Flik “Barsa” o‘yinchilardan norozi
“Barselona”ning germaniyalik bosh murabbiyi Xans-Diter Flik La Liga doirasida “Sevilya”dan 1:4 hisobida uchralgan mag‘lubiyatni hazm qila olmayapti.
Sport.es va Catalunya Ràdio kabi manbalarning yozishicha, Flik bu bahsdan keyin klubda futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga mas’ul bo‘lgan murabbiylar bilan shaxsan gaplashib olishga qaror qildi.
Manbalarning qayd etishiga ko‘ra, nemis murabbiyi “Barselona” o‘yinchilarining jismoniy tayyorgarlik darajasi mavsumning ayni paytdagi qismiga umuman to‘g‘ri kelmayotganidan norozi. Ayniqsa, Pedrining jismoniy holati o‘tgan mavsumdagidan ancha pastligi savollarni keltirib chiqarmoqda.
Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiylar futbolchilarga ish jarayonida juda past darajada yuklama berayotgani aytilmoqda. Bu o‘yinchilarning charchab qolishiga va o‘yin davomida intensivlikni oshira olmayotganiga sabab bo‘layotgan ekan.
Flikning rejasi bo‘yicha jamoa o‘yinchilar mart oyida individual sport formasining cho‘qqisiga chiqishi kerak. Biroq ishlar hozirgidek davom etsa, bosh murabbiy kutgan jarayon umuman amalga oshmasligi ehtimoli katta.
Fikrlar