"Dinamo"da bosh murabbiyning iste’fosi ro‘y bermadi

  • 05.09.2019 15:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Birinchi davrada ajoyib taassurot qoldirgan «Dinamo» klubi ikkinchi davraga kelib birdaniga o‘zgardi-qoldi. Klub ketma-ket beshta uchrashuvdan beri faqat yutqazib kelyapti. Natijada samarqandik muxlislar qattiq ranjishmoqda. Ayniqsa, oxirgi turda o‘z maydonida autsayder «Buxoro»ga 0:3 hisobida yutqazib qo‘yishi kutilmagan hol bo‘ldi. Natijada ushbu uchrashuvdan so‘ng «Dinamo» ustozi Davron Fayziev iste’foga chiqishi haqida ma’lum qilgandi. Biz esa vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida bosh menejer Ilhom Sharipov bilan bog‘landik.

Tecno

«Rahbariyat Fayzievga ishonishda davom etishini ma’lum qilishdi»

- Bosh murabbiyimiz Davron Fayzievning arizasi qabul qilinmadi, - deya gap boshladi, Sharipov. - Aniqrog‘i, viloyat hokimi va klub homiylari unga oxirigacha ishonch bildirishlarini ma’lum qilishdi. Jamoa oldiga 10-o‘rinni egallash vazifasi qo‘yilgan. Fayziev ariza yozmoqchi bo‘lib turgandi. Ketma-ket mag‘lubiyatlar tufayli muxlislar ham ranjishgandi. Balki jamoaga yangi qon kerakdir deya ishdan ketish haqida o‘ylayotgandi. Biroq boya aytib o‘tganimdek, rahbariyat murabbiyga ishonishini ma’lum qildi. Bosh murabbiyning o‘zi ham oxirgi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida jamoa o‘yini qoniqarli bo‘lmayotgani uchun iste’foga chiqaman deb aytgandi. Lekin endi barchasidan siz ham xabardorsiz, rahbariyat ruxsat bermadi.

«Gol uradigan futbolchi topilmayapti»

- Bilasiz, biz aslida futbolchilarni boshida pro-liga uchun yiqqandik. To‘g‘risi, birinchi davrada bizga ko‘plab o‘yinlarda omad kulib boqdi. Ikkinchi davraga ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Tog‘da va Toshkentda shug‘ullangandik. Har kuni ikki mahaldan mashg‘ulot o‘tkazgandik. Aslini olganda ortda qolgan beshta uchrashuvda ham yigitlarimiz yomon o‘ynashgani yo‘q. Shunchaki, bizdan omad yuz o‘giryapti. Har bir o‘yinda gol urishimiz uchun 5-6 tadan imkoniyatlarimiz yuzaga chiqyapti. Lekin gol uradigan futbolchi topilmayapti. Liga Kubogida «Andijon»ni 2:1 hisobida yutib yarim finalga chiqdik. Chempionat bahsida safarda «Lokomotiv»ga yutqazgan bo‘lsak-da, yomon harakat qilmagandik. Negadir jamoamiz o‘yinida sifat ko‘rinmay qoldi. Futbolda esa sifat muhim rol o‘ynaydi. Lekin biz tushkunlikka tushib qolayotganimiz yo‘q. O‘ylaymanki, ishlarimiz yurishib ketadi. Oldimizda yana 8 ta o‘yinimiz bor. Bo‘lajak uchrashuvlarda imkoni boricha maksimal ochkolarni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.

sharipov

«Futbolda oq va qora chiziqlar ham bo‘ladi»

- Aslida biz yozgi selektsiya chog‘ida tarkibimizga yana ayrim yangi o‘yinchilarni olishimiz kerak edi. Ammo rahbariyatimiz hozirgi tarkibdagi yoshlarga ko‘proq imkon berishimizni va ular o‘ynashi, mahoratlarini oshirishlari kerakligini aytdi. Gapning ochig‘i, kuchli futbolchilarni olishga pulimiz yo‘q. Shu bois birinchi davrada o‘ynagan o‘yinchilarga yana ishonch bildirildi. O‘ylaymanki, bitta uchrashuvda yutib olsak, ishlarimiz ham yurishib ketadi. Xudo xohlasa, yaxshilikka umid qilamiz. Futbolda oq va qora chiziqlar bo‘ladi. Biz sabr qilib, ushbu holatni engib etishimiz kerak. Hali g‘alabali kunlarimiz keladi.

«Liga Kubogini yutsak yaxshi, ammo muhimi Superligada qolishimiz kerak»

- Liga Kubogi yangi musobaqa. Biz har bir o‘yinda g‘alaba qozonib, muxlislarimizni xursand qilishni istaymiz. Shuning uchun Liga Kubogida iloji boricha yutishga harakat qilamiz. Lekin yarim finalda tajribali jamoalar bor. «Qo‘qon-1912», «Paxtakor», AGMK kabi raqiblar bor. Ammo bizning asosiy maqsadimiz baribir Superligaga qaratiladi va u erda jon saqlab qolish biz uchun eng muhimi.

«Aslida himoya chizig‘imizni kuchaytirishimiz kerak edi»

- Futbolda yutqazsa murabbiy yutqazadi, yutsa esa jamoa yutadi degan gap bor. Tarkibimizni bilasiz, ko‘pchiligi yosh futbolchilar. Ularga ham baribir o‘zlarini ko‘rsatishlari uchun vaqt kerak. Baribir ketma-ket beshta o‘yindagi mag‘lubiyat hammaga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Ammo o‘yindan-o‘yinga harakatlarning sifati o‘zgarmoqda. Lekin birinchi davradan keyin himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun bu pozitsiyaga 2-3 ta futbolchi olishimiz kerak edi. Afsuski, mudofaa chizig‘imizda kamchiliklar ko‘zga tashlanib qolmoqda. Murabbiy kim yaxshi ishlasa o‘shani maydonga tushiradi. Baribir o‘z oldimizga qo‘yilgan maqsadni bajaramiz deb umid qilaman. Agar murabbiy o‘zgargan taqdirda ham yangi kelgan mutaxassis men bu tarkibni yig‘magandim deb aniq aytardi va menga vaqt beringlar derdi. Harakat qilaman deydi-yu, biroq o‘yin chiqmay qolsa, boyagi gaplarni aytadi. Shuning uchun Davron Fayzievning o‘zi ishlagani yaxshi. U Jizzaxda ishlagan paytda ham pulsiz, o‘rtacha futbolchilar bilan jamoani ligada olib qolishga harakat qilardi. Biz bu murabbiyga ishonamiz. Hozirgi omadsizligimiz esa vaqtinchalik holat. Biz u bilan birga ishlab, bu vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilyapmiz. Albatta, qiyin bo‘ladi. Lekin biz harakat qilamiz. Uning o‘rniga boshqa mutaxassis nomzodini ko‘rib ham chiqqanimiz yo‘q. Superligada kim shunchaki ochko ulashadi, hech kim! Klublarga e’tibor qaratsak, faqat biz bilan «Nasaf»da legionerlar yo‘q xolos. Baribir klublardagi legionerlar ham natijalarga ta’sir ko‘rsatadi. «Buxoro» ham beshta xorijlik o‘yinchini taklif qildi. Asta-sekin ularning o‘yini ham yaxshilanib boryapti. Beshta o‘yinda 5 ochko olishdi, ikkita durang va bitta g‘alaba. Aytmoqchimanki, legionerlar ham natija ko‘rsatishyapti. Viloyatimiz hokimi esa futbolni juda yaxshi ko‘radi. Bu yil jamoani saqlab qola olsak, keyingi yili yanada yaxshi yangiliklar bo‘ladi. Shuning uchun biz rahbarlarimizga pand berib qo‘ymasligimiz lozim.

«Qiyin paytda muxlislarimizning jamoa bilan birga bo‘lishlarini istardik»

- Oldimizda 8 ta o‘yin bor va shularning uchtasini o‘z maydonimizda o‘tkazamiz. Samarqandda «Surxon», «Andijon» va «Paxtakor»ni qabul qilamiz. Muxlislarimizni sabr qilishlarini va jamoamizga ishonishlarini istardim. Natija albatta bo‘ladi. Biz muxlislarimizni chiroyli o‘yinlarimiz bilan yana xursand qilamiz. Birinchi davrada esa ularni mana shunday o‘yinlarga o‘rgatib qo‘ygandik. Endi esa qiyin paytda ham ishqibozlarning jamoamiz bilan birga bo‘lishlarini xohlardim.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Murod Panjiev
05/09/2019 16:07
Самаркандга куз тегди Илхом ака биронта козёл булса садака таркатинг