”
Tojikistonlik ajoyib legioner “Andijon” klubining yangi a’zosiga aylangach, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Tabrik uchun rahmat. Meni bu erda juda yaxshi kutib olishdi. Buning uchun jamoadoshlarimga ham katta rahmat.
Shuningdek, menga ishonch bildirib, “Andijon” klubiga taklif qilishgani uchun rahbariyatga ham o‘zimning minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
Bu yaxshi jamoa, muxlislarga g‘alabalarimiz orqali quvonchli onlarni taqdim etishga harakat qilamiz. Yaqinlashayotgan yangi mavsumga yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, - deydi Nazarov.
Dilshod Komilov
24 yoshli iqtidor egasi Dilshodbek Komilovning yaqinda “Andijon” yig‘iniga qo‘shilganidan xabaringiz bor.
Faoliyatini Toshkentning “Lokomotiv” klubida boshlab, hozirga qadar ushbu jamoa sharafini munosib himoya qilib kelgan Komilov faoliyatida yangi sahifa ochdi. “Andijon” Dilshod bilan ham 2 yilga mo‘ljallangan shartnoma tuzdi.
Bizning ma’lumot:
Dilshod Komilov
Tug‘ilgan sanasi: 16.05.1999
Ampluasi: himoyachi
Bo‘yi: 185
Vazni: 70 kg
Fuqaroligi: O‘zbekiston
To‘p surgan klublari: “Lokomotiv” (O‘zbekiston)
Dilshod Komilov: “Xudo xohlasa, niyatlarimiz katta”
“Lokomotiv”dan “Andijon”ga ko‘chib o‘tgan Dilshod Komilov o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor kuchini sarflamoqda va yangi jamoasi xususida shunday dedi:
“Bu chaqiruvni kutgandim. Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov meni jamoasiga taklif qildi. Hammasini o‘ylab chiqdim va “Andijon” klubiga ko‘chib o‘tishga qaror qildim. Klub rahbariyatiga va murabbiyga taklif uchun minnatdorchilik bildiraman.
Xudo xohlasa, niyatlarimiz katta. Jamoa bilan birga chempionatda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritib, muxlislar ishonchini qozonmoqchimiz. Bu yil zo‘r bo‘ladi, deb umid qilaman”.
Bobur Farhodov
Iqtidorli hujumchi Bobur Farhodov ham “Mavsum-2023”ni “Andijon” safida boshlaydigan bo‘ldi.
Mazkur futbolchi ham boshqalar qatori 2 yillik shartnomaga qo‘l qo‘ydi.
Bizning ma’lumot:
Bobur Farhodov
Tug‘ilgan sanasi: 11.02.1996
Ampluasi: hujumchi
Bo‘yi: 186
Vazni: 80
To‘p surgan klublari: “Bunyodkor” (O‘zbekiston), “Buxoro” (O‘zbekiston), “Miniya” (Litva), “So‘g‘diyona” (O‘zbekiston), “Xorazm” (O‘zbekiston), “Metallurg” (O‘zbekiston).
Bobur Farhodov: “Yaxshi jamoaga kelib qo‘shildim”
Hujumchi Bobur Farhodov rasman “Andijon”ning a’zosiga aylandi. Boburni ham tabriklagan holda bu boradagi taassurotlari bilan qiziqdik.
“Tabrik uchun rahmat. Dastlabki taassurotlarim katta. Yaxshi jamoaga kelib qo‘shildim, klubdagi hamma bir-biri bilan ahil va inoq.
Xudo xohlasa, Superligada ajoyib o‘yinlar namoyish etgan holda ashaddiy muxlislarimizni g‘alabalarimiz bilan xursand qilamiz”, - deydi Farhodov.
Fikrlar