Chiroyli futboldan ko‘ra natija muhimligini hamma his qilyapti yoxud Superligada "g‘alvirni suvdan ko‘tarish" payti keldi
Bugun Superligada 28-tur boshlanadi. Rejaga ko‘ra, Buxoro va Olmaliqda o‘yinlar bo‘lib o‘tadi. Tur bahslari 10 noyabrga qadar davom etadi. G‘alivrni suvdan ko‘tarish payti keldi yoki jo‘jani kuzda sanaymiz iborasini ayni qo‘llaydigan payt.
7 noyabr
18:00. “Buxoro” - “Neftchi”
O‘zbekiston Kubogi finalchisi “Buxoro” ushbu turda chempionlik uchun asosiy da’vogar bo‘lib turgan va peshqadamlik qilayotgan “Neftchi”ni qabul qiladi. Bu farg‘onaliklar uchun jiddiy o‘yin. “Buxoro”ni boshqarayotgan Aleksandr Xomyakov jamoasini kuchli raqiblarga qarshi yaxshi tayyorlay olishini oldinlari natijalar orqali isbotlagan. Qolaversa, “Buxoro”ni o‘ziga ham ochkolar juda zarur. Chempionlik yo‘lidagi kurashda “Neftchi” uchun eng og‘iri ushbu uchrashuv bo‘lsa ajab emas.
18:00. OKMK - “Navbahor”
OKMK klubi oxirgi 5 ta turdan beri g‘alaba qozona olmasdan kelyapti. 1 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etdi. Bu Mirjalol Qosimov jamoasi uchun albatta biroz kutilmagan natija sifatida tuyulmoqda. Navbatdagi bahsda olmaliqliklarning yana ochko yo‘qotishiga jamoa yo‘l qo‘ymasa kerak, yana kim biladi, deysiz?! Boshqa tomondan “Navbahor”ning qanchalik qarshilik ko‘rsatishiga ham bog‘liq. O‘tgan turda namanganliklar uyida “Nasaf”dan ochko tortib olishdi. Lekin bu safargi bahsda OKMKning imkoniyati biroz yuqoriroq bahonlanmoqda.
8 noyabr.
16:00. “Qo‘qon-1912” - “Paxtakor”
Bahrom Haydarov jamoasi bu yilgi O‘zbekiston Kubogi g‘olibini o‘z uyida qabul qiladi. “Paxtakor”da hozirgi paytga kelib medallardan birini qo‘lga kiritish imkoniyati mavjud. Shuning uchun Kamol Tojiev jamoasi uchun ham bu bahs juda muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman, chempionat yakunlanib qolgan bir mahalda barcha ishtirokchilarga ochkolar juda zarur va g‘alvirni suvdan ko‘tarish payti yaqinlashgan. Shunday ekan, Qo‘qondagi uchrashuv ham keskinlik borasida intrigasi ancha yuqori bo‘lsa kerak.
17:00. “Bunyodkor” - “Dinamo”
Ikkala jamoa ochiq, hujumkor futbol ko‘rsatishadi. Shu sababli, doim ushbu jamoalar ishtirokidagi bahsni kuzatish qiziq bo‘lgan. Birinchi davrada Samarqandda bo‘lib o‘tgan o‘yinda “Bunyodkor” raqibini 0:3 hisobida tor-mor keltirgandi. Bu safagi o‘yin ham muxlislarning qiziqish doirasida bo‘lib turibdi.
18:15. “Nasaf” - “Mash’al”
Voha derbisida “Nasaf” “Mash’al”ni qabul qiladi. Chempionlik uchun kurashda “Neftchi” bilan jiddiy raqobtalashyotgan qarshiliklarni ushbu turda “Mash’al”ni engib uch ochkoni qo‘lga kiritishiga ko‘pchilik shubha qilmayapti.
9 noyabr.
15:00. “Qizilqum” - “Andijon”
Turnir jadvalida mezbonlar 9-pog‘onada, andijonliklar esa 10-o‘rinda. Maksim Shatskix jamoasi Bahraynda Osiyo Chempionlar ligasi doirasida durang o‘ynab qaytdi. Navoiydagi bellashuvda jamoalarning imkoniyatlari teng baholanmoqda. Kim imkoniyatlardan samarali foydalansa, g‘alaba o‘shaniki bo‘ladi.
17:15. “Xorazm” - “So‘g‘diyona”
Hakim Fuzaylov boshchiligidagi “Xorazm” klubi “So‘g‘diyona”ni mag‘lub etishi shart. Turnir jadvalidagi holat shuni taqozo etyapti. Jizzaxliklarda yaxshi jamoa bor, ammo ba’zida barqarorlik etishmayapti. Ko‘pchilik mutaxassislar “Xorazm”ning o‘yinini ijobiy baholashadi, ammo bu natijalarda aks etmayapti. Chiroyli futboldan ko‘ra natija muhimligini nafaqat urganchliklar, balki boshqalar ham hozirda chuqur his qilib turishibdi. Bu o‘yinni kuzatish ham ancha qiziq.
10 noyabr.
18:00. “Surxon” - “Sho‘rtan”
Superligani tark etishi aniq bo‘lib ulgurgan “Sho‘rtan” Termizda “Surxon”ga qarshi o‘ynaydi. G‘uzorliklarda motivatsiya qoldimi? Bunga “Surxon”ga qarshi bahsda javob olishimiz mumkin. Endi “Sho‘rtan” a’zolarida hech qanday bosim qolmadi. Ular o‘zlarini erkin his qilgan holda futbolni balki boricha o‘ynashar va bu “Surxon”ga muammolar olib kelar, buni o‘yinda ko‘ramiz. Lekin favorit mezbonlar.



Fikrlar