
Engilmas “monstr” Ahmadalievdan qocholmaydigan bo‘ldi!
Butunjahon boks assotsiatsiyasi ikki superbokschi – yaponiyalik Naoya Inoue va o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliev o‘rtasida jang tashkil etishga qaror qildi.
Xalqaro tashkilot engilmas yapon jangchisiga o‘z chempionlik kamarini avstriyalik Sem Gudmandan himoya qilishiga ruxsat berdi. Biroq Inouega jiddiy shart ham ham qo‘yildi.
Agar u o‘z kamarini muvaffaqiyatli qila olsa, to‘rt oy ichida Murodjon Ahmadaliev bilan jang o‘tkazishi belgilandi.
Inoue va Gudman o‘rtasidagi chempionlik jangi 24 dekabr kuni Tokioda tashkil etiladi. Inoue hozirga qadar professional ringda 28 ta jang o‘tkazib, barchasini o‘z foydasiga hal qilgan. 25 ta jangda raqiblarini nokautga uchratgan.
O‘z navbatida, WBA Murodjon Ahmadalievga ham shart qo‘ydi. Unga ko‘ra, hamyurtimiz Inoue bilan jangda ishtirok etishi uchun 14 dekabrga belgilangan vaqtinchalik titul uchun to‘qnashuvda meksikalik Espinoza Frankoni mag‘lub etishi talab qilinadi.
29 yoshli Murodjon Ahmadaliev professional ringda 12 ta jangda zafar quchgan, raqiblarini9 marotaba nokaut qilgan va bir marta imkoniyatni boy bergan. Uning bo‘lajak jangdagi raqibi Espinoza hisobida 30 ta g‘alaba (25 ta nokaut) va to‘rtta mag‘lubiyat bor.
Ta’kidlash joizki, Murodjon Ahmadaliev Naoya Inoueni bir necha marotaba o‘zaro jang qilishga chorlagan edi. Biroq yaponiyalik bokschi takliflarga javob qaytargani yo‘q.
Fikrlar