
FIFA prezidenti jahon chempionatidan so‘ng yana bir yirik musobaqani har 2 yilda o‘tkazishni taklif qildi
FIFA prezidenti Janni Infantino jahon chempionatini har ikki yilda bir marta o‘tkazish g‘oyasi haqida gapirar ekan, Evropa chempionatini ham shunday formatda o‘tkazishni taklif qildi.
“Dastavval shuni aytmoqchimanki, jahon chempionatini har ikki yilda bir marta o‘tkazish mening taklifim emas. FIFA Kongressi a’zolarining 88 foizi, jumladan, Evropaning ko‘plab mamlakatlari bunday imkoniyatni o‘rganish bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish uchun ovoz berdi.
Biz juda jiddiy tadqiqot olib bordik, sport nuqtai nazaridan jahon chempionati har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi mumkinligi isbotlandi. Bu holatda terma jamoalar uchun o‘yinlar kamroq bo‘ladi, ammo ko‘p hissiyotlarni keltirib chiqaradigan o‘yinlarga ko‘proq guvoh bo‘lamiz. Xuddi shuningdek Evropa chempionati ham har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi mumkin.
Italiya jahon chempionatlarida juda ko‘p o‘ynaydi va bu turnir sport nuqtai nazaridan mamlakatga juda kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ammo ko‘pgina mamlakatlarda bunday imkoniyat yo‘q, chunki turnirga bor-yo‘g‘i 32 ta jamoa ishtirok etadi xolos.
100 yil muqaddam jahon chempionatini har to‘rt yilda bir marta o‘tkazilishiga qaror qilingan edi. O‘shanda futbol faqat dunyoning 40 mamlakatida - Evropa va Janubiy Amerikada o‘ynalgan. Bugungi kunda bizda 200 dan ortiq terma jamoalar mavjud. Bu holat hisobga olinishi kerak”, - dedi Infantino.
Fikrlar