
Habibni o‘ylantirib qo‘ygan Ronaldu va ruhlantirgan Ibrahimovich
SPORTS.uz taniqli UFC jangchisi – Habib Nurmagomedov va Krishtianu Ronalduning do‘stligi haqida fikr yuritadi.
«Men uchun Krishtianu barcha zamonlardagi eng yaxshi futbolchi. Bu inson 2004 yildayoq, Evropa chempionatining finaliga qadar etib borgan. Afsuski, u greklarga finalni boy bergan. Aynan o‘sha yildan beri u dunyoning eng kuchli futbolchilari ro‘yxatidan tushib ketgani yo‘q. 17 yildan buyon u to‘purarlar ro‘yxatini boshqarib kelmoqda. Bunday darajaga erishish uchun shunchaki fantastik sportchi bo‘lish talab etiladi!», - deb Habib Nurmagomedov Ronalduga ta’rif beradi. UFCdagi engilmas jangchi Krish bilan yaxshi aloqalar o‘rnatganini bir necha bor ta’kidlab o‘tgan.
Ular 2016 yilda tanishgan. UFCning sobiq chempioni futbol uchrashuvlarini tomosha qilish uchun ko‘p vaqt ajratadi. Hatto, so‘nggi paytlarda uning rus klublaridan birida futbolchilik faoliyatini boshlashi haqida mish-mishlar ham paydo bo‘ldi. U nafaqat o‘yinni tomosha qilish, balki u haqida fikr bildirishni ham xush ko‘radi.
«Futbol UFCdan yaxshiroq. Unda raqibga zarba berish yoki suyaklarini sindirishing kerak emas. Bu erda raqibni bo‘g‘ish shart emas. MMA va UFCni avvallari tomosha qilar edim, biroq hozir qiziqish deyarli yo‘q. Futbol esa, o‘zining jozibasi bilan meni maftun etishda davom etmoqda. Bu erda, maydonga chiqasan va o‘z professional harakatlaring bilan qolganlarga zavq ulashasan. Bir qarashda oson, ammo futbol juda ham murakkab sport turi».
Aslida, Habib bir necha yillar avval, Ronaldu bilan do‘stlashgan. Ular ijtimoiy tarmoqlarda so‘zlashib turgan bo‘lsa-da, faqat 2018 yilga kelibgina uchrashishga muvaffaq bo‘ldi. 10 fevral sanasida Habib Madridga uchib keldi va sevimli jamoasining o‘yinlarini tomosha qildi.
O‘yindan so‘ng, ular uchrashishdi. Ronaldu o‘z futbolkasini Habibga sovg‘a qilgan bo‘lsa, Krishga Nurmagomedovning mashhur bosh kiyimi nasib etdi. Uchrashuv Madridning taniqli restoranlaridan birida davom ettirildi.
Oradan vaqt o‘tgach, rossiyalik jangchi portugaliyalik yulduz bilan qaysi mavzularda suhbat qurganini oshkor qildi.
“Men «Real»ning eski muxlislaridan biriman. Shuningdek, Ronaldu bilan ham yaxshi munosabatdaman. U bilan Madridda uchrashdik. Suhbatimiz davomida uning aytgan so‘zlari meni hayron qoldirdi. Ayniqsa, Messi borasida bildirgan fikri e’tiborga molik. Uning aytishicha, agar Leo bo‘lmaganida, u hech qachon hozirgi darajasiga chiqmagan bo‘lar ekan. Sog‘lom raqobatsiz hech qaerda o‘sish bo‘lmaydi. Krishning so‘zlarida jon bor. Ular bu borada 15 yildan beri bir-birini to‘ldirib kelmoqda.”
Habibni o‘ylantirib qo‘ygan voqea
Yaqindagina Habib Ronaldu bilan bo‘lib o‘tgan suhbatdan bir parchasini oshkor qildi. Nurmagomedov Ronalduning so‘zlaridan so‘ng, o‘ylanib qolganini yashirib o‘tirgani yo‘q.
«U bilan suhbatimiz davomida, motivatsiyani qaerdan kelishi haqida mavzu ochildi. Krishtianu o‘g‘li o‘zidan o‘tib ketishidan umidvor, ammo buni amalga oshishiga shubha bilan boqmoqda. U o‘g‘li bu ishni uddalay olmasligidan xavotirda. Gap shundaki, Krish o‘g‘lining yoshida sifatli butsaga ega bo‘lishni orzu qilar edi. Uning o‘g‘lida esa, barcha narsa mavjud. Ochlik insonni oldinga qadam tashlashga majbur qiladi. Qiyinchilik, kamchilik, etishmovchilik, orzular insonni o‘z hayotini boshqa tomonga burib yuborishga majbur qiladigan kuch. Katta ishlarga qo‘l urmoqchi bo‘lgan insonlarga motivatsiya juda ham muhim. To‘g‘risi, uning so‘zlaridan so‘ng, o‘ylanib qoldim. O‘z o‘g‘lining kelajagi uchun qayg‘urayotgan Ronaldu hech qachon biror bir sovrindan so‘ng, kurashdan chiqmasligi aniq. U hozirning o‘zida futbol tarixida eng ko‘p gol kiritgan futbolchiga aylanib bo‘ldi. Oldindagi 2-3 mavsum ichida, u gol kiritishdan to‘xtab qolmoqchi emas. Bu unda chinakam jangchilar xarakterining bor ekanligidan dalolat».
Umuman olganda, Habibning futbolchilar bilan aloqalari yaxshi. Ronaldudan tashqari, qahramonimiz Zlatan Ibrohimovich bilan ham do‘stona aloqada. Qahramonimiz o‘zining Dastin Porega qarshi jangidan avval yuborgan ovozli xabarini "KraSava" "YouTube" kanaliga qo‘yib bergan edi.
Zlatan muhim jang oldidan, Habibni ruhlantirishga uringan. Qahramonimiz ushbu ovozli xabarni o‘zi eshitgan eng ruhlantiruvchi noma, deb hisoblaydi.
«Inim, yaxshimisan? Hammasi joyidami? Men o‘yindan so‘ng, juda ham charchadim, biroq tajriba menga qo‘l kelmoqda. Insonlar men qanday mehnat qilayotganimni ko‘rmaydi. Ular faqatgina mening o‘yinlarimni tomosha qiladi va barchasi qo‘l ostimda ekanligidan hayron qoladi. Men og‘ir mehnat o‘z samarasini keltirishiga ishonaman. Barchasi sening miyangga bog‘liq! Hamma ma’lumotlar avval o‘sha erga boradi. Keyin, tananing boshqa qismlariga etib boradi. Agar o‘zingni yosh his qilsang, demak yoshsan! Agar o‘zingni boshqalardan kuchli deb hisoblasang, demak sen eng zo‘risan! Endi hammasini hayotda isbotlash qoldi xolos!
Agar o‘z sohangda birinchi raqamli bo‘lsang, atrofingdagilar sen haqingda yomon so‘zlar aytishni boshlaydi. Ular senga hasad qiladi va asabingga tegishga urinadi. Hech narsa samarasiz ketmaydi. Mehnat doimo yakunda g‘olib chiqadi. Xuddi sen kabi mehnat qilganlar, yo‘lidan chiqqan barchani yanchib tashlaydi. Sen Yaratgan bergan iqtidor uchun emas, balki og‘ir mehnatdan qochmaganing uchun ham barchani mag‘lub etyapsan. Sen Habib Nurmagomedovsan! Shuning uchun ham hech bir raqib sening oldingda boshini tik ko‘tara olmaydi!» 24 oktyabr sanasida Habib Dastin Poreni muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratdi. Jangdan so‘ng, qahramonimiz «Milan» hujumchisiga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Fikrlar