Ertalab pul, tunda kontrakt?! Yosh futbolchilar, soxta agentlardan ehtiyot bo‘ling!

  • 13 mart, 2021, 09:05
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Barcha yosh futbolchilar Evropaning kuchli jamoalarida to‘p surishni orzu qiladi. Yaxshi maosh, zo‘r mashina va katta uy. Har qanday sportchining orzusi. Aynan shu omildan so‘nggi paytlarda firibgarlar foyda olishni yo‘lga qo‘yib olayotgani achinarli…

Tecno

18 yoshli Jo Bret Angliyaning 8 divizionida to‘p surar edi. Har qanday yosh futbolchi singari u ham kuchliroq chempionatda o‘ynashni orzu qila boshladi. Ana shunday kunlarning birida, begona shaxs unga ijtimoiy tarmoq orqali xabar jo‘natdi. Nomada firibgar o‘zini futbol agenti sifatida tanishtirgan va Joni Portugaliyaning «Belenensesh» ko‘rigiga olib bormoqchi ekanligini ma’lum qilgan. Yaqindagina ish joyini yo‘qotgan yigitcha uchun bu taklif lotereyadan yutuq chiqqandek tuyulgani aniq.

Ular videoaloqa yordamida suhbat qurishadi. Ertasi kuni soxta agent Bretga agent va mijoz o‘rtasida tuzilishi kerak bo‘lgan hujjatlarni yuboradi. Unga ko‘ra, safar va boshqa xarajatlar uchun yosh futbolchi 910 funt to‘lab berishi yozilgan edi. Agent bu summani yaqin 3 sutka ichida qaytarib berishini hujjatga qo‘shib qo‘ygani uchun Bret shubhalanib o‘tirmadi. Do‘stlaridan qarz oldi va o‘zini Kovalski, deb tanishtirgan shaxsning hisob raqamiga ushbu summani o‘tkazib berdi. Bir necha soatdan so‘ng, futbolchi «Instagram»da soxta agent uni qora ro‘yxatga tiqib qo‘yganini payqadi…

O‘tgan yili FIFPro slovakiyalik firibgar Martin Koys haqida ma’lumotlar e’lon qildi va undan ehtiyot bo‘lish kerakligini oshkor qildi. Koys litvalik yosh futbolchini «Parma» klubi akademiyasiga olib kirib qo‘yish maqsadida kattagina summaga «tushirgani» ma’lum bo‘ldi. Jabrlangan futbolchi qonun himoyachilariga arz qildi. Qidiruv va surishtiruv ishlariga ko‘ra, Martin Koys bu sohada eng uddaburonlardan biri ekan. Yuqorida angliyalik Jo bilan bo‘lgan voqea ham aynan shu insonning qo‘li bilan sodir etilgan. Shunchaki, u o‘zini Kovalski, deb tanishtirgan.

Evropada shov-shuv ko‘tarilgach, Slovakiya futbol federatsiyasi o‘z mamlakatida litsenziya bilan faoliyat olib borayotgan barcha agentlarning ism-familiyasi tushirilgan rasmiy bayonot bilan chiqdi. FIFProning ma’lum qilishicha, bu hozir futbol olamidagi global muammoga aylanib borayotgan masala.

Evropa davlatlaridan farqli o‘laroq, Filippin, Zimbabve, Finlyandiya, Litva, Liberiya, Gana, Avstraliya, Paragvay va boshqa davlatlarda soxta futbol agentlari soni tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, Afrika davlatlarida bu odatiy tusga kirgan. Kambag‘allikdan qutilishning yagona yo‘li sanalgan futbolga bo‘lgan e’tibor ulkan. Yosh yigitlar o‘z qishloqlarini, shaharlarini, keyinroq mamlakatni tark etish uchun  agentlarga katta summa to‘lab berishi lozim. Ular qandaydir bahonalar bilan ularning pullarini undirish uchun har narsaga tayyor. Aslida, Evropaning rivojlangan davlatlarida ham bunday holat ko‘p uchraydi, ammo yosh futbolchilar buni oshkor qilishdan uyaladi. Shu bois, 1000 evroning bahridan o‘tib qo‘yishadi.

Aslida, barcha aldanishi mumkin, biroq ko‘proq yoshlarni tuzoqqa tushirish osonroq. Yosh, iqtidorli futbolchilarga ijtimoiy tarmoqlar orqali 2-3 ming evro evaziga Evropa klublaridan birida ko‘rikdan o‘tishni taklif etish mumkin. Ularning aksariyati oldindan pul to‘lamasligi mumkin, biroq barchaning ijtimoiy kelib chiqishi har xil. Nisbatan badavlatroq, yoki ishonuvchan oila o‘z farzandining kelajagi uchun bu pullardan bemalol voz kechishi mumkin. Ko‘pincha, yoshi katta futbolchilar bunday qing‘ir ishdan qochib qolishni uddalaydi. Misol uchun 37 yoshli Federiko Muxen «The Sun» uchun bergan intervyusida shunday voqea qurboni bo‘lishiga sal qolgani haqida so‘zlab bergan edi.

«Menga BAA klubida ko‘rikda bo‘lishni taklif qilishdi. Yiliga 1 million dollarga yaqin maosh taklif etishdi. Buning evaziga, agentlik 2,500 dollar o‘z ulushini oldindan olmoqchiligini ma’lum qildi. Men avval ko‘rikdan o‘tay, keyin bu summani to‘lab berishimni aytdim. Unga bunday o‘yinlarni ko‘pini ko‘rganimni va pul undirish uchun odam tanlashda adashganini aytdim.»

Bu voqea taniqli futbolchi – Mesut O‘zilning agenti tomonidan juda chiroyli ta’riflangan. Erkut Sogutuning aytishicha, bunday shaxslar futbol olamida muammolar keltirib chiqaradi:

«Bunday yaramas insonlar sababli ko‘plab futbol agentlari zarar ko‘rmoqda. Odamlar bizga ishonmay qo‘ygan. Eslab qoling, haqiqiy agent hech qachon futbolchi bilan aloqaga chiqmaydi. Ayniqsa, yosh futbolchilar bilan. Professionallar birinchi navbatda, uning murabbiyi yoki ota-onasi bilan suhbatlashadi.»

Bunday holat Rossiyada ham ko‘p kuzatiladi. Misol uchun, 2018 yildagi JCh paytida 30 ga yaqin futbolchi katta summaga zarar ko‘rgan. Rossiyalik agentlar mamlakat uchun viza bekor qilinganidan foydalangan holda, afrikalik yosh futbolchilarni turli klublar ko‘rigida bo‘lishi uchun chorlagan. Ulardan yo‘l va boshqa xarajatlar uchun avvaliga 1000, ko‘p o‘tmay 3000 dollardan pul olishgan. Yakunda, soxta agentlar 100 000 dollardan ortiq foyda bilan «qora qit’a»dan kelganlarni aldab ketishgan.

Mundial yakunlangach, ularni mamlakatdan chiqarib yuborishgan. Dodini kimga aytishni bilmaganlar indamay ortga qaytib ketishdan boshqa chora topa  olmagan. Ularning aksariyati hali-hamon o‘z uyiga etib olgani yo‘q. Cho‘ntaklari bo‘shab qolgani uchun, boshqa yumushlarni bajarib pul jamg‘arish bilan band.

Yaqindagina futbolchilarning huquqini himoya qilish xalqaro assotsiatsiyasi vakillari feyk agentlardan ehtiyot bo‘lish chora-tadbirlarini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, yosh futbolchi va uning ota-onasi quyidagi 6 ta «oltin» qoidaga amalga qilishi kerak.

  1. Hech qachon agentga kontrakt imzolanishidan avval pul to‘lamaslik lozim
  2. Yuzma-yuz ko‘rishgan va suhbatlashgan agentlar bilangina hamkorlik qilish kerak
  3. Agentning litsenziyasi bor-yo‘qligi bilan qiziqish lozim
  4. Hech qachon agent bilan yurist maslahatisiz shartnoma imzolamaslik kerak
  5. Ushbu agent haqida klub rasmiylaridan ma’lumot olishni unutmang
  6. Futbolchilar huquqini himoya qiluvchi mamlakatdagi agentlik bilan aloqaga chiqing

Ha aytgancha, Jo Bret hali-hamon Kovalskiga bergan 910 funtini undira olmadi. Agar uning ahvoliga tushib qolishni istamasangiz, yuqorida olti qoidaga amal qiling!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!