
"Jenoa" Eldor Shomurodovni olyapti
Italiya A Seriyaning kuchli jamoalaridan biri “Jenoa” Rossiya premer-ligasida “Rostov” sharafini himoya qilayotgan Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olishga yaqin turibdi.
Italiyalik Jurnalist Janluiji Longarining xabar berishicha, Shomurodovning transferi bo‘yicha tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar yakuniy bosqichga etib keldi. Transfermarkt portalida transfer narxi 6,5 million evroga baholangan 25 yoshli hujumchimiz uchun italiyaliklar 8 million evro taklif qilayotgani aytilmoqda.
Asli surxondaryolik Eldor Shomurodov "Mash’al" futbol akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Iste’dodli hujumchi 2014 yildan 19 yoshida "Mash’al"ning asosiy tarkibiga jalb qilina boshladi va o‘sha yili milliy chempionatimizda o‘nta uchrashuvda maydonga tushdi.
2015 yilda Eldorni "Bunyodkor" o‘z safiga qo‘shib oldi. 2017 yilgacha bu jamoa tarkibida 66 ta o‘yin o‘tkazgan hujumchi raqiblar darvozasini 18 bor aniq nishonga oldi. Poytaxtliklar tarkibida 2016 yilgi chempionatning kumush medaliga sazovor bo‘ldi.
O‘zbek futbolining eng yorqin tarbiyalanuvchilaridan biri bo‘lgan Eldor Shomurodov 2017 yildan buyon “Rostov” jamoasi tarkibida to‘p surmoqda. Hamyurtimiz shu kunga qadar rostovliklar safida barcha turnirlarda 91 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 18 marotaba aniq nishonga olgan va jamoadoshlariga 12 ta golli pas oshirgan.
Eldor Shomurodov o‘tgan yildan buyon Evropa jamoalari nishonida turibdi. 2019 yilning oxirida terma jamoamizning asosiy hujumchisiga, Rossiya grandlaridan tashqari, Germaniyaning qator klublaridan qiziqish bo‘lgan edi. Xususan, “Shalke” jamoasi Eldorni o‘z safida ko‘rishni istagan edi.
Yozgi transferlar vaqtida esa Belgiya chempionati vitse-chempioni va Chempionlar ligasi ishtirokchisi “Gent” Shomurodovni olish uchun “Rostov”ga 5 million evrolik rasmiy chorlov jo‘natdi. Dastlabki urinishda rad javobini olgan belgiyaliklar yaqinda hamyurtimiz uchun yangi taklif tayyorlayotgani haqida ham ma’lumotlar tarqatilgandi.
Joriy mavsumda Eldor Shomurodov Evropa maydonlaridagi gollari hisobini ochishga muvaffaq bo‘ldi. Evropa Ligasi saralash turnirining uchinchi raundida Isroilning “Makkabi Xayfa” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan o‘yinda Eldor Shomurodov jamoadoshi Matias Normanning super uzatmasidan so‘ng, raqib darvozasiga chiroyli gol urdi. Bu o‘zbek hujumchisining Evropa miqyosidagi daslabki uchrashuvidagi debyut goli bo‘ldi.
Eldor Shomurodov 2022 yili Qatarda bo‘ladigan jahon chempionatiga chiqish uchun kurashayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy hujumchisi hisoblanadi. Mohir to‘purar mamlakatimiz bosh jamoasi safida 43 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 20 ta gol urgan.
Agar Eldor Shomurodov A Seriyasi ko‘chib o‘tadigan bo‘lsa, Italiya futbolidagi ikkinchi o‘zbekistonlik futbolchi bo‘ladi. Ilgari O‘zbekiston terma jamoasining iste’dodli yarim himoyachisi Ilyos Zeytullaev “Yuventus” va Italiyaning boshqa jamoalari safida Italiya kubogi va milliy chempionatning turli divizionlaridagi o‘yinlarda maydonga tushganini muxlislarimiz unutgani yo‘q.
Xususan, Ilyos Zeytullaev bugungi kunda Eldor Shomurodovni o‘z tarkibiga chorlayotgan "Jenoa" tarkibida ham 12 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Shuningdek, Ilyos "Redjina", "Krotone", "Vichentsa", "Verona", "Peskara" va "Virtus Lanchano" kabi jamoalarda ham o‘ynagan.
Fikrlar