
Ilhom Alijonov: "Murabbiyga aytgan va’damni bajardim"
“Andijon”ning “Navbahor”ga qarshi uchrashuvida jamoamizning hisobni tenglashtiruvchi goli muallifiga aylangan himoyachi Ilhom Alijonov ham tabiiyki, qimmatli g‘alabaning qo‘lga kiritilishida katta hissasini qo‘shdi.
Shu bois “Andijon” matbuot xizmati futbolchidan intervyu oldi.
- Vodiy derbisi qiyin o‘tishi aniq edi va shunday ham bo‘ldi. “Andijon” 0:1 dan keyin irodasini namoyish qilib, yakunda 2 ta gol urdi va g‘alabani ilib ketdi. Bunday bellashuvdan keyin taassurotlaringiz qanday?
- Avvalambor, bu g‘alabamiz bilan barcha Andijon xalqini tabriklayman. Derbi har doimgidek o‘z nomi bilan derbi bo‘lib kelgan. Oson uchrashuv bo‘lmasligi aniq edi. O‘zimizdan va Namangandan ko‘plab muxlislar kelishini bilardik. O‘yin tempi ham yuqori bo‘lishini kutgandik va shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rganmiz. Ammo o‘zimiz kutmagan darajada erta gol o‘tkazib yubordik. Shunga qaramay, biz bu narsaga ham ruhan tayyor edik. Oxirigacha kurashdik, kerakli gollarimizni urib g‘alaba qozongan holda ishqibozlarimizni quvontirdik. O‘ylaymanki, o‘yin bo‘yicha g‘alabaga loyiq edik. Yaxshi harakat qildik.
- Ilgari “Navbahor”da to‘p surgansiz. Sobiq jamoangizga gol urish ikki hissa yoqimli bo‘lsa kerak-a? O‘sha golingizga qanday ta’rif bergan bo‘lardingiz?
- Golimga kelsak, uchrashuvdan bir haftacha oldin bosh murabbiyimiz bilan birga-bir suhbatlashganimizda “Navbahor”ga gol uraman deb aytgandim. Birinchi o‘rinda aytgan va’damni bajardim. Birinchi taymda ham gol urishim uchun bir-ikkita vaziyatlar bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda gol urdim, bundan juda xursandman. O‘tgan yili “Andijon” safida pro liga g‘olibiga aylandik. Bu yil Superligada ham munosib ishtirok etyapmiz. Debyutimni “Navbahor”da boshlaganman. Namanganlik muxlislarni xafa qilmoqchi emasman, ammo andijonlik ishqibozlarni xursand qila olganimizdan boshim osmonga etdi.
- Himoyachi bo‘lishingizga qaramay, uchinchi golingizni urdingiz. E’tiborlisi, uchalasini ham bosh bilan urdingiz va siz gol urgan barcha uchrashuvlarda “Andijon” g‘alaba qozonyapti...
- Ha, bu haqida o‘zim ham o‘yladim. Gol urganimdan so‘ng zaxiraga olindim. O‘sha paytda “Turon” bilan o‘yindagi kabi yana g‘alabani ilib ketsak edi, deya o‘ylab turgandim. Suhrob Berdiev darvozani ishg‘ol qilganidan keyin quvonchim cheksiz darajada bo‘ldi. O‘sha holatimizni tasvirlab berishim qiyin. O‘zim ham ushbu statistikani hatto o‘yin paytida hayolimdan o‘tkazgandim. Gol urib hisobni tenglashtirganimdan so‘ng gol urib yutib ketishimiz haqida o‘ylab turgandim.
- Uchrashuvdan keyin g‘alaba bilan sizni birinchi bo‘lib kim tabrikladi?
- Administratorimiz Xursandbek Qosimov bilan quvonchimizni bo‘lishdik. O‘yindan keyin yaqinlarimiz, akalarimiz, do‘stlarimiz bor, ular ham stadionga kelishgandi. O‘shalar bilan ham g‘alabani birga nishonladik.
- Stadiondagi muhitga qanday ta’rif berasiz?
- O‘yin boshlangunicha har bir futbolchining ichida qandaydir hayajon bo‘ladi. Uchrashuv boshlanganidan keyin muxlislarning baqir-chaqirlari bizga motivatsiya beradi. Stadionda ishqibozlarimizning uchrashuv oxirigacha jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turgani biz futbolchilarni ruhlantirib turdi.
- Bu g‘alabani kimga bag‘ishladingiz?
- Har doim o‘yindan oldin duo qilib turadigan ota-onam va oilamga bag‘ishladim. Barcha muxlislarimizga katta rahmat. Ular O‘zbekistonda muxlislik qilish bo‘yicha birinchi o‘rinda turishadi.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar