
Jahongir O‘rozov Arda Turan bilan munosabati, nega hali ham chempionatda maydonga tushmayotgani va klubdagi kelajagi xaqida intervyu berdi
O‘tgan yilning avgust oyida Turkiyaning “Eyupspor” klubi a’zosiga aylangan hamyurtimiz Jahongir O‘rozov yodingizdami? 20 yoshli iste’dodli himoyachining u erdagi faoliyati qanday kechyapti?
Xabaringiz bo‘lsa, yaqinda “Eyupspor” Turkiya birinchi divizionida muddatidan oldin o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajargan holda Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu albatta bosh murabbiy Arda Turan uchun ham katta yutuq. Lekin hozircha hamyurtimiz uning qo‘li ostida Turkiya chempionatida debyutini o‘tkazgani yo‘q. Faqat Kubok uchrashuvida maydonga tushgani yodimizda.
Kuni kecha Sports.uz jurnalisti futbolchimiz bilan bog‘landi.
- Avvalo, Superliga yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgani bilan tabriklayman. Vazifa bajarildi. Bu haqida nima deya olasiz? Taassurotlar...
- Tabrik uchun rahmat. Mavsum boshidayoq jamoa oldiga Superligaga chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Ushbu vazifa uddalandi. Albatta, taassurotlar yaxshi.
- Bosh murabbiy Arda Turan bilan munosabatingiz qanday? U sizga qanchalik ishonch bildiryapti?
- Murabbiy bilan munosabatim yaxshi. Albatta, ishonch bildiradi. Har bir futbolchida muhitga moslashish vaqt talab qiladi.
- Klub bilan kelajagingizni qanday ko‘ryapsiz?
- Chempionat o‘yinida hali maydonga tushmadim. Kubok uchrashuvlarida maydonga tushdim. Jamoada raqobat juda kuchli. Xudo xohlasa, raqobatni engib o‘tib, o‘z o‘rnimni topaman.
- Turkiya chempionatida sizga yoqqan va yoqmagan jihatlari nimada bo‘ldi?
- Yoqmagan jihati bor deya olmayman. Tashkilotchilik a’lo darajada. Har bir xodim o‘z ishiga jiddiy yondashadi, yoqqan tomoni shu.
- Jamoada yaqin do‘stingiz kim?
- Do‘stim deb alohida hech kimni ajratib ko‘rsata olmayman. Jamoada hamma bir-biri bilan axil.
- O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, hali Turkiya chempionatida debyutingizni o‘tkazmadingiz. Bu nima bilan bog‘liq: raqobat kuchlimi yoki boshqa sababi bormi?
- Albatta, raqobat. Lekin hali yoshman. O‘zimga ishonaman, raqobatni engib o‘taman. Lekin bir narsa bor, to‘g‘risini aytish lozim. Bu erda ham o‘zimizga o‘xshash joyi shuki, murabbiy o‘zining futbolchisini o‘ynatyapti, desa ham bo‘ladi. Chunki ko‘p narsani ko‘rdim va amin bo‘ldim.
- Xizmatingizga boshqa klublardan takliflar bormi?
- Bor, albatta. Osiyodan ko‘plab klublar qiziqish bildirishyapti. Men futbol haqida o‘ylashim kerak. Savolga javobni agentim, menejerim Shaxriyor akadan so‘raganingiz yaxshi bo‘lardi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar