
Hozircha Abramovning ham qo‘lidan kelmayapti...
Superligada 19-tur bahslari o‘tkazilayotganidan xabardorsiz. 15 sentyabrdan boshlangan o‘yinlar 18 sentyabrga qadar davom ettiriladi. Shundan so‘ng chemponatimizda biroz tanaffus bo‘ladi. Chunki bu orada milliy terma jamoamizning yig‘ini bor. Klublar kichik tanaffusga yaxshi kayfiyatda chiqib ketish harakatidalar. Musobaqa jadvalidagi kurash ham tobora qizg‘in pallasiga kirib boryapti. Bizda o‘tkinchi o‘yinlar qolmagan. Barchasi juda ahamiyatli va natija har bir klub uchun ustivor vazifaga aylanib ulgurgan. Xoh autsayder, xoh peshqadam bo‘lsin, hech kimga oson bo‘lmayapti. Har bir bahs o‘ziga yarasha qiziqarli voqealarga ham boy o‘tyapti.
Bu turda yana bir o‘yin ko‘pchilikning e’tiborida turibdi. Bu Farg‘onaning “Neftchi” va Samarqandning “Dinamo” klublari ishtirokidagi o‘yindir. Og‘ir ahvolga tushib qolgan “Neftchi” mana uch o‘yindirki, endi raqiblaridan ochko tortib olyapti. 14 sentyabr kuni 16-turning qoldirilgan uchrashuvida Jizzaxda “So‘g‘diyona” bilan 0:0 hisobida durang o‘ynab qaytdi. Undan oldin ketma-ket ikki marta g‘alaba qozondi. Shu tariqa, Vitaliy Levchenko jamoasi turnir jadvalida 10-o‘ringa ko‘tarildi. Agar “Dinamo”ni yutsa yana yuqoriga ko‘tarilish imkoniyati bor. “Dinamo”da esa vaziyat o‘ta murakkab bo‘lib qolgan. Samarqandliklar 18 ta uchrashuvda 8 ochko jamg‘arib oxirgi o‘rinda. Undan bir pog‘ona yuqoridagi “Surxon” hisobida 13 ochko bor. Bu yil Superligani ikkita klub to‘g‘ridan-to‘g‘ri tark etadi va 12-o‘rin egasi pro ligada 3-o‘rin sohibi bilan pley-offda kuch sinashadi. Ana endi “Dinamo” qanday vaziyatda ekanini tasavvur qilib olavering. Bu klubni mutlaqo ochko yo‘qotishga haqqi qolmagan. Shunda ham jamoa faqat yutqazib kelyapti. To‘g‘ri, o‘tgan turda “Lokomotiv” maydonida bir ochko ishladi. Ammo bu etarli emas. Hattoki, uch ochko olganda ham joyida qolardi. Har bir o‘yin va har bir yo‘qotilayotgan ochkolar “Dinamo”ni borgan sari yana pro liga manzili tomon yaqinlashtiryapti.
Yaxshi bilasiz, klubni qutqarib qolish uchun bosh murabbiylikka Vadim Abramov olib kelindi. Hozircha uning boshchiligida “Dinamo” g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqani yo‘q. Vadim Karlenovich boshchiligidagi jamoa 3 mag‘lubiyat va 1 durang qayd etdi. Abramov ham tezroq “Dinamo”dagi dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritish ilinjida. Biroq bu ishni uddalash qanchalik qiyin bo‘lyapti-a? E’tibor beryapsizmi, Abramov samarqandliklarni Superligada saqlab qolish tugul hatto, ilk yutug‘iga erishishi hali ham cho‘zilyapti.
Bu safar Abramov sobiq klubi – “Neftchi”ga qarshi. “Dinamo”ga qanchalar og‘ir bo‘lmasin yutishga majbur. Duranglar ham allaqachon jamoa manfaati uchun xizmat qilmay qo‘ygan. Bu klub hali ham mavsumdagi dastlabki murabbiy – Rogan paytidagi g‘alaba bilan yuribdi. Undan keyin orada Andrey Shipilov ham bosh murabbiy rolida ishlab ketganini bilasiz. U ham eplolmadi. Endi navbat Abramovga va hozircha uning ham qo‘lidan kelmayapti. “Neftchi” bilan o‘yin Abramov va “Dinamo” uchun so‘zsiz final! Bundan keyin 7 ta tur qoladi. “Dinamo”ni qolgan turlarda kimlar kutayotganini bilasizmi? Unda eshiting: “Olimpik”, “Navbahor”, “Metallurg”, AGMK, “Nasaf”, “Surxon” va “Qo‘qon-1912”!
Har qanaqasiga “Dinamo” “Neftchi”ni yutishga majbur. Biz majbur deb aytyapmizu, biroq buni samarqandliklar maydonda qanchalik uddalay olisharkin? Aksiga olib “Neftchi” jamoasi o‘z o‘yinini topib oldi. Rosti, “Neftchi” mavqeini tiklash uchun “Dinamo”ni kutib turgan bo‘lsa ham ajab emas-a? Yuqorida aytganimizdek, agar “Neftchi” yutsa yana yuqoriga chiqib oladi. Maydonda ikki jamoa o‘rtasida ayovsiz kurash bo‘ladi.
Darvoqe, bu ikki jamoaning o‘zaro o‘yinlardagi statistikasi qanday? Shu paytgacha 47 ta o‘yin bo‘lib o‘tdi. Tabiiyki, katta ustunlik “Neftchi”da. Farg‘onaliklar 31 ta bahsda g‘olib chiqqan. “Dinamo” bo‘lsa 12 marta yutgan va 4 ta uchrashuv durang bo‘lgan. To‘plar nisbati 87x41. Lekin o‘zaro bellashuvlarda oxirgi uchta o‘yindan beri “Neftchi” yutolmayapti. Birinchi davrada Samarqandda 1:1 bo‘ldi. Undan keyin jamoalar 2017 yili to‘qnashishdi va o‘shanda ikkala uchrashuvda ham “Dinamo”ning qo‘li baland kelgan. “Neftchi” so‘nggi bor 2015 yilgi mavsumda samarqandliklar ustidan g‘alabaga erishgan. Ko‘rib turibsiz, bu yog‘i endi yanada qiziq. “Neftchi” “Dinamo”ga qarshi oxirgi uchta uchrashuvda muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Yangilangan Levchenko boshchiligidagi jamoa bu noxush seriyasiga chek qo‘yishi ham kerak bo‘ladi. “Dinamo”dagi holatni esa yuqorida bayon etdik. Abramov allaqachon men sehrgar emasman deb aytib bo‘lgan va yig‘ilgan tarkib ham uniki emas. Ammo unutmaslik kerakki, u “Dinamo”dagi vaziyatni bilib turib ishlashga rozi bo‘lgan. Uni hech kim majburlamagan. Shu bois mana shunday qiyin vaziyatda bosh murabbiy natija ko‘rsatishini muxlislar kutishyapti. Vaqt esa oz qoldi...
Fikrlar