Jamshid Saidov: "Birinchi davradan so‘ng kuchayishimiz aniq"

  • 21 iyun, 2024, 09:53
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Superligasining 12-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Qizilqum” (0:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Jamshid Saidov qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Quyida uning fikrlarini e’tiboringizga havola etamiz.

- O‘yin haqida hech narsa demoqchi emasman. Uchrashuv juda yaxshi o‘tdi. Qarshi hujum orqali imkoniyatlar yaratishga urindik. Chunki “Navbahor” qanday o‘ynashni biladi. Qolaversa, Namanganda o‘ynadik. Bugun omad biz tomonda bo‘ldi. Yigitlarga, shuningdek, uzoq yo‘ldan bizni qo‘llab-quvvatlashga kelgan muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Bugun etakchidan ochko tortib olganimizdan xursandman.

Akaki haqida hozir hech narsa deya olmayman, lekin u birinchi bo‘limda jarohat oldi. Bir necha kundan so‘ng uning salomatligi haqida bilib olamiz. Uning jarohati sababli, taktikamiz o‘zgardi. Chunki u jamoa etakchilaridan biri hisoblanadi Umid qilamanki, Akakining jarohati jiddiy bo‘lib chiqmaydi. Chunki oldimizda birinchi davradagi OKMKga qarshi so‘nggi o‘yin kutib turibdi. Muxlislarimiz qarshisida bor imkoniyatimizni ishga solishimiz kerak. Boshqa bahslarga qanday tayyorgarlik ko‘rsak, bunga ham shunday tayyorgarlik ko‘ramiz.

Shogirdlarimning bugungi namoyish etgan o‘yinlaridan mamnunman. Rejalar haqida gapiradigan bo‘lsak, selektsiya ishlari olib borilmoqda, jamoaga yangi qon kerak. Mavsumni yaxshi boshlagandik, lekin birinchi davra so‘ngida omad bizdan yuz o‘girdi. O‘ylashimcha, jamoa yomon emas. Ammo birinchi davradan so‘ng kuchayishimiz aniq. 

“Navbahor” chempionlik uchun kurashadigan etakchi klublardan biri. Ular bilan ochiq futbol o‘ynab bo‘lmaydi. Bugun biz himoyalandik, ammo “Navbahor” tarkibida terma jamoaning yarim futbolchilari jamlanishgan. Ularning aksariyati turli klublarda bir necha bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritishgan. Raqib o‘z maydonida o‘yinni hamisha kuchli tarzda boshlashini bilardik. Ular dastlabki daqiqalardan pressingga urg‘u berishdi. Muxlislarning mezbonlarni qo‘llab-quvvatlashlari ham katta ahamiyatga ega. Biz  buni bilardik va shunga yarasha tayyorlandik. Chempionatda hamma bir-birini biladi. Muhimi, qiyin o‘yinda ochko qo‘lga kiritdik. 

Bugun bizga sovuqqonlik hamda mahorat etishmadi. Qolaversa, havo issiq bo‘ldi, bu ham futbolchilarga ta’sir o‘tkazdi, - dedi Jamshid Saidov.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!