
EChL tarixida eng ko‘p g‘olib bo‘lgan futbolchilardan tashkil topgan ramziy jamoa bilan tanishing
Ko‘plab futbol yulduzlari EChL oltin medallarini orzu qilayotgan bir paytda, ularning boshqa hamkasblari sovrinni yana bir bor qo‘lga kiritish uchun kurash olib bormoqda. Bugun aynan shunday futbolchilardan iborat ramziy jamoani e’tiboringizga havola etadi. Demak, joriy mavsumda "shalpangquloq"ni boshqalarga nisbatan ko‘proq boshi uzra ko‘targan charm to‘p ustalari bilan tanishing!
Darvozabon: Keylor Navas (PSJ; Kosta-Rika) — 3 ta chempionlik.
Turnir tarixida faqat Xuanito Alonso ("Real" Madrid) 4 marotaba chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan. Keylor Alonsoning rekordini yangilashi mumkin. Buning uchun Parij klubi bilan "ko‘hna qit’a"ning tengsiz jamoasiga aylanishi shart. Eng qizig‘i shundaki, buning uchun Navas birinchi navbatda 3 ta sovrinni qo‘lga kiritgan sobiq jamoasini musobaqadan chiqarib yuborishi kerak.
Himoyachilar: Dani Karvaxal ("Real"; Ispaniya) — 4 ta chempionlik.
2013 yilda Dani Madridga qaytdi. Germaniyadagi omadli mavsumdan so‘ng, qahramonimiz qatorasiga 5 ta EChLning 4 tasida zafar quchishga muvaffaq bo‘ldi. E’tiborlisi shundaki, Karvaxal o‘zi ishtirok etgan barcha final o‘yinlarini asosiy tarkibda boshlagan.
Serxio Ramos (PSJ; Ispaniya) — 4 ta chempionlik.
"El-Kapitano" ham barcha finallarni "Real" safida to‘liq o‘tkazibgina qolmay, ikki marotaba gol ham kiritgan. "Atletiko" darvozasini boshi bilan ishg‘ol qilgan himoyachi jamoasini muqarrar mag‘lubiyatdan qutqarib qolgani yodingizdan ko‘tarilmagani aniq. Hozirgi jamoasida uni ishlari ko‘ngildagidek ketmayapti. Ramos Chempionlar ligasida Parij jamoasi uchun maydonda bir daqiqa ham ko‘rinish bermadi.
Rafael Varan ("Manchester Yunayted"; Frantsiya) — 4 ta chempionlik.
O‘tgan yozda Rafa 5-chempionlik ilinjida "Manchester Yunayted" a’zosiga aylandi. To‘g‘ri, bugungi "qizil iblislar"ni g‘oliblik uchun asosiy da’vogar deb bo‘lmaydi, ammo bu musobaqada hamma narsa bo‘lishi mumkin. Har holda, tarkibda sensatsiya qilishga qodir ijrochilar etarlicha.
Marselo ("Real"; Braziliya) — 4 ta chempionlik.
Katta ehtimol bilan braziliyalik himoyachi shu mavsum yakunida butsalarini mixga iladi. U faoliyatini yuqori notada yakunlamoqchi. Buning uchun xalqaro maydondagi 5-g‘alaba ajoyib sabab bo‘lishi mumkin.
Yarim himoyachilar:Toni Kroos ("Real"; Germaniya) — 4 ta chempionlik.
Toni ilk bor "Bavariya" safida shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, "Real"ga o‘tgach, bu ishni yana 3 marotaba takrorladi. Qahramonimiz Kazemiro va Modrich bilan birgalikda sayyoramizning eng kuchli yarim himoyasini tashkil etdi. Ushbu uchlik hozir ham "qirollik klubi" uchun naf keltirishda davom etmoqda.
Luka Modrich ("Real"; Xorvatiya) — 4 ta chempionlik.
Luka ham 4 ta finalni to‘liq o‘tkazgan. To‘g‘ri, Luka gollar kiritmagan, ammo 2014 yildagi Ramos boshi bilan golga aylantirgan burchak to‘pini xorvatiyalik yarim himoyachi o‘yinga kiritgan edi. Tan oling, yodingizda emas edi-a?
Mateo Kovachich ("Chelsi"; Xorvatiya) — 4 ta chempionlik.
Aslida, yarim himoya to‘liq "Real" a’zolaridan tashkil topishi mumkin edi, biroq Kovachich bunga yo‘l qo‘ymadi. Xorvat sovrinlarni 3 tasini "Real" bilan qo‘lga kiritgan. O‘sha davrda Kovachich asosiy tarkib futbolchisi bo‘lmagan. O‘tgan mavsumda esa Mateo "Chelsi"ning asosiy figurasiga aylangan holda turnir g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Shu g‘alaba sababli u Evropa chempionlar ligasi tarixidagi eng yaxshi 30 futbolchidan biriga aylandi.
Hujumchilar:Lionel Messi (PSJ; Argentina) — 4 ta chempionlik.
Tarkibdagi "Real"ga aloqasi bo‘lmagan yagona futbolchi. Leo barcha g‘alabalarini "Barselona" bilan birgalikda qo‘lga kiritgan. 2005/06 yilgi mavsumda Messi asosiy yulduz bo‘lmagan, biroq qolgan 3 ta chempionlikni uning yordamisiz kataloniyaliklar qo‘lga kiritmagan bo‘lar edi.
Karim Benzema ("Real"; Frantsiya) — 4 ta chempionlik.
Frantsuz 4 ta finalni asosiy tarkibda boshlagan bo‘lsa ham, faqat so‘nggisida gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan. U ham bo‘lsa, Loris Kariusning sovg‘asidan so‘ng. Benzema o‘sha davrlarda "Real"ning muhim futbolchisi bo‘lgan bo‘lsa, hozir chinakam etakchiga aylangan. Bugungi "qaymoqranglilar"ni Karimsiz tasavvur qilish imkonsiz.
Krishtianu Ronaldu ("Manchester Yunayted"; Portugaliya) — 5 ta chempionlik.
"Krish" o‘zining ilk "shalpangqulog‘"ini Moskvada 2008 yilda bo‘lib o‘tgan finalda qo‘lga kiritgan. U turnirdagi chempionliklar soni bo‘yicha faqat afsonaviy Pako Xentodangina orqada xolos. CR7 bu borada ham rekord o‘rnatmoqchi bo‘lsa, yana bir bor musobaqada zafar quchishi talab etiladi.
Murabbiy: Karlo Anchelotti ("Real"; Italiya) — 3 ta chempionlik
Bob Peysli, Zinedin Zidan bilan birgalikda Karlo ota ham Evropa chempionlar ligasining eng sovrindor murabbiylaridan biri sanaladi. Italiyalik mutaxassis g‘alabalarining 2 tasini "Milan" bilan qo‘lga kiritgan.
Ya . U
Fikrlar