Gimnastika. Ulug‘bek Ro‘ziqulov O‘zbekiston gimnastika federatsiyasining raisi etib saylandi

  • 18 iyun, 2023, 12:50
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Gimnastika
BEPUL PROPAN

Kecha O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston gimnastika federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov (onlayn), MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov, Go‘zal Mo‘minova boshchiligidagi federatsiya mutasaddilari, gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktablari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni Oybek Omilovich ochib berar ekan, dastavval konferentsiya mohiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, federatsiyaning avvalgi rahbari boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan tashkilotga yangi rais saylash konferentsiya kun tartibidagi asosiy masala ekanini ta’kidladi. MOQ Bosh kotibi ushbu lavozimga federatsiya bosh homiysi “O‘zavtosanoat” AK boshqaruv raisi Ro‘ziqulov Ulug‘bek Ubaydullaevich nomzodini ilgari surdi. Konferentsiya qatnashchilari bir ovozdan ushbu nomzodni qo‘llab-quvvatlashdi va U.Ro‘ziqulov O‘zbekiston gimnastika federatsiyasining raisi etib saylandi.

O‘z navbatida, Ro‘ziqul Ubaydullaevich bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, Prezidentimizning “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash, mavjud muammo va masalalarni hal etish, gimnastika rivojini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini ta’kidladi. Shuningdek, u hududlarga e’tiborni yanada kuchaytirish, viloyatlardagi moddiy-texnik bazani kuchaytirish, sportchilarni har tomonlama rag‘batlantirish kabi masalalarga ham to‘xtaldi.

Tadbir davomida federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Go‘zal Mo‘minova Prezident Qarori bo‘yicha federatsiya miqyosida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Sh.Mahmudov federatsiya rahbarini yangi lavozimga saylangani bilan tabriklab, unga sportchilarimizning Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtiroklarini ta’minlash kabi mas’uliyatli vazifalarni bajarish yo‘lida kuch-quvvat tiladi. Shuning bilan, federatsiyaning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi o‘z ishini yakunladi.

Manba: MOQ

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!