Fyuri-Joshua jangida kimning imkoniyati yuqori? O‘zbekistonlik boks olami vakillari javob berdi

  • 1 may, 2021, 00:01
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Hozirgi kunda professional boks olamidagi eng shov-shuvli voqea og‘ir vazn toifasidagi ikki britaniyalik chempion Tayson Fyuri hamda Entoni Joshua o‘rtasidagi jangning tashkil qilinishi bo‘lmoqda, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Ha, ushbu to‘qnashuvga avgust oyida Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahri mezbonlik qilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shubhasiz, butunjahon bo‘ylab har ikkisining muxlislari ko‘plab topiladi. Qiziqish yuqori va jang shiddatli o‘tishi turgan gap. Har ikkisi zamonamizning eng kuchli og‘ir vazn toifasi vakillari hisoblanadi. Shuning uchun ham ularning jangidan avval birortasining imkoniyatini yuqori baholash qiyin.

Shunday bo‘lsa-da, o‘zbek boks olami vakillarining fikr va mulohazalariga qiziqdik.

Zufar Sulaymonov – murabbiy

- Eng ko‘p kutilmagan natijalar og‘ir vazn toifasida kuzatiladi. Chunki vazn og‘ir va zarba kuchi ham shunga yarasha bo‘ladi. Ayniqsa, Tayson Fyuri va Entoni Joshuadek bokschilar ringda to‘qnash kelganda har qanday vaziyat yuz berishi mumkin. Ikkisi ham yuqori “klass”dagi charmqo‘lqop ustalari sanaladi. Bekorga barcha kamarlarni o‘zlariniki qilib olishmagan. Shunday bo‘lsa ham, biroz Tayson Fyurida imkoniyat yuqoriroqdek nazarimda... Chunki unda yaxshi texnika, zarba bor va shunga qo‘shimcha ravishda zarba ham ko‘tara oladi. Joshuaning Endi Ruis bilan bo‘lgan birinchi jangi unda zarbani qabul qilish, his qilish borasida biroz muammo bordek taassurot uyg‘otdi. Albatta, bu nisbiy tushuncha! Lekin bunday janglarda kichik elementar kamchiliklar ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

zufar aka_1

Bobur Najmiddinov – murabbiy

- Bu jangda kimning imkoniyati yuqori ekanligini aytish juda mushkul. Ikkisi ham ajoyib sport “forma”sida va jang qiziqarli o‘tishi aniq. Nisbatan Tayson Fyurida bu jangni o‘z foydasiga hal qilish imkoniyati yuqori, deb bilaman. Sababi, unda vazniga nisbatan tezlik va yuqori texnika mavjud.

bobur

Farrux Muhiddinov – bloger

- Tayson Fyuri juda tezkor va chidamli bokschi sanaladi. Biroq Joshuaning bir zarbasi jang taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin. Nazarimda 7-9 raundlar oralig‘ida Entoni Joshua g‘alaba qozonadi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim!

farrux

Abror Tursunpo‘latov – murabbiy

- Tayson Fyuri Joshuani osonlikcha mag‘lub etadi, degan fikrdaman. Joshua ham ajoyib atlet. Lekin Fyuri ikkinchi jangda Deotey Uaylderni shunday urib tashladiki, shaxsan menda Joshuani ham mag‘lub eta olishiga hech qanday shubha qolmadi. Agar, Fyuri yaxshi “forma”da bo‘lsa, uni yaqin orada hech kim mag‘lubiyatga uchrata olmaydi, deb o‘ylayman.

abror aka

Bahodir Jalolov – bokschi

- Bu borada biror fikr bildirishni o‘zi qiyin. Bu og‘ir vazn toifasi va bunda bitta zarba jang taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin. Texnik jihatdan Fyuri ustunroq bo‘lsa ham, Joshuaning jismoniy holati ajoyib darajada. Yuqorida ta’kidlaganimdek, bitta zarba barchasiga yakun yasashi mumkin. Qisqa qilib aytganda, barchasi ringda hal bo‘ladi.

Baxodir_1

Quvonch Tayg‘onboev – murabbiy

- To‘g‘risi, juda qiyin masala! Ikkisi ham hozirgi kundagi eng kuchli bokschilar hisoblanadi. Biroq Fyuri noodatiy jangchi va unda imkoniyat yuqori, degan fikrdaman.

kuva_1

A’loxon Abdullaev – bokschi

- Bir-biriga juda mos raqiblar. Ular o‘rtasidagi jang anchadan beri kutilmoqda va shunga yarasha juda qiziq o‘tishi aniq. Men bu to‘qnashuvda Joshua g‘alaba qozonsa kerak, degan fikrdaman. Albatta, bu shaxsiy fikrim.

aloxon

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!