Egor Krimets: «Faqat chet el chempionatiga ketish emas, balki tayyor holda ketib, yurtimizni munosib namoyon etish muhim»
SPORTS.uz eksklyuziv intervyusi
SPORTS.uz sayti eksklyuziv intervyularni davom ettiradi. Galdagi suhbatdoshimiz – «ProSport Management» kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy vakili, sobiq futbolchi - Egor Krimets.
– Avvalo, bu ishni qanday boshlaganingiz haqida aytib bersangiz.
– Joriy yil mart oyida German Tkachenko taklif bilan chiqdi. Shu vaqtga kelib men futbolchilik faoliyatimni yakunlagan edim. Ko‘p o‘ylamay, qaror qabul qildim. Ordan ko‘p o‘tmay, Moskvada «ProSport Management» rahbari va kompaniyaning O‘zbekistondagi ofisini oldin boshqargan Kahhor Muminov bilan uchrashdik. Kelajak rejalari va ish uslublarini muhokama qildik. Hozirda kompaniyaning O‘zbekistondagi rasmiy vakili sifatida ish boshladim.
– Sizning ishingiz nimadan iborat?
– Avvalo, futbolchilarimizga eng yuqori darajada professional xizmat ko‘rsatish. Bu juda ko‘p sohani o‘z ichiga oladi: shartnoma tuzish, har bir o‘yinni tahlil qilish, maishiy masalalarda yordam berish, ularga professional muhit yaratish. Deyarli mijozlarimiz bilan «birga yashaymiz» desa bo‘ladi. Shu bilan birga yangi iste’dodlarni izlayapmiz. Mamlakatimizda iqtidorli yigitlar ko‘p, ammo yangi bosqichga chiqish uchun ular katta mehnat qilishlari kerak.
– Ilk transfer oynasida faol ishtirok etdingiz. Taassurotlar qanday?
– Rostini aytsam, milliy jamoada debyut qilgandek hayajonlandim. Deyarli 10 ta transferda faol ishtirok etdim. Bu men uchun yangi tajriba va o‘sish imkoniyati bo‘ldi. Qolimdan kelganicha futbolchilarimiz va kompaniyamizga foydali bo‘lishga harakat qildim. Biz har doim futbolchilarga variant taklif etamiz. Oxirgi qaror esa ularniki. Biz faqat yordam beramiz – bu ish uslubimiz.
– Asosiy futbolchilaringiz Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev haqida nima deya olasiz?
– Hozir futbolchilarning barcha fikri jahon chempionatiga tayyorgarlik va yaxshi ishtirok etishda. Eldorga ko‘p klublar qiziqdi, lekin eng jiddiy qiziqishni Turkiyaning «Bashakshexir» klubi (City Football Group tarkibida) bildirdi. Ular shu vaqtda Abbosga ham e’tibor qaratdi va ijobiy hisobotdan so‘ng unga ham taklif kiritishdi. Ikkalasi bir klubga o‘tgani moslashishni engillashtiradi. Lekin yangi chempionat va mamlakatga ko‘nikish uchun vaqt kerak. Biz ularga ishonamiz – albatta uddalashadi.
– Qaysi transfer eng ko‘p vaqtingizni oldi?
– Aslida, sodir bo‘lmagan, lekin muhim bo‘lgan transferlar haqida aytmoqchiman. Masalan, Daler To‘xsanov va Rustam Fominga bir nechta klublar, jumladan TsSKA qiziqdi. Biz ularga xorijiy klubga o‘tishdan avval mahalliy chempionatda yuqori darajada o‘ynash kerak, deb hisobladik. Oxir-oqibat ular hozircha o‘z klubida qolib, milliy jamoada o‘zini ko‘rsatishi lozim degan qarorga keldik.
- Xorijdan qiziqish katta. Masalan, KAA Gent Aziz To‘lqinbekovga qiziqdi, «Al-Ittihod» yosh iqtidorli futbolchilardan ikkinchi jamoa tuzmoqchi. Avstriyaning «LASK» klubi 2004/2005 yilgi ko‘plab futbolchilarni tahlil qildi. Brentford tarkibiga kiruvchi xolding esa Aziz Xolmuradovga qiziqdi, lekin Ispaniyaning uchinchi divizionidan boshlashni taklif qildi. Biz bu variantni futbolchilar darajasi uchun to‘g‘ri topmadik.
- Chet elga chiqish uchun tayyorgarlik zarur – kamida ingliz tilini bilish, professional bo‘lish va yuqori talab hamda mas’uliyatga tayyor turish kerak.
Akmal Mozgovoyning o‘tish jarayoni haqida
– U rostdan ham xorijda o‘ynab ko‘rmoqchi edi. Biz kelishuvni tayyorladik, lekin emirat klubi «Nasaf»ga pulini bir yo‘la to‘lay olmadi. Biz moliyalashtirish manbasini topdik va kelishuvni amalga oshirdik. Akmal – juda yuqori darajadagi futbolchi, yangi chempionatda o‘zini albatta ko‘rsatadi.
– Bu transferlardan agentlik qanday daromad oldi?
– Raqam aytmayman. Rostini aytsam, futbolchilarimizga talab ko‘pchilik o‘ylagandek baland emas. Asosiysi – chetga ketish emas, balki qachon ketish. Chunki har bir o‘tish – o‘zbek futboli uchun mas’uliyat va uning imijini shakllantirish. Xusanov, Eldor va Abbos bu ishni uddaladi. Lekin boshqalarda unday bo‘lmadi. Jahon chempionatiga chiqish katta yutuq, lekin xorij chempionatiga o‘tish oson emas. Agar milliy jamoa xalqaro maydonda sensatsiya ko‘rsatganida, bu jarayon engillashardi.
– Yosh futbolchilar professionallik jihatidan sizning avlodingizdan ustunmi?
– Rostini aytsam, hozirgi yoshlar imkoniyat jihatidan ancha yaxshi. Ular to‘g‘ri ovqatlanish, individual mashg‘ulotlar va ko‘plab manbalardan foydalanish imkoniyatiga ega. Bizda esa bu muammo edi. Biz nafaqat ularni kuzatamiz, balki ular bilan professionallik haqida suhbatlashamiz, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltiramiz. Bu yoshda eng muhimi – futboldan chalg‘imaslik.
– Noyabr oyidagi mundialdan nima kutayapsiz?
– Eng avvalo, munosib ishtirok. Bu jamoa tarkibida ko‘p iqtidorli futbolchilar bor. Ular orasida mijozlarimiz ham etarlicha. «Kichik mundial» – futbol yarmarkasi kabi. Mashhur klublar skautlari turnirni boshidan oxirigacha kuzatishadi. Barcha sharoit yaratilgan – yigitlarimizga maydonga chiqib, o‘zlarini ko‘rsatish qoldi.
– Kelgusidagi rejalaringiz qanday?
– Avvalo, qishki transfer oynasiga tayyorgarlik. Bizni katta ish kutayapti. Umid qilamanki, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatidan so‘ng yana ko‘proq ishlar bo‘ladi. Rostini aytsam, men bundan qo‘rqmayman, chunki ishimdan zavq olaman.



Fikrlar