Joan Laporta - “Barselona”ning yangi prezidenti: U kim va nimalarni rejalashtirgan?

  • 8 mart, 2021, 16:37
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha “Barselona” prezidentligi uchun yakuniy saylov bo‘lib o‘tganidan xabardorsiz. Saylov natijalariga ko‘ra, Joan Laporta klub prezidentligiga saylandi. So‘nggi yillarda Evropada o‘ziga yarashmaydigan natijalari bilan hammani hayratda qoldirgan “Barselona”da uzoq muddat davomida ishning noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani haqida oldingi maqolalarda ham gapirgan edik.
Bartomeu haqidagi taxminlarimiz ham o‘zini oqlab, sobiq amaldorning qilmishlari jiddiy tergov qilinmoqda. Hozircha u ozodlikka chiqarildi, ammo bu to‘liqligicha jazodan qutulganini anglatmaydi.
“Blaugranas” yangi davrni boshlash arafasida turibdi. Katta yoshli futbol muxlislari uchun Laporta nomi begona emas. U 2009 yilda jamoa bilan 6 ta sovrin yutishga erishgan va bu Evropada tengsiz rekord hisoblanadi. Ya’ni, hech bir klub bir kalendar yili hisobidan 6 ta titul yutishga muvaffaq bo‘lmagan. O‘tgan mavsum Myunxenning “Bavariya”si barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgani rost. Ammo ular bu ishni bir yil davomida amalga oshirmadi. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tgan oy bo‘lib o‘tganidan xabardorsiz. Qisqasi, Laporta klubga yangi rejalar bilan tashrif buyurmoqda. Biz esa, uning faoliyati va yangi rejalari haqida qisqacha ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Tecno

Laporta kim?
Joan Laporta 2003-2010 yillar mobaynida “Barselona”da prezidentlik qilgan klubning afsonaviy rahbarlaridan biri. Sababi, aynan uning qo‘li ostida kataloniyaliklar Evropada furor ko‘targandi. O‘sha davrda “La Masiya” dunyo futboliga qanchadan qancha yuksak iqtidorlarni etishtirib bergandi. Ronaldino boshchiligidagi jamoaning qurilishi ham aynan Laporta davriga to‘g‘ri keladi. “Ronni”ning uzoq yillik muvaffaqiyatli faoliyatidan so‘ng, etakchilik estafetasi Messiga o‘tadi. Evropa grandlaridan qanchalik katta takliflar tushmasin Laporta Leoni o‘z jamoasida saqlab qoladi va haqli ravishda unga “ko‘k-anorranglilar” kelajagi sifatida qaraydi. U klubni tark etayotgan bir paytda Messi 22 yoshda edi. Demakki, uni “Barsa”da katta bir tarix yaratgan va yangi davrni boshlab bergan shaxs sifatida ko‘rishimiz ham mumkin.
U saylovdagi g‘alabasi orqali 2026 yilgacha rahbarlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

142123_m

Uning prezidentlik kompaniyasi nimalarni reja qilgan?
Klub muxlislari undan so‘raydigan birinchi savol barchaga ma’lum: Messi qoladimi? Laporta bu borada ancha ishonch bilan ijobiy fikr bildiryapti. U, shuningdek, klubda iqtisodiy holatni barqaror holatga keltirishni ham o‘z maqsadi sifatida ma’lum qilgan.
U yil avvalida “Goal.com” nashriga bergan intervyusida bu borada quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgandi: “Men Messiga ta’sir ko‘rsata oladigan eng tajribali insonlardan biriman, deb hisoblayman. U doim menga ochiq gapira olgan va u bilan shu kabi yaqin munosabatda ekanimdan mamnunman. 2024 yilda “Kamp Nou” 125 yoshga kiradi. Bu tantanali marosimni Messi bilan kutib olish ajoyib bo‘ladi. O‘shanda biz uni ulkan olqishlar bilan kuzatib qo‘yishimiz mumkin bo‘ladi”.

287117

Nomzodlar haqida
Toni Freysha va Viktor Font ushbu saylovda nomzod sifatida ishtirok etdi. Ammo ularning g‘alabaga erishish ehtimoli juda kam edi. Saylov kompaniyasining eng boshidanoq, Laporta katta ustunlikka egaligi taxmin qilinayotgan edi.
Font 30 foiz ovoz to‘pladi. U hamon klub rahbariyati a’zosi hisoblanadi. Toni Freyshaning esa saylovda g‘alaba qozonishi fantastika bo‘lardi. Sababi, u yosh va klub muxlislari uchun notanish bo‘lgan shaxs. Hozircha, u “Barselona”ning yangi rahbariyati qatorida bo‘ladimi yoki yo‘q, bu ma’lum qilinmagan.

3008056-61716848-2560-1440

Bartomeuga nima bo‘ldi?
“Barsa”ning sobiq prezidenti jamoadagi o‘z mavqeyini saqlab qolish maqsadida “Barcagate” loyihasini amalga oshirishga uringan. Unda klubning bir qator yulduzlari obro‘sini tushirish maqsadida futbolchilarning shaxsiy ma’lumotlarini yashirincha hamkorlik qilgan kompaniyasiga ochib bergan. Xabar berilishicha, ma’lumotlari ochiqlangan futbolchilar orasida Messi, Pike va klub afsonasi Xavi bor.
Hozirda Bartomeu tergov dalillarining to‘liq isbot qilinmagani boisidan ozodlikka chiqarildi. Ammo surishtiruv ishlari oxirida u katta ehtimol bilan jazoga tortiladi.

284967

Hozirgi “Barsa”da holat qanday?
Klub hozirda 1,4 mlrd dollar zarar ko‘rgan. Bunday holatda uning boshqaruvini qo‘lga olish katta mas’uliyat, demakdir. Jamoada Messining katta oylik olishini tushunish mumkin. Ammo bir qator foydasiz futbolchilar ham million-million maosh oladi. Transfer siyosatini tartibga solish ham muhim. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan xaridlarning hech birini jamoa uchun foydali, deb bo‘lmaydi. Ba’zi yaxshi saviyali futbolchilar esa ancha qimmatga olib kelingan.

1586960321_0_0_3040_1710_1920x0_80_0_0_78fcb298f2aeca8eb16702fc3b37972e

Messining jamoada qolish ehtimoli qancha?
Messi yil boshida “Goal.com” saytiga bergan intervyusida klubni tark etish uchun o‘z shartnomasida ko‘rsatilgan 700 million evroni ham to‘lashga rozi bo‘lganini aytib bergan edi. U Bartomeu olib borayotgan g‘irrom siyosatdan charchagani va ortiq jamoa muammolariga javob berishni xohlamasligini bildirgandi.
“Men jamoadan ketishni istaganim rost, sababi, faoliyatimning so‘nggi yillarini ancha baxtli tasavvur qilardim. So‘nggi davrda klubda xursandchilik ko‘rmay qo‘ydim.
U fikridan qaytganmi yoki yo‘q, buni hozir bila olmaymiz. Bugungi iqtisodiy qiyin sharoitda Messining hozirgi shartnoma shartlari ham “Barsa”ga og‘irlik qiladi. Biroq, Laporta oldida endi har qanday moliyaviy imkoniyatlarni chetga surib qo‘yib, Leoni jamoada olib qolish masalasi turadi. U darhol ishni shu masalani hal etishdan boshlashi zarur. Saylov bo‘lib o‘tayotgan paytda u bu haqida: “Agar bugun saylovda muvaffaqiyatga erishsam, ertagayoq Xorxe Messiga qo‘ng‘iroq qilaman”, - dedi. Shuningdek, uning fikricha, agar Joan saylovda g‘alaba qozonmasa, Messining klubni tark etishi aniq bo‘lib qoladi.

444405

Laporta murabbiyni almashtiradimi?
Bugungi kunda Messining jamoada qolishi eng katta masala ekanligi bor gap. Ammo yana bir muammo borki, uni ham hal etish kun tartibidagi eng muhimlaridan biri bo‘lib turibdi. Ronald Kuman “Barselona” murabbiyi sifatida saqlab qolinadimi? Saylovdan oldin tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Joan Kuman nomzodiga eng boshidan qarshi bo‘lgan va hozirda ham jamoa ko‘rsatayotgan natijalardan qoniqish hosil qilmayapti. Evropa nashrlari yangi prezident jamoaga Mikel Artetani olib kelmoqchi ekanini xabar qilgandi. Hozircha, bu shunchaki mish-mish maqomidagi ovozalar. Unga jiddiy tus berishga asos ham yo‘q. Sababi, har ikkala murabbiyning o‘z klublari bilan uzoq yillik shartnomalari bor. Arteta esa, “Arsenal” loyihasini bu taxlit tashlab ketmasligi aniq.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!