
Husanov, do‘stingni tabriklab qo‘y!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” sharafini himoya qilayotganini inobatga olib, sports.uz portali ushbu klub faoliyatiga oid xabarlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qilishni davom ettiradi.
“Manchester Siti” rahbariyati o‘tgan yilgi inqirozdan keyin tarkibni qayta shakllantirish ishlarini jadal davom ettirmoqda. Xosep Gvardiola bu borada uchta yo‘nalishda ish olib boryapti.
Birinchisi, jamoaga yangi ijrochilarni jalb etish bo‘lib, u yanvar oyida Abduqodir Husanov transferini amalga oshirish orqali boshlangan. O‘zbek himoyachisi Manchesterga kelgan 20 yanvardan beri klub o‘z safiga Niko Gonsales, Juma Ba, Umar Marmush, Vitor Reys, Tijani Reynders, Rayan Ayt-Nuri, Rayan Sherki, Serre Nyupan va Jeyms Traffordni qo‘shib oldi.
Ikkinchi yo‘nalish yoshi o‘tib qolgan futbolchilar bilan xayrlashishga qaratilgan va hozirgacha Kevin de Bryuyne, Skott Karson, Kayl Uoker singari futbolchilar jamoani tark etib bo‘ldi. Yozgi transferlar oynasi yopilgunicha yana bir necha o‘yinchi boshqa klublarga o‘tishi kutilmoqda.
Shuningdek, uchinchi yo‘nalishda klub Xosep Gvardiolaning ishonchini oqlab kelayotgan o‘yinchilar bilan yangi bitim tuzishga qaratilgan. Xususan, “shaharliklar” jamoaning etakchi markaziy himoyachisiga aylangan Ruben Diashga yangi shartnoma berilishini ma’lum qildi.
Taniqli insayder David Ornshteynning xabar berishicha, “Manchester Siti” mutasaddilari Diash bilan muzokaraga kirishib, 28 yoshli o‘yinchini hamkorlikni davom ettirishga ko‘ndirgan. Portugaliyalik futbolchining amaldagi kelishuvi 2027 yilning yarmigacha tuzilgan edi. Unga uzoq muddatli shartnoma tayyorlanyapti.
Ta’kidlash joizki, Ruben Diash asosiy tarkib uchun kurashda Abduqodir Husanov bilan do‘stona munosabatga ega va shunga qaramay, asosi tarki uchun raqobatda hamyurtimizning asosiy raqobatchilaridan hisoblanadi. Hozirgi paytda himoya markazidagi ikki o‘rin uchun Diash va Husanovdan tashqari Manuel Akanji, Yoshko Gvardiol, Jon Stounz, Natan Ake da’vogarlik qilmoqda.
Ruben Diash 2020 yildan beri “Siti” a’zosi hisoblanadi. Manchesterliklar bu o‘yinchini qo‘lga kiritish uchun uni tarbiyalagan “Benfika” 71,6 million evro badal puli to‘lagan.
Xoland AQShga ketishi mumkinligini aytdi
“Manchester Siti”ning keyingi yillardagi asosiy to‘purari Erling Xoland futbolchilik faoliyatida kelajakda AQShda o‘ynashga tayyorligini bildirdi.
- Kelajak senga nimalar taqdim qilishini xech qachon oldindan bila olmaysan. Hozir Lionel Messi qilayotgan ishlar odamning aqlini shoshiradi. Xususan, Devid Bekxem ham shunday hayratlanarli ishlarga qo‘l urgan, - dedi Erling Xoland.
Norvegiyalik to‘purar yanvar oyida “Manchester Siti” bilan hamkorlikni 2034 yilning yarmigacha uzaytirdi. Biroq bu kelishuvda to‘purarga jamoani tark etish imkonini beruvchi bandlar borligi aytilmoqda.
Tobora kuchayib borayotgan MLS chempionatida AQSh va Kanada jamoalari ishtirok etadi. O‘z davrida Terri Anri, Kaka, Frenk Lempard, Ueyn Runi kabi Evropada porlagan yulduzlar MLS klublarida ham o‘ynagan edi. Ayniqsa, 2023 yilning yozida Lionel Messining “Inter Mayami”ga ko‘chib o‘tgani va hozirgacha bu klubda o‘ynayotgani mazkur musobaqaga e’tiborni yanada kuchaytirdi.
Hammasi tugadi! Husanovning ustozidan noxush xabar
Fayzullaev nega Evrokuboklarda o‘ynamayapti?
Gvardiola Husanov “g‘ajib tashlagan” yulduzni olib kelmoqchi
Fikrlar