
Islom Ahmedov chempion jamoa ustoziga aylandi va OFK Kubogini g‘alaba bilan boshladi
O‘zbekistonlik tajribali mutaxassislardan biri, FIFA va OFK instruktori sifatida faoliyat olib borgan tajribali Islom Ahmedov Qirg‘iziston chempionatida ish boshladi.
Aniqrog‘i, Qirg‘iziston chempionatining amaldagi chempioni “Abdish Ata” jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Aytish joizki, bu Ahmedovning ushbu klubdagi ilk ish faoliyati emas. 2011 va 2012 yillarda ham ikki marta “Abdish Ata” jamoasiga ustozlik qilgan va bu uning u erga uchinchi qaytishi hisoblanadi.
“Abdish Ata” Qirg‘izistonning etakchi jamoalaridan biri. E’tiborlisi, o‘tgan yili ilk bor chempionlikka erishdi. Ungacha 7 bor kumush va 5 marta bronza medal egasiga aylangan. Yana 5 marotaba Qirg‘iziston Kubogi sohibi va 2 marta finalchisi bo‘lgan. Shuningdek, Qirg‘iziston Superkubogida bir bor zafar quchgan hamda 2 marta uning finalida ishtirok etgan.
Ayni paytda “Abdish Ata” musobaqa jadvalida 20 ta o‘yindan so‘ng 38 ochko jamg‘arib 3-o‘rinni band etib turibdi. Peshqadam “Alay”dan faqat 2 ochkoga ortda xolos.
Ushbu jamoa rahbariyati hamyurtimiz Islom Ahmedovni bosh murabbiylikka tayinlaganliklari bejiz emas. Boisi, “Abdish Ata” OFK Kubogi guruh bosqichidagi ishtirokini boshladi. Ahmedov esa 18 sentyabr kuni bosh murabbiyga aylandi va 21 sentyabr kuni guruh bosqichi doirasidagi ilk turni o‘z maydonida Turkmanistonning “Oltin Asr” jamoasiga qarshi o‘tkazib, 3:0 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Darvoqe, Islom Ahmedov jamoasi “E” guruhidan joy olgan bo‘lib, u erda shuningdek, Tojikistonning “Ravshan” hamda Turkmanistonniing yana bir jamoasi – “Merv” ham bor.
Islom Ahmedov “Abdish Ata”dagi debyutini OFK Kubogida muhim bahs orqali boshlab, unda g‘alaba qozongach, o‘z fikrlarini quyidagicha izhor qildi:
“Kecha men bu o‘yinga alohida tayyorgarlik ko‘rayotganimiz haqida aytib o‘tgandim. Yaxshigina selektsiya ishlarini olib bordik. Mening qarashim bo‘yicha Qirg‘izistonning yaxshi futbolchilari olib kelindi. Barchasi rejamiz bo‘yicha ketdi. Shuningdek, hayotda fors-major holatlari bo‘lishini ta’kidlab o‘tgandim. Har doim hayotda bir xil va tekis ketmaydi, unda chuqurliklar ham bo‘ladi. Birinchi kunimdanoq yigitlarga yaxshi futbolchilar bilan ishlash har bir murabbiyning orzusi bo‘lishini aytgandim. Bugun barchamiz ko‘rdikki, “Oltin Asr” yaxshi jamoa ekan. Tashkiliy va jamoaviy o‘yin bo‘yicha yaxshi shakllanganiga guvoh bo‘ldik”, - deydi o‘zbekistonlik mutaxassis.
Muhimi, hayurtimiz yangi klubidagi debyutini g‘alaba bilan boshlab oldi. Endi OFK Kubogidagi 2-tur uchrashuvini qirg‘izistonliklar 5 oktyabr kuni Turkmanistonda “Merv”ga qarshi o‘tkazadilar. Hamyurtimizning oldiga qo‘yilgan birinchi vazifa albatta jamoani keyingi bosqichga olib chiqish. Lekin bundan tashqari ham Islom Ahmedovni oldida turgan muhim vazifalar bor. Jumladan, u asosiy jamoadan tashqari, o‘rinbosarlar va klub akademiyasini ham nazorat qilgan holda o‘z tajribasi bilan klubni har tomonlama rivojlanish strategiyasini ishlab chiqadi va bu borada unga barcha mas’uliyat yuklatilgan. Tabiiyki, bunda Qirg‘iziston chempionatidagi ishtiroki ham inobatga olingan.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar