
Grizmann dilemmasi: “Atletiko”da yulduzlik yoki “Barsa”da Messi soyasi bo‘lish? (Erkinjon G‘aybullaev blogi)
Hammasi yana qaytadan boshlanmoqda. “Atletiko Madrid” “Barselona”ga qarshi o‘tkazgan o‘yini oldidan klub etakchisi – Antuan Grizmanning “Barsa”ga o‘tishi borasidagi transfer mish-mishlari yana “bolalay boshladi”. Frantsiyalik hujumchi uchun bu har yili takrorlanadigan holatga aylanib ulgurdi.
O‘tgan yili yozda ham “matroschilar”ning asosiy yulduzi “Kamp Nou”ga ko‘chib o‘tishiga juda yaqin qolgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Ko‘plab katalon OAV ham bu transfer deyarli hal qilingani haqida yozishgandi. Muhimi kataloniyaliklar uni, u esa kataloniyaliklar safiga o‘tishni istagandi.
“Ko‘k-anorranglilar” futbolchi uchun 100 million evro to‘lashi ham bong urilgandi. Biroq parda ortidagi ishlar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Oxir-oqibatda u o‘z jamoasida qoldi. Uning qolish haqidagi qarori Jahon Chempionati boshlanish arafasida xujjatli filmda barchaga eshittirildi.
Yarim soatlik videoning xulosa qismida u “qolaman” deya tilga oldi. “Atletiko” muxlislariga jon kirdi. Ammo bu transfer mish-mishlari poytaxt jamoasi muxlislarini ancha jahlini chiqardi. Mavsum avvalida uni ba’zilar xushtakbozlik bilan qarshi olishdi.
Uning Evropa Ligasi bosh sovriniga ega chiqishi ehtimol uni qolishga undagandir. Garchi Chempionlar Ligasini yutmagan bo‘lsada, Grizmann 2014-yilda “Atletiko”ga kelib qo‘shilganidan beri faqatgina Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritgan edi. Ammo klub va futbolchi uchun bosh maqsad – Chempionlar Ligasi bosh sovrini bo‘lib qolmoqda. Bu mavsum har qachongidan ham yaxshiroq imkoniyat edi. Boisi ular final uchrashuvini “Vanda Metropolitano”da qo‘lga kiritishni juda-juda istashgandi.
Ammo ortiq bunday emas. Balki Grizmannda “Barsa” safida EChLni yutishi yaxshiroq imkoniyatdir? Albatta, u ko‘plab sovrinlar yutishni istaydi. Ammo u shubhasiz “Barsa”da Lionel Messi soyasi ostida qolib ketadi. O‘tgan yili Kanal Plyus kanalini nega u erga ko‘chib o‘tmagani haqidagi savolga, “bora olardim” deya javob qaytardi.
O‘sha intervyuda, u bir necha jamoadoshlari uyiga kelib uni qolishga ko‘ndirishganini aytdi. Hatto Diego Simeone ham. Bu unga ta’sir qilganini e’tirof etdi.
Kamiga, pul faktori ham ta’sir qilmay qo‘ymadi. Klub unga ayni vaqtda barcha soliq to‘lovlaridan keyin yiliga 20 million evro maosh bermoqda. Bunday yirik pullarni u “Barselona”da hech qachon ishlab topolmasligi aniq.
Jamoa joriy mavsumni UEFA Superkubogini yutish bilan boshladi. Biroq Qirol Kubogi va EChL qo‘ldan chiqarildi. La Liga ham boy berildi. “Kamp Nou”dagi g‘alabagina ularning chempionlikka bo‘lgan umidlarini saqlab qolishga yordam berardi. Ammo bunday bo‘lmadi.
O‘zining Kataloniyaga ko‘chib o‘tishi borasidagi gap-so‘zlarga, “charchadim” deya javob qaytardi. Klub prezidenti Enrike Cherezo esa “U klubni tark etmaydi, 1000 %” – dedi o‘tgan hafta. Ammo Jordi Mestrening Neymar haqida ishonch bilan aytgan gaplarini yodga olaylik. “Neymar 200 % bilan aytaman, “Barsa”ni tark etmaydi” – degandi.
Amalda braziliyalik futbolchi ketdi, ammo u “PSJ”da yaxshiroq hayot kechiryapti deb aytolmaymiz.
“Kamp Nou”dagilar esa uning o‘rniga bir emas, ikkita o‘rinbosar olib keldi. O‘sib borayotgan Dembele va moslasha olmayotgan Koutinolar Neymarning o‘rnini to‘ldirishga urinishmoqda.
Ammo, shu bilan birga Luis Suaresning faoliyati poyoniga etib borayotganligi tufayli “ko‘k-anorranglilar” to‘purarga bo‘lgan ehtiyoji ham oshib bormoqda. Urugvaylik hujumchi 32 yoshda va oldingide emas. Oldin bunday imkoniyat yo‘q bo‘lgan bo‘lsa, hozir Grizmanning yuksak iqtidoriga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgandek.
Frantsuz futbolchisi yana qiyin tanlov oldida qolgan. Endi, “Barsa”dagilarning ko‘pi uni istashmayapti. “Kamp Nou”ga yig‘ilganlar unga nisbatan xushtakbozlik qilishdan ham torttinishmadi. O‘yindan oldingi matbuot anjumanida ham Ernesto Valverde unga ehtiyoj yo‘qligini tilga oldi.
Fikrlar