"Final sari ikki qadam qoldi" yoxud Viktor Karpenko va "Buxoro" qahramonlik ko‘rsatdi

  • 28 avgust, 18:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogi choorak finalida "Buxoro" Toshkentda "Bunyodkor"ga qarshi uchrashuvda 2:4 hisobida g‘alaba qozonib, yarrim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan so‘ng "Buxoro"ning vaqtinchalik bosh murabbiyi Viktor Karpenko matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgani haqida klub matbuot xizmati bayon etdi.

Tecno

- O‘yin haqida fikringiz?

- Juda quvnoq o‘yin ko‘rdik. Oltita gol urildi. Bir so‘z bilan aytganda, Kubokka xos uchrashuv bo‘ldi. O‘yin muxlislarga yoqdi, deb o‘ylayman. “Bunyodkor” ham, biz ham faqat keyingi bosqichni ko‘zlab maydonga chiqqandik. Lekin omad biz tomonda bo‘ldi va g‘alaba qozonib yarim finalga chiqdik.

- Umuman boshqa “Buxoro”ni ko‘rdik. Jamoangiz tinmay hujum uyushtirdi. Bunday ishtiyoq qaerdan paydo bo‘ldi?

- Tarkibimiz yaxshi futbolchilardan tashkil topgan. Men o‘yindan oldin jamoamizdagi o‘yinchilarga Kubokda g‘alaba qozonish yaxshi motivatsiya berishini hamda futbolchilik faoliyatda hamma ham sovrin yuta olmasligini ta’kidladim. Final sari ikki qadam qoldi va harakat qilsak bemalol o‘zimizni ko‘rsata olamiz. Futbolchilarimiz futbol o‘ynashni biladi, faqat o‘zlarini ishontira olishsa bas. Vaqt o‘tishi bilan yanada kuchayib boramiz. “Bunyodkor”ning kuchli tomonlarini bilardik. Jamoa yosh va futbol o‘ynashni yaxshi ko‘radi.

- Azizbek Amonov “Buxoro”dagi eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatdi, degan fikrdamiz. Siz bu borada nima deya olasiz? Uning sobiq jamoasiga qarshi to‘p tepishi qo‘shimcha kuch berdimi?

- Amonov avvalgi o‘yinda ham yaxshi harakat qilgandi. Bugun esa yanada yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Amonov bejizga o‘z vaqtida terma jamoaga chaqirilmagan. U futbol o‘ynashni biladi. Unga ham o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch kerak. Shunda yanada yaxshi harakat qila oladi. Agar shunday to‘p tepishda davom etsa, hali yana terma jamoaga chaqiriladi.

- Yarim finalda kim bilan duch kelishni xohlaysiz?

- Biz farqi yo‘q, chunki yarim finalda kuchsiz raqib bo‘lmaydi. Kim tushmasin, o‘zimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Balki boshqalarning “Buxoro”ga qarshi tushgisi kelar. Shunday bo‘lsa ham mayli. Biz maydonga chiqib o‘zimizning futbolni namoyish etamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!