
Ibragimovich: Mino biz buni uddaladik, sayohatimiz tugadi
Shvetsiya terma jamoasi hamda "Milan" klubi faxriy futbolchisi Zlatan Ibragimovich butun futbolchilik faoliyatini yakunladi. Uzoq yillar davomida Evropada yuqori tempda faoliyat olib borgan Ibragimovich kutilmaganda shu qarorni qabul qildi. Uning noodatiy gollari, xarizmatik va agressiv harakteri, shuningdek, yorqin faoliyati hali uzoq vaqt davomida muxlislarning yodida qolishi aniq. Karerasi davomida ko‘plab klublarda to‘p tepgan Ibragimovich faoliyatining eng yaxshi yillarini eslar ekan baribir ham "Milan"dagi davri o‘zgacha ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Yaxshisi, uning ta’sirli xatini o‘zingiz o‘qing.
Eslatib o‘tamiz, 41 yoli shved o‘g‘loni A Seriya 38-turi doirasida "Verona"ga qarshi bahsdan so‘ng faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi.
- "Hammasi orzu qilishdan boshlandi, imkonsiz narsani amalga oshirish mumkin bo‘lgan tushdan. Men Malmyoda tug‘ilganman, ammo bolaligim o‘tgan joy Amsterdam. Turinda esa ancha dunyoqarashim o‘sdi. Barselonada go‘yoki sherga aylandim. Italiyaga qaytib Milanda o‘zimni qatadan kashf eta boshladim. Parijda esa, boshqa qirralarimni namoyon etdim. Manchesterda ancha asabiy bo‘lgan bo‘lsam, Los-Anjelesda birmuncha dam oldim. Ammo Milandagi xotiralarim meni Italiyaga qaytishga undadi.
- "Milan" meni futblchi sifatida yaratgan klub. Faoliyatimni yakunlar ekanman, men hech ham havotirda emasman. Chunki, sherdek qalbga ega futbolchilar ko‘p, ularning barchasining ko‘zlarida olov bor.
- Barchaga rahmat. Mino (Rayola) biz buni uddaladik, sayohatimiz tugadi (Ma’lumot uchun, marhum Rayola Zlatanning agenti hisoblangan). Hammasi ajoyib o‘tdi. Seni sog‘inib qoluvchi Zlatan", deb Instagramda post yozdi futbolchi.
Hujumchi faoliyati davomida "Malmyo", "Ayaks", "Yuventus", "Inter", "Barselona", "Milan", PSJ, "Manchester Yunayted" va "Los-Anjeles Geleksi" klublarida o‘ynagan.
Zlatan butun futbolchilik karerasi davomida 827 o‘yinda ishtirok etib, 496 ta gol hamda 204 ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Shuningdek, u 5 karra Italiya, 4 karra Frantsiya, shuningdek, Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ham zafar quchgan. Nostandart gollari bilan ajralib turuvchi Ibra bir marotaba "Pushkash"ni ham yutgan.
Uni ko‘pchilik harakteri tufayli tanqid qilgan. Maqtanchoqlik hislatini qoralashgan. Biroq yuqoridagi statistikani o‘qib, shunday hulosaga keldim. Bu - maqtansa argizulik karera. Salkam 25 yil yuqori tempda, hatto, karerasining so‘nggi yillarida ham. Shunchaki afsona!
Fikrlar