Davron Fayziev: "Hakam haqida e’tiroz bildirib, 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya bo‘ldim, yana mendan hakam to‘g‘risida so‘rayapsiz"

  • 10.04.2023 23:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Pro ligadagi kurash borgan sari qizg‘in tus olayotganini ko‘rib turgandirsiz. U erda har bir jamoa jiddiy kurashga kirishib ketdi.

Superligadan pro ligaga qaytgan “Qo‘qon-1912”ga ham oson bo‘lmayapti. Ular hozirgacha 4 ta o‘yin o‘tkazishdi. Shularning 2 tasida g‘alaba va 2 tasida durang o‘ynashdi.

So‘nggi turda qo‘qonliklar pro liga debyutanti “Navbahor-farm”ni qabul qildi. Ko‘pchilik mezbonlarni oson yutadi, deb o‘ylashgandi. Ammo sal qolsa yutqazib qo‘yishi mumkin edi.

“Qo‘qon-1912” 0:2 hisobidagi natijani bir amallab 2:2 ga aylantirib, arang mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Ushbu bellashuvdan keyin “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Davron Fayziev quyidagilarni aytdi:

- Birinchi bo‘lim “Navbahor-farm” jamoasi ustunligida o‘tdi, - deya gap boshladi, Davron Oripovich. - Raqib bizni xato qilishga majbur qildi. Balki o‘ylagan taktikalari to‘g‘ridir, buni tan olish kerak. Chunki mehmonda bu jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgandi. “Dinamo”ga qarshi o‘yinini ko‘rib chiqqanimizda bu jamoa 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchragan jamoa emasligiga amin bo‘lgandik. Bizning qo‘pol xatolarimiz mag‘lubiyatga olib kelishi hech gap emasdi. Birinchi bo‘limdan keyin o‘zgarishlarni amalga oshirib, vaziyatni o‘nglay oldik. Jamoamga rahmat aytaman. Har doim aytib charchamasam kerak, ya’ni, raqibni mensimaslik yoki raqibga hurmatsizlik qilish katta xato ekanligi va bu nima bilan tugashini yigitlar hali ham tushunib etishmaganga o‘xshayapti. Shu paytgacha futbolchimlarimga tanqid ostida fikr bildirmagandim. Lekin bugun shunga majbur bo‘lyapman. O‘z oldiga yuqori vazifani qo‘ygan jamoa uchun bu durang mag‘lubiyatga teng hisoblanadi.

davron fayziev_2

- Har bir pozitsiyaga bittadan tajribali futbolchi etishmayotgandek tuyulyapti. Bunga nima deysiz?

- Balki to‘g‘ri aytayotgandirsiz. Savolingiz to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Futbolda turgan o‘yinchi emas, yugurgan jamoa yutadi. Jamoamizning birinchi bo‘limda ko‘rsatgan o‘yinidan o‘zim ham qoniqqanim yo‘q. Bu nima bilan bog‘liqligini ko‘rib chiqamiz va tahlil qilamiz. Oldingi uchrashuvlarda hisobda oldinda borib turib, ikkinchi bo‘limda yomon o‘yin ko‘rsatgandik. Bu safar birinchi bo‘limda yomon, ikkinchi bo‘limda yaxshiroq harakat qildik. Futbolda mayda detallargacha o‘rganib chiqish kerak. Siz aytgan narsani hozir imkoni yo‘q, faqat birinchi davradan keyin bo‘lishi mumkin.

vitaliy2

- Uchrashuvdagi hakamlarning saviyasi haqida nima deya olasiz?

- Hakamlar to‘g‘risida gapirish menga emas. Bir nima deya olmayman. Ularni tekshiradigan o‘zlarini nazoratchilari bor. Hakam haqida e’tiroz bildirib, uchta o‘yinga diskvalifikatsiya bo‘lib jarima to‘ladim. Yana mendan hakamlar to‘g‘risida so‘rayapsiz. Bunga javob bera olmayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!