
Igor Taran: Muxlislarning "Taran g‘uzorlik" deyishlari menga yoqardi
Asli toshkentlik bo‘lsa-da, faoliyatining katta qismini voha tomonlarda o‘tkazgan futbolchi sifatida nom qozongan Igor Taranni muxlislar yaxshi eslashadi. Uning ayniqsa, «Sho‘rtan»da o‘tkazgan yillari va o‘yinlari orqali tanilganini alohida aytsak arziydi. Umuman olganda, Taran «Sho‘rtan»dan tashqari yana bir qator jamoalar sharafini himoya qilgan va qaysi klubda o‘ynashidan qat’iy nazar u doimo ishqibozlarning yoqimli futbolchisiga aylanardi. Natijada Igorga muxlislar hurmat bilan munosabatda bo‘lishardi. Har kimga ham bunday e’tibor nasib qilavermasa kerak. Ammo oxirgi paytlarda u biror klubda ko‘rinmay qo‘ydi. So‘nggi bor «Neftchi» jamoasida to‘p surganini bilamiz. Shundan keyin esa Taran haqida biror-bir ma’lumot eshitmagandik. Keyin bilsak, u o‘zini murabbiylikka bag‘ishlashga qaror qilibdi. Shu orqali butsalarini mixga ilgan holda o‘zini asosan murabbiylikda sinab ko‘rmoqda. Sobiq futbolchi bilan bog‘langanimizda bir qator yoqimli damlarini esga oldi.
Taran endi murabbiy!
- Yoshim ham 36 ga qarab ketayotgandi. Ochig‘ini aytsam, futbol o‘ynab to‘ygandim, - deya gap boshladi, Taran. - Shuning uchun menda ko‘proq murabbiylik faoliyatimni boshlash istagi kuchli edi. Natijada «S» litsenziyasiga o‘qidim. Endi buni bosqichma-bosqich bajaraman va kelasi yili «V» litsenziyasiga o‘qiyman. Hozircha yoshlarga murabbiylik qilyapman. Baribir futbol ichidaman. Hech qachon bu sport turidan uzoqlashib ketmaganman. O‘zim futbolchi bo‘lganim uchun navbatdagi qadam sifatida murabbiylik bilan shug‘ullanishim kerakligini tushunib etganman. Qo‘pol qilib aytganda, futboldan boshqasini bilmayman. Toshkentdagi futbol maktabida do‘stim Ilya Klikunov bilan birgalikda bolalarga murabbiylik qilyapmiz. Bilasizmi, murabbiylikka o‘tganingizdan keyin dastlabki qadamlarni albatta bolalar futbolidan boshlash kerak bo‘ladi. Mening murabbiylikdagi niyatlarim katta. Vaqti kelib, katta jamoalarga murabbiylik qilmoqchiman. Buning uchun vaqt va amaliyot kerak. Futbolni tugatiboq birdaniga o‘z-o‘zidan murabbiy bo‘lib qolmaysiz. Shu boisdan men ham bu sohadagi ilk qadamlarni tashladim.
Futbolchilik faoliyatidagi oxirgi jamoasi
- So‘nggi bor Farg‘onada «Neftchi» klubida to‘p surdim. Ushbu jamoaga o‘sha paytdagi bosh murabbiy Bahrom Haydarov chaqirgandi. Jamoa yomon emasdi, hattoki terma jamoa a’zolari ham bor edi. Lekin elitada qolish uchun bizga ochkolar etmay qolgandi. Shunda ham quyi ligaga tushib ketganimizga qaramasdan, tushkunlikka tushmasdan yangi maqsadlar sari yana elitaga qaytishni istayotgandik. Shunga yarasha jamoa ham chakki emasdi. Nosir Otaqo‘ziev, Ruslan Melziddinov kabi futbolchilar bor edi. Baribir «Neftchi»da muammolar to‘liq barham topmagandi. Ustiga-ustak mavsumni g‘alaba bilan boshlay olmadik. Jamoaga ham e’tibor yaxshi emasdi. Keyin esa jamoada yoshlar o‘ynasin deya biz «Neftchi»dan ketgandik. Ochig‘i, klubda muammolar borligi uchun natija ko‘rsata olmayapti.
Faoliyatida katta ahamiyat kasb etgan «Sho‘rtan»
- 35 yoshga kirgan bo‘lsam, 14 yil davomida «Sho‘rtan» jamoasida to‘p surganman. Men G‘uzorga 17 yoshimda borganman va shundan so‘ng u erda qolib ketganman. «Sho‘rtan»ni o‘zimning jamoam deya olaman. Maydoni ham xuddi o‘zimnidek bo‘lib qolgan. Muxlislari haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Xuddi o‘z uyimda o‘ynayotgandek bo‘lardim. Ko‘pchilik esa «Taran g‘uzorlik» deb o‘ylashardi. Odamlarning bunday gaplaridan xursand bo‘lardim. Katta futbolni «Sho‘rtan»da boshlaganman. Faoliyatimning oxirlarida ham shu klubda o‘ynadim. Doim o‘zimni G‘uzorda qulay his qilganman. O‘zim toshkentlik bo‘lsam-da, «Sho‘rtan» ikkinchi uyim bo‘lib qolgan. Boshqa klubga ketgan taqdirimda ham baribir bir-ikki yil o‘tmasdan yana G‘uzorga qaytib kelaverardim. Doimgidek u erda yaxshi o‘ynab, gollar urardim. Qaerda bo‘lsam ham menga «Sho‘rtan»dan takliflar bo‘lavergan. Albatta, bu klubdan tashqari «Andijon», «Neftchi», «Qo‘qon-1912», «Nasaf», «Bunyodkor» singari klublarda to‘p surganimdan xursand bo‘lganman. Ammo asosiy tramplin «Sho‘rtan» orqali boshlanganligini unutmayman.
Igorning faoliyatidagi ko‘tarilish
- «Sho‘rtan»da o‘ynab to‘purar bo‘lganimdan so‘ng meni «Bunyodkor»ga taklif qilishdi. Mirjalol Qosimov qo‘l ostida Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynadim. O‘zbekiston chempioni va Kubogi sohibiga aylandim. O‘sha paytda adashmasam, 7-8 ta gol urgandim. «Bunyodkor»da raqobat kuchli bo‘lardi. 2014 yilgi mavsum uchun ham «Bunyodkor» menga yangi shartnoma taklif qilgandi. Lekin u paytlarda yoshroq bo‘lganim uchun rosa o‘ynashni xohlardim. Mana shunday paytda Ro‘ziqul Berdiev «Nasaf»ga chaqirdi. Yoshligimda Berdiev kabilarning o‘yinini ko‘rib katta bo‘lganmiz. Natijada yana Qashqadaryoga qaytganman. Xudoga shukr, «Nasaf»da ham yomon bo‘lmadi. OChLda ishtirok etdik va chempionatda uchinchi o‘rinni oldik. Hech qachon faoliyatimdan afsuslanmayman. Menda afsuslanish holatlari bo‘lmagan. Qaysi jamoalarda o‘ynagan bo‘lsam, doim yaxshi xotiralar qolgan. Ayniqsa, hamma vaqt muxlislar bilan munosabatim a’lo darajada bo‘lgan. O‘yinim o‘xshamagan paytlarda ham afsus qilmaganman.
O‘rnak oladigan murabbiylar
- Faoliyatim davomida adashmasam, 20 taga yaqin murabbiylar bilan ishlaganman. Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov, Edgar Gess, Igor Kriushenko, Rauf Inileev…Men hammasini hurmat qilaman. Birga ishlagan murabbiylarning hammasidan o‘zim uchun ozgina-ozginadan nimalarnidir o‘rganganman. Chunki to‘plagan tajribalarim keyinchalik o‘zim murabbiylik qilganimda asqotishini sezganman. Masalan, Agamurodov taktika bo‘yicha zo‘r edi, Gess esa tartib-intizom bo‘yicha kuchli hisoblanardi. Shunga yarasha boshqa mutaxassislarning ham o‘ziga yarasha ustun tomonlari bo‘lgan.
Fikrlar