
Husanovni “Manchester Siti”ga joylagan mutaxassis ishdan ketdi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov klublar miqyosidagi faoliyatini “Manchester Siti”da davom ettirayotgani bois o‘zbekistonlik muxlislar ushbu jamoaga oid xabarlarni alohida qiziqish bilan kuzatib bormoqda.
Sports.uz portali buni inobatga olgan holda “shaharliklar” atrofida bo‘layotgan qiziqarli ma’lumotlarni o‘quvchilar e’tiboriga havola qilishni davom ettiradi.
Abduqodir Husanovning 20 yanvarda Frantsiyaning “Lans” klubidan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgani 2025 yilning eng shov-shuvli transferlaridan biri bo‘ldi.
O‘tgan mavsumning birinchi yarmida o‘zbek himoyachisining “Lans” tarkibida Frantsiya ichki musobaqalari va xalqaro maydonlardagi uchrashuvlarida o‘z iste’dodini namoyish qila olgani unga bo‘lgan talabni oshirib yubordi.
Qishki transferlar oynasi arafasida va xaridlar mavsumi ochilganidan keyin Husanovga Evropaning top-ligalaridan yigirmaga yaqin klublardan qiziqish bo‘layotgani haqida xabarlar tarqatildi.
“Lans” rahbariyati transfer masalasini hal qilish uchun Abduqodir Husanovning ishini yuritishni tajribali agent Jorje Mendeshga topshirdi. Husanov uchun raqobatni “Manchester Siti” o‘z foydasiga hal qildi.
“Shaharliklar” bittada katta summa taklif qilib, ishni bitirdi. Manchester klubi yosh o‘yinchi uchun 40 million evro badal puli va yana 10 million evro bonus berishni taklif qilgani aytildi. Mana shu ishlarning boshida “Manchester Siti” sport direktori Chiki Begiristayn turgan edi.
Shu tariqa, Abduqodir Husanov Frantsiyadan zamonaviy futbol vatani Angliyaga ko‘chib keldi. Husanov Angliya Premer-ligasida o‘ynagan birinchi o‘zbek futbolchisiga aylandi. Angliya maydonlarida gol urgan ilk hamyurtimiz ham aynan Abduqodir hisoblanadi. “Top-5” ligalardan ikkitasida o‘ynagan yagona o‘zbek ham Husanovdir.
Abduqodir Husanov manchesterliklar sport direktori Chiki Begiristaynning eng oxirgi transferlaridan biri bo‘lib qoladi. Chunki “Manchester Siti” bu mutaxassis bilan xayrlashganini rasman e’lon qildi.
- Chiki Begiristayn klubdagi 13 yillik ajoyib faoliyatidan keyin “Manchester Siti” sport direktorligini rasman tark etdi, - deyiladi matbuot xizmati bayonotida.
60 yoshli ispaniyalik mutaxassis “Manchester Siti” sport departamentini 2012 yildan beri muvaffaqiyatli boshqarib kelayotgan edi. Begiristayn bu lavozimda ishlagan vaqtida jamoa jami 21 ta sovrinni qo‘lga kiritdi.
Biroq 2024 yili Begiristayn lavozimini tark etishi ma’lum bo‘lib ulgurgandi. Tajribali mutaxassis shu paytga qadar ishini Ugu Vianaga topshirdi. Yangi sport direktori bungacha 2018 yildan beri Portugaliyaning “Sporting” klubida sport departamentini boshqarib kelgan. Endi klubda futbolchi kadrlar masalasini Ugo Viana hal qiladi.
Fikrlar