Ismi Alveshga o‘zgartirilgan o‘zbekistonlik futbolchi haqida eshitganmisiz? U Evropaga taraddud ko‘rmoqda

  • 17 fevral, 2021, 22:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbol millionlar o‘yini, degan gapni ko‘p eshitgansiz. Bu bejiz emas, albatta. Har bir millatda uning o‘ziga yarasha ixlosmandlari bisyor, shu jumladan bizda ham. Masalan, alohida bir o‘yinchiga muxlislik qilgancha, uning fanatiga aylanganlar alohida mavzu. Ayniqsa, Ronaldu va Messi muxlislari!

Yurtimizda ham jahon yulduzlariga alohida ishqibozlik qilish ancha ommalashgan. Hattoki, shunday darajaga etib borishganki, o‘z farzandiga qaysidir yoqtirgan o‘yinchisining ismini ham qo‘yishgan. Bugun aynan shu mavzuda so‘z yuritamiz.

Menimcha, sarlavhani ko‘rib bunga qiziqqan bo‘lsangiz kerak-a? Bizning chempionatda Maradona ismli futbolchi borligini bilasiz-a, o‘tgan yili sports.uz sayti uchun Maradona Safarov bilan suhbat uyushtirgandik. Chempionatimizda Maradonadan tashqari yana boshqa bir taniqli futbolchining ismi qo‘yilgan o‘yinchi ham bor. Bu Alvesh! Familiyasi Murodullaev. U 1998 yili Muborak tumanida tug‘ilgan. Futbolga mehr qo‘ygani sababli shu sport turini tanlagan va hozirda O‘zbekiston chempionatida faoliyat olib boryapti. Yarim himoyachi sifatida to‘p suradi. Alvesh sports.uz muxbiriga avvalo bu ismning qo‘yilish tarixi haqida gapirdi.

- Avvalambor, e’tibor uchun rahmat aytmoqchiman. Ismim masalasiga keladigan bo‘lsam, aslida menga Alisher, deb ism qo‘yishgan. “Mash’al” akademiyasida o‘qib yurgan paytimda, dadam kutilmaganda, ismimni Alveshga o‘zgartirgan. Dadam futbolni ashaddiy ishqibozi, hattoki mendan ko‘ra, ko‘proq qiziqadi. Ammo o‘shanda nima sababdan ismimni Alvesh, deb o‘zgartirganini bilmayman. Balki bu menga futbolchi sifatida motivatsiya berish uchun qilingandir. U paytda 16 yoshda edim. Pasport olganimda ham Alvesh, deb yozilgan.

alvesh2

Futbol olamida Alvesh nomi bilan to‘p suradiganlar ko‘p, ulardan eng taniqlilari sifatida Dani Alvesh, Brunu Alvesh kabilarni aytish mumkin. Bizningcha, o‘zimizning Alveshga ulardan birining o‘yini yoqqanligi sababli shunday nom berilgan, deb o‘yladik. Bu xususida Murodullaev shunday dedi:

- Aynan qaysidir o‘yinchiga qiyoslanmagan. Hammasi to‘satdan yuz bergan. U paytda Dani Alvesh hali tanilmagandi. Brunu Alvesh esa taniqli o‘yinchilardan biri edi. Dadam, asosan, Portugaliya bilan Ispaniyaga muxlislik qilib yurardi. Balki Brunu Alvesh yodiga tushgandir. Lekin o‘zim unga unchalik qiziqmaganman. Menimcha, aslida Brunu Alveshga ham havas qilib qo‘yilmagan bo‘lsa kerak. Meni ruhlantirish uchun shu ismni o‘ylab topgan, nazarimda. O‘zimga Odil Ahmedov, Aziz Haydarov va Fabregasning o‘yinlari yoqardi.

Katta ehtimol bilan yurtimizdagi Alvesh ismli yagona inson shu bo‘lsa kerak. Bu nomni ilk bor eshitganlar uchun o‘ng‘aysiz tuyulishi aniq. Qiziq, futbolchi o‘z nomi bilan noqulay ahvolga ham tushib qolganmi?

- Ismim bilan bog‘liq noqulay holat bo‘lgan. Akademiyada o‘qib yurganimizda o‘smirlar terma jamoasiga chaqirishgan. U paytda Temur aka Olimxo‘jaev bosh murabbiy edi. Yosh bola edim. Ismimni so‘raganida, Alvesh degani uyalgandim, menga biroz noqulay tuyulgan. Keyinchalik moslashib ketdim. Ismim almashganidan keyin hayotimda ham, faoliyatimda ham hech qanday o‘zgarish sezilmagan. Bu nom o‘zimga ham yoqadi va bunga ko‘nikib ketganman. Albatta, Alvesh musulmonchilikka xos bo‘lmagan ism, deb aytishadi. Lekin men namozni kanda qilmayman, - deydi futbolchi.

alvesh1

Xo‘sh, endi uning faoliyatiga to‘xtalamiz. O‘zimizning Alvesh faoliyatini qay darajada o‘tkaza olyapti? U futbolga kirib kelishidan to shu kungacha bo‘lgan davr haqida gapirib, oldida turgan maqsadi haqida ham to‘xtalib o‘tdi. 

- “Mash’al” akademiyasiga normativ orqali bolalarni olishardi. Biz ham ko‘rikka borgandik. O‘shanda 55-60 nafar boladan to‘rt kishini olib qolishgan, men ham ularning orasida edim. Dastlab, murabbiy Dilshod Andaev boshchiligida shug‘ullanganmiz. 1994 yildan 1998 yilgacha tug‘ilgan bolalar bitta guruh hisoblanardi. Biz kvartiradan qatnardik. Bir yilcha qatnab yurganimdan keyin meni akademiyaga qabul qilishdi. Bir qator murabbiylar bizni ko‘zdan kechirishdi. Keyin Anvar aka Xafizov qo‘li ostida shug‘ullana boshladim. So‘ng akademiyadan birinchi ligaga o‘tganmiz. U erda bir yil to‘p surdim. Qishki yig‘in paytida meni o‘rinbosarlar safiga chaqirishdi. Ammo ijaraga berib yuborishdi. Natijada “Xotira-79”da o‘ynab keldim. Undan keyin faoliyatimni yana “Mash’al”da davom ettirdim. Navbatdagi klubim esa “Sho‘rtan” bo‘ldi. Afsuski, ushbu jamoaga ketganim men uchun orqaga qadam bo‘ldi. U erda boshida hammasi yaxshi edi, shartnoma imzolagandik. “Sho‘rtan” birinchi ligaga tushib ketmasidan oldin o‘sha erda edim, o‘rinbosarlar safida. Birinchi ligaga tushib ketganidan keyin ham klubda qoldim. Ammo o‘yin amaliyoti etarlicha bo‘lmadi. Murabbiylar almashgani tufayli menga deyarli imkoniyat berishmagandi. Yangi murabbiydan men uchun imkoniyat berishini so‘radim, shu tariqa qandaydir mojaro bo‘ldi va “Sho‘rtan”ni tark etdim. Shu payt agent orqali menga Evropadan yaxshi variant paydo bo‘ldi. Ispaniya Segundasining uchinchi divizionidagi jamoasi bilan muzokara olib borilgandi. Ular meni chaqirishgan va shartnomani ham jo‘natishgandi. Buning uchun barcha xujjatlarni tayyorlab qo‘ygandim. Baxtga qarshi pandemiya boshlangach, bu ish amalga oshmay qoldi. Hozir o‘zim yakka tartibda shug‘ullanib turibman. Alohida murabbiy bilan gaplashganman va maxsus individual grafik asosida ishlayapman. Yana “Sho‘rtan”ga qaytib o‘ynab turgani ko‘nglim tortmadi. Orada “Bunyodkor”ga ham borib ko‘rdim. Lekin oldimda chetdan yana aniq taklif bor. Yozgi transfer oynasi ochilganida ketishim mumkin. Bu safargisi Evropaning boshqa chempionatidan. Futbolchi sifatida o‘sish niyatim bor. O‘zimga to‘liq ishonaman. Chunki futbolchi bo‘lish uchun 10-15 yil umrim ketgan. Shu bois bu paytga kelib futbolni tashlab ketishim to‘g‘ri bo‘lmaydi, - deya fikr bildirdi, Alvesh.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!