Shomurodov “uchdi”!

  • 2 noyabr, 00:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovning Evropada o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan Turkiya Superligasidagi “parvozi” davom etmoqda.

Tecno

Legionerimiz yozda Italiyaning “Roma” klubidan “Istanbul Bashakshehir”ga o‘tishi bilan yangi ligaga juda tez moslasha oldi.

Istanbulliklar jamoa muvaffaqiyatlarini ta’minlash uchun bosh murabbiylikka Nuri Shaxinni olib keldi. Bu mutaxassis asosan nemis futbolida “pishgan”. Futbol sir-asrorlarini asosan Dortmundning “Borussiya” klubida o‘rganib, shu jamoaning yulduziga aylangan Nuri Shaxin keyinchalik Niderlandiyaning “Feyenoord”, Ispaniyaning “Real Madrid”, Angliyaning “Liverpul”, Germaniyaning “Verder” va Turkiyaning “Antalyaspor” jamoalarda to‘p tepdi.

Murabbiylik faoliyatini “Antalyaspor”da boshlab, 2024-2025 yillar davomida “Borussiya Dortmund”ni boshqarib, tajriba to‘pladi.

Nuri Shaxinga “Istanbul Bashakshehir”ni yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoaga aylantirish vazifa topshirilgan. Bu vazifani uddalash jarayonida Eldor Shomurodov yangi murabbiyning eng ishongan va suyangan o‘yinchisiga aylanib qoldi.

Buni raqamlarda ko‘rib chiqamiz. “Istanbul Bashakshehir” chempionatning o‘n bitta uchrashuvida uchta g‘alaba, to‘rttadan durang va mag‘lubiyat qayd etgan. G‘alabalarning barchasi Nuri shaxin kelganidan keyin qo‘lga kiritildi. Ushbu uchrashuvlarning hammasida Eldor Shomurodov natijaga ta’sir o‘tkazgan.

“Fotih Karagyumryuk” maydonidagi o‘yinda 30 yoshli hujumchimiz jamoadoshiga golli pas uzatib, jamoasining 2:0 hisobidagi muvaffaqiyatiga hissa qo‘shdi. “Antalyasport” bilan bo‘lgan safar bahsida Eldor avval birinchi bo‘lib to‘p kiritdi, keyin ikkinchi goli bilan hisobni 4:0 ko‘rinishiga olib keldi. Nihoyat, “Istanbul Bashakshehir”ning o‘z maydonidagi birinchi g‘alabasini ham o‘yin oxirida penaltidan gol urgan Eldor Shomurodov ta’minladi.

Shomurodovning “Alanyaspor” darvozasiga kiritgan goli esa, durang natijani ta’minlab, istanbulliklarga bir ochko keltirdi.

Bundan tashqari, hamyurtimiz Turkiyaning eng mashhur klublari – “Beshiktosh” va “Galatasaroy”, shuningdek, “Konyaspor” jamoalari darvozabonlarini ham ojiz qoldirdi. Biroq Eldorning bu gollari “Bashakshehir”ni bu o‘yinlarda mag‘lubiyatdan qutqarib qola olmadi.

“Istanbul Bashakshehir” bosh murabbiyi Nuri Shaxin nufuzli manba – beIN SPORTS saytiga bergan intervyusida o‘zbekistonlik legionerning jamoadagi o‘rnini alohida tilga oldi.

- Biz sekin-asta o‘zimiz mo‘ljal qilgan o‘yin uslubiga yaqinlashib kelyapmiz. Buni nafaqat men, balki hamma ko‘rib, bilib turibdi.

Eldor Shomurodov – ajoyib inson va zo‘r o‘yinchi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroga ham rahmat, jamoamiz o‘yiniga tashrif buyurdi, u bilan suhbatlashish imkoni bo‘ldi.

Menga Eldor Shomurodovdek charm to‘p ustasi bilan ishlash katta mamnuniyat bag‘ishlamoqda, - dedi Nuri Shaxin.

Eldor Shomurodov Turkiya Superligasida ishtirok etayotganidan buyon hozirgacha o‘tkazilgan 11 ta turning barchasida maydonga tushib, ettita gol va bitta assist muallifi bo‘ldi.

Kannavaro Shomurodov o‘yinini ko‘rgani borganiga Turkiyada qanday munosabat bo‘ldi?

Gvardiola Husanov maydonga qaytganidan keyin yana ikkita yangilik aytdi

Husanovga “Siti”ning afsonaviy sardori kuchli maslahat berdi!

Shomurodov Turkiyada to‘purarlar poygasida birinchi o‘ringa ko‘tarildi

Bugun Shomurodov yana gol urishi kerak, Fayzullaev esa...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!