
Farg‘onada kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi
Uch kun davomida Farg‘ona shahri mezbonlik qilgan kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatida respublikamizning barcha hududlaridan kelgan kuchli polvonlar ishtirok etib, qanday mahoratga ega ekanliklarini namoyish qilishdi. Jami 15 ta vazn toifasi bo‘yicha kechgan bahslarga barcha polvonlar jiddiy tayyorgarlik bilan kelganliklari, musobaqaning nufuzini oshirish barobarida uni yanada qiziqarli va murosasiz o‘tishini ta’minladi.
Musobaqaning so‘nggi kunida og‘ir vaznli ishtirokchilar gilamga chiqdi. Ayollar o‘rtasida -87 kg vazn toifasida Surxondaryo viloyati vakilasi Yulduz Muhammadieva xorazmlik Rahimaxon Yo‘ldoshevani halol bahosi bilan mag‘lubiyatga uchratdi. -87 kg dan yuqori vazn toifasida esa poytaxtlik Sanam Erkinboeva qashqadaryolik Obida Almado‘stovaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Erkaklar o‘rtasida -100 kg hamda undan yuqori vazn toifalarida gilamga chiqqan polvonlar o‘rtasidagi bellashuvlar ham ishqibozlarning diqqat markazida bo‘ldi. Unda nomdor polvonlarimizdan qashqadaryolik Sherali Jo‘raev hamda Surxondaryo vakili Muhsin Hisomiddinov shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Musobaqa yakunida g‘oliblar tantanali taqdirlandi. O‘zbekiston chempionatida kuchli uchlikdan joy olgan sportchilarga medal, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, musobaqada faollik ko‘rsatgan bir guruh sportchilar va hakamlar ham federatsiyaning mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Fikrlar