
"Kerak bo‘lmaganimda menga taklif bilan chiqishmasdi" - Aleksey Evstafeev nega Rossiyaga ketib qolgandi? "Sho‘rtan"da ish boshlashi qanday yuz berdi?
Bilasiz, G‘uzorning “Sho‘rtan” klubiga bu yildan boshlab Aleksey Evstafeev bosh murabbiylik qilmoqda. Rossiyada ishlab yurgan o‘zimizning mutaxassis bir necha yildan so‘ng yana yurtimizda ish boshladi. Kuni kecha Sports.uz muxbiri ushbu murabbiy bilan suhbatlashdi.
- Aleksey Vladimirovich, “Sho‘rtan” klubidan xizmatingizga jiddiy qiziqish bo‘lishi haqida hech o‘ylaganmidingiz? Ushbu taklifni qabul qilishingizda asosiy sabab nima bo‘ldi?
- “Sho‘rtan”ning taklifi kutilmaganda bo‘ldi. Bungacha jamoa bilan hech qanday aloqam yo‘q edi. Shamil Yarulin bilan suhbatdan so‘ng taklifga rozi bo‘ldim. Jamoani asosan yoshlardan tashkil qilamiz, degan g‘oyasi meni qiziqtirdi. Bundan tashqari, “Sho‘rtan” akademiyasini rivojlantirishga yordam beramiz. Jamoada ishlash uchun o‘z strukturasi mavjud.
- Adashmasam, bunga qadar Rossiyada faoliyat ko‘rsatgansiz. U erdagi ishingiz qanday edi va siz uchun qoniqarlimidi?
- Rossiyada Krasnodarning “Kuban” yoshlar futbol jamoasida ishladim. Shuningdek, Kaliningradning “Baltika” yoshlar jamoasida ham faoliyat olib bordim. Menga doim yoshlar bilan ishlash qiziqarli.
- “Sho‘rtan” jamoasi bu yil Superligaga qaytishga tayyormi? Aslida klubning vazifasi nimadan iborat?
- “Sho‘rtan” Superligaga tayyormi? Buni mavsum ko‘rsatib beradi. Bizning maqsadimiz - har o‘yinda g‘alaba qozonish.
- Shuningdek, pro liga uchun qur’a ham tashlandi va unga ko‘ra ilk turda “Qo‘qon-1912” bilan bellashasizlar. Aslida siz qaysi raqibni kutgandingiz?
- Qur’a - bu qur’a. Hech qachon raqibni tanlamaganman. Oldinmi yoki keyin baribir hamma jamoalar bilan o‘ynaymiz. Bizga birinchi turda tajribali va kuchli jamoa ro‘baro keldi. Faqat mavsumning birinchi bahsiga o‘z yo‘nalishimizda yaxshilab tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.
- Bilamizki, ilgari yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarida ishlagansiz. Shundan so‘ng futbolimizda Evstafeev nomini eshitmay qo‘ydik. Keyinchalik sizni Rossiyada ishlayotganingiz haqida xabar topdik. U erga nega ketgandingiz?
- Ha, men yoshlar va o‘smirlar jamoasida ishladim. Bizda bir qator yutuqlar bo‘ldi. Rossiyaga oilaviy sabab tufayli ketdim. Qaytishim ham shunga bog‘liq. Onam betob bo‘lib qoldi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovga minnatdorchiligimi bildiraman. Ravshan Sayfiddinovich meni og‘ir damlarda qo‘llab keldi. Shu bilan birga meni bolalar futbolini rivojlantirish bo‘limiga taklif etdi.
- Futbolimizning bugungi darajasini qanday baholaysiz?
- Meni O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar jamoalarimizning mahorati hamda o‘z darajasi borligi xursand qiladi. Bular yaqin kunlarda Superliga va pro liga o‘yinchilari bo‘ladi. O‘tgan yili U-22 jamoasi yaxshi natijaga erishdi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida ajoyib o‘yin namoyish etishdi. Hozir esa U-20 jamoamiz o‘zimizda bo‘ladigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu jamoaning yaxshi kelajagi bor. Iqtidorli futbolchilar yig‘ilgan, ularga omad tilayman. Jahon chempionatiga yo‘llanma olishlarini istab qolaman.
- Qaysi biri muhim: siz “Sho‘rtan”ga kerakmisiz yoki “Sho‘rtan” sizga kerakmi?
- Men “Sho‘rtan” uchun kerakmanmi? Bu rahbariyatga bog‘liq savol. Agar kerak bo‘lmaganimda menga taklif bilan chiqishmasdi. “Sho‘rtan” o‘zimdagi bilim va tajribalarimni ishga solishim uchun kerak. O‘z vaqtida “Sho‘rtan” o‘ziga xos yuqori darajadagi futbol namoyish etgan kuchli jamoa bo‘lgan. Bu erda akademiyasidan tortib asosiy jamoagacha o‘z infrastrukturasi mavjud.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar