
Farg‘onada yana vodiy derbisi. Statistik raqamlar qanday?
O‘zbekiston Superligasining 21-turidan o‘rin olgan uchrashuvda “Navbahor” Farg‘onada “Neftchi” mehmoni bo‘ladi. Mazkur jamoalar O‘zbekiston chempionatlarining Superliga (oliy liga) bahslarida shu kungacha o‘zaro 59 marta uchrashishgan.
Ushbu o‘yinlarning 26 tasida farg‘onaliklar g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, 15 tasida “Navbahor” zafar quchgan, 18 ta bahsda esa klublar durangga imzo chekishgan. To‘plar nisbatidagi ko‘rsatkich – 82-58, “Neftchi” foydasiga. O‘zaro uchrashuvlarda farg‘onaliklar 96, namanganliklar esa 63 ochkoni qo‘lga kiritishgan.
Mazkur jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarda 5 marta yirik hisob qayd etilgan. “Neftchi” 1995 va 1997 yillarda Namanganda 3:0, 2000 hamda 2001 yillarda esa Farg‘onada 4:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Navbahor” 2004 yili Farg‘onada 3:0 hisobida zafar quchgan.
Mazkur klublar o‘rtasidagi eng sermahsul bahs 2010 yilgi mavsumda Farg‘onada bo‘lib o‘tgan hamda unda darvozalarga 7 ta to‘p kiritilgan. O‘sha o‘yinda “Neftchi” 4:3 hisobida g‘alaba qozongan.
Ta’kidlash joizki, Farg‘ona jamoasi 2018 yili o‘z tarixida ilk marta Superliga (oliy liga)ni tark etdi va 3 yillik tanaffusdan so‘ng, yana elitaga qaytdi.
Ushbu jamoalar o‘rtasida Farg‘onada o‘tkazilgan 29 ta uchrashuvning 22 tasida yo‘lbarslar”, 3 tasida “lochinlar”g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, 4 ta o‘yinda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati – 54:26, “Neftchi” foydasiga.
Ushbu klublarning joriy mavsumning 1-davrasida Namanganda bo‘lib o‘tgan bahsida vakillarimiz Filip Ivanovichning 90+3-daqiqada urgan goli evaziga 1:0 hisobida zafar quchishgandi.
"Navbahor" matbuot xizmati.
Fikrlar