
"JCh-2022" saralashi. Evropa, Amerika, Afrika, Osiyo va Okeaniya mintaqalarida vaziyat qanday?
Yana bir yildan so‘ng, Qatarda "JCh-2022" o‘yinlari boshlanadi. Ayni damga kelib ushbu mundialda mezbon Qatardan tashqari yana qaysi terma jamoalar ishtirok etish masalasiga oydinlik kiritilmoqda. Aniqrog‘i, qit’alarda jahon chempionati yo‘llanmasi uchun saralash bahslari o‘tkazilmoqda.
Evropa
2022 yilgi jahon chempionatiga Evropa mintaqasida saralash bosqichi o‘z yakuniga etmoqda. Hal qiluvchi o‘yinlar noyabr oyida bo‘lib o‘tadi, unda jahon chempionatida ishtirok etadigan yana 8 jamoa aniqlanadi (Daniya va Germaniya allaqachon yo‘llanmani qo‘lga kiritib ulgurdi).
Germaniya terma jamoasi ortidan Daniya ham 2022 yilgi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Guruhlardagi vaziyatni inobatga olgan holda aytadigan bo‘lsak, keyingi oyda yana bir qator terma jamoalar yo‘llanmalarni naqd qilib qo‘yishi mumkin.
Guruhlarda ikkinchi o‘rinni egallagan 10ta jamoa pley-offga yo‘l oladi. Hozircha bu Portugaliya, Shveytsariya, Shotlandiya, Ispaniya, Polsha, Xorvatiya, Chexiya, Norvegiya, Ruminiya va Ukraina terma jamoalari bo‘lishi mumkin.
Pley-offda ularga UEFA Millatlar ligasining 2020/21 yilgi mavsumida ishtirok etgan eng yaxshi ikkita jamoa (guruh g‘oliblari) qo‘shiladi, ular "JCh-2022" saralashida o‘z guruhida eng yaxshi ikkita o‘rindan joy olmagan. Hozircha bu Avstriya va Uels bo‘lishi mumkin.
2022 yilning mart oyida bu 12 terma jamoa qolgan uchta yo‘llanma uchun ikki bosqichda kurash olib boradi. Birinchi bosqichda, oltita yarim final juftligi tuziladi, ular bittadan o‘yin o‘tkazadi. Ushbu o‘yinlar reytingi nisbatan yuqori bo‘lgan jamoa maydonida bo‘lib o‘tadi. G‘oliblar finalga yo‘l oladi (bu bosqich ham 1 ta o‘yindan iborat bo‘ladi) va Evropa qit’asidan jahon chempionatiga boradigan oxirgi uchta yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Janubiy Amerika
Koronavirus pandemiyasi tufayli ushbu qit’ada 18 ta turdan hozircha 11 tasi o‘tkazildi (Braziliya – Argentina uchrashuvi bundan mustasno).
Braziliya va Argentinaning jahon chempionatiga chiqishiga biror narsa xalaqit berishi dargumon, qolganlari bilan hech narsa aniq emas. Janubiy Amerika qit’asida 4 ta jamoa to‘g‘ridan -to‘g‘ri, beshinchisi qit’alararo pley-off orqali mundialga chiqadi.
Saralashning qolgan o‘yinlari 2022 yilning yanvar va fevral oylarida o‘tkaziladi.
Shimoliy va Markaziy Amerika
KONKAKAF zonasida saralashning 14 ta turidan faqatgina 5 tasi o‘tkazildi. Bu erda saralash bosqichi noyabr, yanvar/fevral va mart oylarida yakunlanadi. Hozircha vaziyat quyidagicha ko‘rinish olgan:
Ushbu qit’aga "JCh-2022" uchun “3+1” kvotasi ajratilgan. Shunda guruhning eng yaxshi 3 ta terma jamoasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘ladi, to‘rtinchi o‘rin egasi pley-offga orqali kurashni davom ettiradi. Guruhda Meksika va Amerika Qo‘shma Shtatlari favorit hisoblanadi.
Osiyo
Osiyo qit’asida hozir saralashning uchinchi bosqichi boshlandi. Bu bosqichda har biri 6 ta jamoadan iborat ikkita guruh shakllangan bo‘lib, ushbu guruhlarda 1- va 2-o‘rinlarni egallagan terma jamoalar jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Uchinchi o‘rinlar mahalliy pley-offda o‘zaro o‘ynaydi va g‘olibni qit’alararo pley-offga yo‘l oladi.
Saudiya Arabistoni haligacha boshqalarga qaraganda ancha ishonchli o‘yin namoyish etmoqda. Ular o‘tkazilgan 4 ta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozondi va 100 foizlik natija qayd etayotgan yagona terma jamoa sifatida qolishmoqda. Eron, Avstraliya va Janubiy Koreya ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyatga ega, lekin Yaponiyada qiyinchiliklar bor. Yaponlar nafaqat Saudiya Arabistoniga, balki Ummonga ham imkoniyatni boy berishdi. Shunga qaramay, ularda xatolarni tuzatish uchun etarli vaqt bor.
Afrika
Bu erda, saralashning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. 40 ta jamoa 10 ta guruhga bo‘lingan. Guruhlarda g‘olib bo‘lgan 10 ta terma jamoa 3-bosqichda 5 ta juftlikka bo‘linadi va uy-safar tizimida pley-off bosqichida ishtirok etadi. G‘olib bo‘lgan 5 ta jamoa yakunda jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Hozircha faqatgina Marokash va Senegal terma jamoalari 3-bosqich yo‘llanmasini naqd qilib qo‘ydi.
Okeaniya
Mana eng qiziq holat shu erda. Bu mintaqada saralash o‘yinlari hali boshlanmagan. Konfederatsiya rahbarlari pandemiya tufayli saralash bahslarini ko‘p marta kechiktirishdi va yakunda uni 2022 yil mart oyida aynan Qatarda o‘tkazishga qaror qilishdi. Shu bilan birga, bu saralashda qancha jamoa ishtirok etishi yoki g‘olib qanday aniqlanishi aniq emas. Lekin bu Yangi Zelandiya (deyarli 100%) bo‘lishi aniq.
Qit’alararo pley-off
Janubiy Amerika, Osiyo, Shimoliy / Markaziy Amerika va Okeaniya vakillari qur’a tashlanganidan keyin ikki juftga bo‘linadi va uy-safar tizimida o‘tkaziladigan pley-off uchrashuvlaridan so‘ng 2022 yilgi jahon chempionatining oxirgi ikki ishtirokchisi aniqlanadi.
Manba: sports.ru
Fikrlar