
Ikrom Aliboevning jarohati jiddiy, u o‘z hisobidan Germaniyaga ketdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Janubiy Koreyaning “Seul” klubi sharafini himoya qilib kelayotgan Ikrom Aliboev anchadan beri bezovta qilib kelayotgan jarohatini davolatish uchun Germaniyaga ketgani ma’lum bo‘ldi.
Bu xususida milliy terma jamoamiz shifokori Abror Pirriev o‘zining telegramdagi kanalida shunday deb yozdi:
- Yana bir futbolchimiz – Ikrom Aliboev jarrohlik stoliga yotadigan bo‘ldi. Uni anchadan beri bezovta qilib, jamoasida muqim o‘ynashiga bermayotgan chov sohasidagi og‘riqqa sabab bo‘layotgan omilni bartaraf etishning so‘nggi chorasi operatsiya bo‘lib qoldi. Bunday paytda operatsiyani qaerda va kimga qildirish haqida professional futbolchi ming o‘lchab bir kesadi. Ikrom ham shunday qildi va u kecha Germaniyaga uchib ketdi.
MTJ a’zosining jarrohlik stoliga yotishidan tashqari ko‘nglimni xira qilayotgan yana bir jihat: u barcha xarajatlarni o‘z cho‘ntagidan sarflamoqda: operatsiya, aviachipta va hokazo. Men yurist emasman va Ikromning kontrakti bilan ham tanish emasman, ammo qanday vaziyat bo‘lmasin u to‘p surayotgan jamoa hamyurtimizning aynan o‘yin va mashg‘ulotlar mahali orttirgan tibbiy muammosini hal etishda javobgar ekanligi aniq (kuni kecha futbolchilar uyushmasi raisi Kamol Murzoev bilan ham shu masalada fikr almashdik).
Bu borada masalaga oydinlik kiritilar, asosiysi, hamyurtimiz jarrohlik muolajasini muvaffaqiyatli o‘tkazib olsa búlgani...
Fikrlar