Javohir Sidiqov: “Qo‘qon-1912”dan ketishim qiyin bo‘ldi

  • 9 mart, 2019, 10:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” jamoasida porlagan Javohir Sidiqov yangi mavsumni “Paxtakor” klubida boshlaydigan bo‘ldi. Hamma yaxshi bilsa kerak, bu o‘yinchi aslida “Paxtakor” orqali katta futbolga kirib kelgan. Yangi mavsumdan esa Sidiqov yana sobiq jamoasi sharafini himoya qiladi. Ammo voqealar rivoji boshqacha tus olishi ham mumkin edi. Terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi ishtirokidan so‘ng Sidiqovni chetga ketishi haqida ko‘p aytilgandi. Lekin hadeganda Javohir bilan bog‘liq yangi ma’lumotlar paydo bo‘lavermadi. Yakunda esa uning “Paxtakor” safiga qo‘shilganligi ma’lum bo‘ldi. Uning “sherlar” tarkibida to‘p surishi rasman aniq bo‘lganidan so‘ng dastlabki fikrlarini bildirishga rozi bo‘ldi.

Tecno

- Katta futbolga “Paxtakor” orqali kirib kelgandingiz va yana ushbu jamoadasiz. Oxirgi paytlarda sizning qaysi klubda to‘p surishingizni hamma kutayotgandi. Dastlab “Paxtakor”ga qaytishingiz qanday amalga oshgani haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

- Bir tomondan qaraganda, “Paxtakor” klubiga qaytganim haqqoniy ham bo‘ldi. Chunki ular o‘z paytida meni shartnomam bo‘lsa ham “Qo‘qon-1912”ga hech nima talab qilmasdan berib yuborishgan. Endi esa “Qo‘qon-1912” klubi rahbarlari mening ketishim jamoaga minus bo‘lsa ham faoliyatimda yanada o‘sishim uchun “Paxtakor” jamoasiga ijaraga berishdi.

- Lekin siz bilan bog‘liq bo‘lgan voqealar jarayoni biroz cho‘zilib ketdi. Negaki, Osiyo Kubogidan keyin Sidiqovning yangi jamoasi nomi aniq bo‘lishi aytilayotgandi. Ammo...

- Menga chetdan takliflar bor edi, ammo ayrim sabablarga ko‘ra mening u erlarga ketishim amalga oshmay qoldi. Shuning hisobiga ham cho‘zilib ketdi. Aslida muzokaralar olib borilgandi. Ammo doim ham siz o‘ylagandek bo‘lib chiqavermaydi.

- Rosti, biz ham sizni qaergadir legioner sifatida ketishingizni kutayotgandi. Chunki bungacha sizga Osiyoning ko‘zga ko‘ringan jamoalaridan qiziqishlar bo‘layotganligi haqida eshitgandik. Bu haqida hattoki, “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi No‘’mon Hasanov ham aytib o‘tgandi. Legioner bo‘lib to‘p surish istagi o‘zingizda ham kuchlimidi?

- Har bir futbolchi legioner bo‘lib to‘p surishni xohlaydi. Menda ham bunday istak bor edi. Lekin nasib qilmagandan keyin nima qila olardingiz? Ammo bu menga aslo ta’sir qilmaydi. Hali men uchun hammasi oldinda deb umid qilaman. Bu yil bo‘lmasa, balki kelasi yili legionerga aylanishim mumkin. Faqat hammasi o‘zimga bog‘liq.

- Sizga aynan qaysi klublardan takliflar tushgandi?

- Menga aynan qaysi klublardan taklif bo‘lganligi haqida aniq bilmayman, lekin Yaponiya, Janubiy Koreya kabi chempionatlarning jamoalaridan takliflar bo‘lgandi.

- Ilk bor Osiyo Kubogida ishtirok etishga ham muvaffaq bo‘ldingiz. Ayting-chi, BAAdagi musobaqa sizga nima berdi?

- Har bir futbolchi bunday katta musobaqalarda to‘p surishni xohlaydi. Ayniqsa, milliy terma jamoa sharafini halqaro arenalarda himoya qilish futbolchining orzusidir. Bu katta tajriba beradi. Bir paytlar o‘zim uchun kumirga aylangan futbolchilar bilan birga maydonda to‘p surish katta faxr.

- Umuman aytganda, terma jamoamizning ishtiroki haqida nimadir demoqchimisiz?

- Albatta, har doim natija gapiradi. Garchi o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani bajara olmagan bo‘lsak-da, ko‘rsatgan o‘yinlarimiz to‘g‘risida muxlislarimizning ijobiy fikrlar bildirishgani bizni biroz ovutdi. Ammo baribir oxirida natija qoladi. Shunga qoniqarsiz natijani unutish biroz qiyin kechdi.

- Baribir sizni milliy terma jamoaga chaqirilishingiz va ungacha olimpiya terma jamoasi bilan muvaffaqiyat qozonishingizda ham “Qo‘qon-1912”dagi ajoyib o‘yinlaringiz katta turtki bergandi. Futbolchi sifatida Qo‘qonda katta o‘sishga erishdingiz. Siz uchun qadrli bo‘lib qolgan jamoani qanday tark etdingiz?

- Bir oiladek bo‘lib qolgan jamoani tark etish baribir qiyin bo‘ladi, bu aniq. Ammo futbolchi vaqti kelib o‘zini boshqa jamoada ham sinab ko‘rishni istaydi. Katta musobaqalarda, ayniqsa, Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynash uchun yana birinchi jamoamga qaytdim. Lekin tan olaman, o‘zim uchun qadrli bo‘lib qolgan “Qo‘qon-1912” jamoasini tark etishim qiyin bo‘ldi. Lekin rahbariyat va murabbiylar meni to‘g‘ri tushunishgani uchun ularga rahmat aytaman. Ular menga yo‘q deyishmadi va qarorimni hurmat qilishdi. Buning uchun ulardan minnatdorman.

- Qo‘qonlik ishqibozlarning ham sevimli futbolchisi edingiz. Ketar chog‘ingizda ularga aytadigan gapingiz ham bormi?

- Muxlislarni yaxshi ko‘raman. Bilaman, mening ketganimni to‘g‘ri tushunganlari ham bor va ketganimdan xafa bo‘layotganlari ham bor. Men ularni tushunaman. Ammo o‘z navbatida muxlislar ham meni to‘g‘ri tushunishlarini istardim. Lekin ishqibozlarning xafa bo‘lishga haqqi bor. Hamma ham o‘z jamoasining kuchli bo‘lishini xohlaydi.

- Bundan buyon sobiq klubingizga qarshi o‘yinlar siz uchun qanday ahamiyatga ega bo‘ladi?

- Hali bu haqida o‘ylab ko‘rganim yo‘q. Ochig‘i, bilmadim. Oldinda nimadir deya olmasam kerak. Hammasini o‘sha o‘yin ko‘rsatadi.

- “Paxtakor”dagi yangi hayotingiz qanday kechmoqda?

- “Paxtakor”dagi hamma futbolchilarni taniyman. O‘zimning akalarim va ukalarim desam ham bo‘ladi. Jamoaga moslashishimda qiyinchiliklar bo‘lgani yo‘q. Murabbiylar shtabi bilan yaxshi munosabatdamiz. Asosiysi, bu erda ichki muhit yaxshi. “Paxtakor”da asosan o‘yin sifati yuqori bo‘lgan futbolchilar yig‘ilgan. Jamoaga foydam tegishi uchun mehnat qilyapman. Mening maqsadlarim katta. Shuningdek, milliy terma jamoaga ham foyda keltirish uchun o‘z ustimda ko‘proq ishlayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!