
EChL qur’asi: g‘oliblar va mag‘lublar
Xabaringiz bor, bir necha kun avval, UEFA Chempionlar Ligasi 2020/2021 yilgi mavsumining guruh bosqichiga qur’a tashlandi. Bu kim uchundir omadli, yana kim uchundir omadsiz yakunlandi. Biz ayni shu jihatga e’tibor qaratdik.
G‘olib: Krishtianu Ronaldu
Televizion kompaniyalar zamonamizning ikki eng buyuk futbolchisining yana o‘zaro to‘qnash kelishidan xursand. Chunki, bu millionlab teletomoshabinlar e’tibori va translyatsiyalardan kelib tushadigan milliardlab mablag‘, deganidir.
“Oltin to‘p”lar soni bo‘yicha argentinalik raqibidan ortda qolayotgan Krishtianu bevosita to‘qnashuv orqali kim aslida kim ekanini isbotlashi mumkin bo‘ladi. Aks holda, “ikki o‘zga sayyoralik” erasi Leo hisobiga yozilishi ehtimoli yuqori.
G‘olib: “Chelsi”
Frenk Lempardning evromaydondagi ilk mavsumi “Bavariya”ga har jabhada imkoniyatning boy berilishi bilan esda qoldi.
Yozgi transferlar oynasi mobaynida 200 mln evrodan ko‘p mablag‘ sarflagan londonliklar afsonasi qur’a natijalariga ko‘ra, yana pley-offda o‘ynaydigandek ko‘rinmoqda.
“Sevilya” Evropa Ligasidagi g‘alabasi orqali ko‘p narsani isbotlashga erishdi. Ammo guruhning qolgan ikki vakili “Krasnodar” va “Renn” EChLda debyutant hisoblanadi.
Yangi futbolchilarining aksariyati lazaretda bo‘lib turgan “aristokratlar” mavsumning ikkinchi qismida yana ham kuchayishi kutilmoqda.
G‘olib: Pep Gvardiola
Kataloniyalik murabbiyda Chempionlar Ligasini yutish uchun yana bir imkon bor. Balki, bu so‘nggisi bo‘lar. Hozircha, guruh bosqichi qur’asi “shaharliklar” uchun ayni muddao bo‘ldi.
6 oy avval, “Siti” UEFAdan 2 yillik ta’qiq olgandi. Ammo yakunda barchasi Pep va uning shogirdlari uchun xayrli yakunlandi. Manchester “moviylar”i qolgan 31 jamoadan ham ko‘proq ushbu titulni yutishni xohlasa kerak.
“Portu” va “Olimpiakos” Gvardiola jamoasi uchun ortiqcha muammo tug‘dirmasligi kutilmoqda. Guruhdagi eng sirli va xavfli raqib - “Marsel”.
Frantsuz klubi o‘tgan mavsumni “Siti”ni EChLdan chiqarib yuborgan “Lion”dan tepada yakunladi. Shuningdek, mavsum avvalida PSJ ham marselliklar oldida ojiz qoldi.
Mag‘lub: Ole-Gunnar Sulsher
Necha yillik tanaffusdan so‘ng, “qizil iblislar” yana APL chempionligi uchun kurashga kirishmoqchi. Evromaydonda klub natijalari yana ko‘tarila boshladi. Bu yilgi tarkib ham birmuncha raqobatbardosh. Lekin qur’a…
Albatta, har qanday holatda ham “Manchester Yunayted” Evropa Chempionlar Ligasida katta nom hisoblanadi. Ammo amaldagi finalchi va uning yarim finaldagi qurboni bilan bir guruhdan joy olishni omad, deb bo‘lmaydi.
Ha, 2 yil avval manchesterliklar PSJni mo‘’jizaviy tarzda musobaqadan chiqarib yuborgandi. Ammo bu ularning ulkan mahoratidan ham ko‘ra, so‘nggi daqiqalarda belgilangan kutilmagan penaltining sharofati sanaladi.
“H” guruhidan chiqish uchun Sulsherga yulduzli tarkibi ham yordam bera olmaydi. Agar u murabbiylik hislatlarini to‘liq namoyon eta bilmasa…
Mag‘lub: “Ayaks”
Amsterdamliklar EChL yarim finaliga etib borgan 2019 yil bahoridan buyon ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi. So‘nggi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol orqali turnirni ko‘z yoshlar bilan tark etgan bolakaylarning aksariyati hozir boshqa klublar sharafini himoya qiladi. Aksiga olib, qur’a ham ularni birmuncha qiyin ahvolga solib qo‘ydi.
Serjino Destni ham boy bergan “Ayaks” akademiyasidan o‘rinbosarlar topa olishi aniq. Ularni katta futbolga qanday tayyorlash Erik Ten Xagning o‘z qo‘lida. U buni bir necha bor uddaladi.
Ular o‘tgan mavsumning ikki ma’nodagi “syurpriz”lari bilan to‘qnash keladi. Nimchorak finaldayoq ishtirokini to‘xtatgan haybatli “Liverpul”, debyut mavsumidayoq chorak finalgacha etib kelgan, sal bo‘lmasa PSJni shu bosqichda qoldirib ketay degan “Atalanta”.
Ha, ushbu vaziyatda “Ayaks” mag‘lub obrazida. Ammo g‘alaba biz - muxlislar tomonda!
Mag‘lub: “Real”
Zidan murabbiy sifatida 4-titulini qo‘lga kiritishi uchun o‘tgan mavsumda hech qanday imkoniyat bo‘lmadi. Guruh bosqichini PSJdan keyingi o‘rinda yakunladi. Nimchorak finalda esa, “qaymoqranglilar”ni “Manchester Siti” kutib oldi. Mehmondorchilik Varan hisobidan!
“Qirollik klubi”ga qur’alar omadsiz kela boshladi. Balki, shu uchun ham “Barselona” muxlislari “Real”ga oson raqiblar tushayotganidan nolimay qo‘ygandir.
Guruh peshqadamligi uchun “Inter”ga qarshi kechadigan bahs ancha qiziqarli bo‘lishi aniq. “Qari bilganni pari bilmas” deganlaridek, Konte boshliq “nuroniylar” klubi “Real”ga qarshi nimadir qilishga urinib ko‘radi.
Ha, Zidan jamoasi guruh favoriti. Ammo ushbu guruhdagi g‘alabalar “Real”ga yolg‘onchi taskin bo‘lib qolish ehtimoli yo‘q emas.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar