FIFA sharhlovchini chempionatidan haydab yubordi
FIFA mutasaddilari paragvaylik sharhlovchi Xorxe Veraning akkreditatsiyasini bekor qildi. Bu haqida Ole nashri xabar berdi.
20 iyun kuni Paragvay terma jamoasi "JCh-2026"ning ikkinchi turida Turkiyaga qarshi bahsda minimal hisobda g‘alaba qozondi – 1:0.
Biroq uchrashuv atrofidagi asosiy bahs o‘yin natijasi emas, balki birinchi bo‘lim oxirida ro‘y bergan vaziyat bo‘ldi. Hakam Ivan Barton Migel Almironni maydondan chetlatdi. Futbolchi og‘zini qo‘li bilan berkitgan holda turkiyalik Mert Myuldyurga murojaat qilgani uchun qizil kartochka oldi. Jahon chempionati boshlanishidan oldin raqibga og‘zini berkitib murojaat qilish uchun maydondan haydash qoidasi joriy etilgan edi.
Ushbu qarordan qattiq hayajonlangan Xorxe Vera jonli efirda keskin bayonotlar bilan chiqdi.
«O‘g‘ri, o‘g‘ri, o‘g‘ri. Barton, sen o‘grisang. Sen futbolni o‘ldirding. FIFA, sen futbolni o‘ldirding. Infantino, buning uchun javobgar sensan. O‘g‘rilar. Ular bizdan bir o‘yinchini tortib olishdi. O‘g‘rilar. FIFA, futbolni mana shunday axlatga aylantirganing uchun javobgarlikni o‘z zimman ga ol. Alehandro Dominges, KONMEBOL rahbari sifatida sen biror ish qilishing kerak, jasorat top, Infantino bilan kamroq suratga tush. Laanat bo‘lsin bu o‘g‘rilarga. Jahon chempionatida shunday manzarani ko‘rishimiz kerakmi? Bu sharmandalik», – degan Vera efirda.
Oradan ko‘p o‘tmay, jurnalist o‘z so‘zlari uchun omma oldida uzr so‘radi. Shunga qaramay, ABC telekanali uni jahon chempionatiga bag‘ishlangan barcha dasturlardan olib tashlashga qaror qildi.

Fikrlar