
Ikki legionerimizdan biri Evropada ilk sovringa ega bo‘ladi!
Belarus futboli o‘zbek futbolchilari uchun omad keltiradigan ligaga aylanib qoldi. O‘tgan mavsumda “Shaxtyor” bilan birga chempionlikni tantana qilgan Jasur Yaxshiboev Belarus futbolida o‘ziga xos iz qoldirganidan keyin, yanada kuchliroq liga – Polsha chempionatining etakchi jamoasiga ko‘chib o‘tdi.
Yangi mavsumda Belarusning ikki qudratli klubi – “Shatxyor” va BATEda asosiy rollarni legionerlarimiz – Shahzodbek Ubaydullaev va Shahboz Umarov o‘ynashi kutilmoqda. Jasur Yaxshiboev o‘rniga soligorskliklar jamoasiga taklif etilgan Shahzod Ubaydullaev mavsumoldi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida gol urish hadisini olganini namoyish qilib, o‘rtoqlik uchrashuvlarida to‘rtta to‘p kiritdi.
BATE etakchisiga aylanishi kutilayotgan Shahboz Umarov esa Belarus futbolining past-balandini yaxshi biladi. Bu legionerimiz uchun boshlanayotgan mavsum avvalgisidan har tomonlama yaxshi bo‘lishi kerak.
Ikki futbolchimizdan biri yangi mavsumni yangi sovrin bilan boshlashi kutilmoqda. Chunki oliy liga o‘yinlaridan avval, o‘tgan mavsum qahramonlari – chempion va kubok sohibi Belarus Superkubogi uchun o‘zaro bellashadi. Ma’lumki, o‘tgan mavsumning so‘nggi uchrashuvi, oxirgi daqiqalarida “Shaxtyor” chempionlikni BATEdan tortib olgan bo‘lsa, borisovliklar mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan edi.
Har ikki jamoa mavsumning ilk sovrini olish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. Hal qiluvchi to‘qnashuv ham shunga yarasha keskin va murosasiz ruhda o‘tadi.
BATE 2010 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan Belarus Superkubogi rekordchisi hisoblanadi. Borisovliklar 2020 yilgacha uzluksiz o‘n marta superkubokning hal qiluvchi bahsida ishtirok etgan va etti marta sovrinni o‘ziniki qilgan. “Dinamo-Brest” ikki bor, “Gomel” bir marta superkubokni BATEdan tortib olgan.
Tarixi davomida ikkinchi marta Belarus chempioni bo‘lgan “Shaxtyor” Superkubok uchun uch bor maydonga tushib, hal qiluvchi bahslarning barchasini boy bergan. Soligorskliklarni ikki marta BATE va o‘tgan yili “Dinamo-Brest” armonda qoldirgan edi. “Dinamo-Brest” ketma-ket uch marta Superkubokni yutdi. Lekin bu gal kubok egasi o‘zgaradi.
Belarus futbol federatsiyasi 2021 yilgi mamlakat Superkubogi uchun bahs 2 mart kuni “Minsk” futbol klubi stadionida bo‘lib o‘tishini belgiladi.
Uchrashuvni Amin Kurgxeli boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqaradi.
Belarus Superkubogi bahsi oldidan mutaxassislarning aksariyati BATEning imkoniyatini yuqori baholamoqda. Chunki borisovliklarning soligorskliklar bilan o‘tgan yili chala qolgan hisob-kitobi bor. BATE oxirgi uchrashuvda chempionlikni qo‘ldan chiqargani va Jasur Yaxshiboev jamoasi tarixiy oltin medalga ega bo‘lganini yaxshi eslaymiz.
“Shaxtyor” Superkuboklarda qora an’anaga ega. Soligorskliklar hach qachon bu sovrinni ola bilmagan. Tarkib borasida ham ustunlik borisovliklar tomonida.
Shunga qaramay, Belarusning eng nufuzli nashri – “Pressbol” saytidagi so‘rovda ishtirok etayotgan muxlislarning 51,6 foizi bu galgi bahsda “Shaxtyor”ning qo‘li baland kelishini taxmin qilmoqda.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, biz ushbu uchrashuvda futbolchilardan chiroyli o‘yin kutib qolamiz. Biz uchun muhimi esa, har ikki jamoada o‘zbekistonlik legionerlarning etakchi rollarda bo‘lishidir. Shahzod g‘olib chiqadimi yoki Shahboz, buni unchalik ahamiyati yo‘q. Qaysi jamoa munosib bo‘lsa, Superkubokni o‘sha olsin!
Fikrlar