
Kimning transferi ko‘proq terma jamaoga naf keltiradi? Legionerga aylangan futbolchilarimizdan iborat TOP 7!
Osiyo kubogidan so‘ng, bir nechta futbolchilarimiz legioner maqomida boshqa jamoalarga ko‘chib o‘tganidan xabaringiz bor. Bugun, ular orasidagi eng katta ettita transferni tanlab oldik. Sezib turganingizdek, legionerga aylangan TOP 7 futbolchimiz haqida so‘z boradi. O‘rinlarni belgilashda futbolchining kar’erasida o‘sishi uchun yordam berish ehtimoli yuqori bo‘lgan transferlarga e’tibor qaratildi. Ya’ni, futbolchi yangi darajaga ko‘tarilishi qay darajada ehtimoli yuqori bo‘lsa, ro‘yxatdagi o‘rni ham shu qadar baland bo‘ladi! Shu bois, siz kutgan futbolchi ro‘yxatimizda yoki siz taxmin qilgan o‘rinda bo‘lmasligi mumkin.
7 o‘rin. Azizbek Amonov - "Xor Fakkan"
Kuchli ettilikni yaqindagina Birlashgan Arab Amirliklari klubi sanalgan "Xor Fakkan"ga ko‘chib o‘tgan Aziz Amonov ochib beradi. Osiyo kubogida biror daqiqa o‘yinda ishtirok etmagan hujumchi "Nasaf" bilan mavsumning ikkinchi qismida yaxshigina furor ko‘tarishni uddaladi. Ayniqsa, "As Sadd" bilan Qarshidagi dramada bosh rolni ijro etgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. OChLdagi ishonchli o‘yini sababli "Xor Fakkan" e’tibor markaziga tushgan hujumchi qishki transfer oynasi ochilishi bilan BAAga erkin agent maqomida yo‘l oldi. Quvonarlisi shundaki, Erondagi biroz omadsiz ishtirokdan so‘ng, Aziz Qarshida kar’erasini qayta ishga tushirdi, zamonaviy tilda aytganda "restart" berib yubordi. Yuqori tezlik va katta nomlar to‘p suruvchi chempionat va legionerlik uni futbolchilik darajasini bir pog‘ona ko‘tarilishiga turtki bo‘lishidan umidvormiz.
6 o‘rin. Ikrom Aliboev - "Seongnam"
Ikrom Aliboevni bu ro‘yxatdan o‘rin egallashi ko‘pchilikni xayron qoldirishi mumkin, ammo tushuntirib beraman. Qishki transfer oynasi ochilishi bilan Janubiy Koreyada faoliyat olib borayotgan legionerimiz bilan bir nechta o‘zbek klublari jiddiy qiziqish bildirdi. Ikrom takliflarga qaramay, ortga qaytib ketdi va ko‘p o‘tmay "Seongnam" bilan kontrakt tuzdi. Universal yarim himoyachi Janubiy Koreya futbolidagi tezlik va temp o‘zini doim tonusda ushlab turishini sezgan bo‘lsa, ne ajab.
5 o‘rin. Jaloliddin Masharipov - "Istiqlol"
Janubiy Koreyadan, endi Eron tomonlarga o‘tamiz. Osiyo kubogida terma jamoa sardori sifatda harakat qilgan Jaloliddin Masharipov so‘nggi soatlarda Namanganga ketayotgan samolyotni Tehron tomonga burib yubordi. Bu qaror, Masharipovning Osiyo qit’asidagi mavqeyini sezilarli darajada ko‘targani rost. So‘nggi 2 mavsum davomida juda kam o‘yinlardan ishtirok etgani va Gretsiyadagi iqlim bilan muammolar sababli Jaloliddin o‘z sport formasini 100 foiz tiklab olganicha yo‘q. "Istiqlol"da o‘yin amaliyotiga ega bo‘lsa, Masharipov ruhan va jismonan terma jamoaga kuchliroq bo‘lib qaytishi aniq.
4 o‘rin. Oston O‘runov - "Persapolis"
Oston O‘runovda vaziyat biroz boshqacharoq. "Navbahor"dagi "bomba" mavsumdan so‘ng, vinger Osiyo kubogiga tashrif buyurdi va ko‘pchilik taxmin qilganidek gollarni qalashtirib tashlagani yo‘q. Boz ustiga, u bilan qiziqish bildirgan klublar bilan bo‘lgan muzokaralarni aksari boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Natijada, OK yakunlashini arafasida futbolchida qolgan variantlar ichida eng optimal variant - Eronning "Persapolis" klubi bo‘lib qoldi. Natijada, Oston O‘runov Superligaga qaytishdan ko‘ra kurashlarga boy, intensiv fors birinchiligini tanladi.
3 o‘rin. Otabek Shukurov - "Kaysarispor"
Otabek borasida vaziyat biroz boshqacharoq. "Fotih Karagyumruk" a’zosi jamoasi bilan xayrlashgach, Osiyo kubogiga tashrif buyurdi va barcha o‘yinlarda o‘ziga bildirilgan ishonchni to‘liq oqladi. Unda, o‘zi uchun qulay va o‘rgangan BAA klublaridan moliyaviy yaxshi takliflar bo‘lishiga qaramay, Shukurov futbolni tanladi va Turkiyada qolishga qaror qildi. Natijada, ko‘p o‘tmay "Kaysarispor" bilan shartnoma imzoladi. Turkiya Superligasining o‘rtamiyona klubi sanalgan jamoada Shukurov o‘z sport formasini ushlab turishni va JCh sarlash o‘yinlarida terma jamoaga yordam berishga shay holatda bo‘lishi kishini xursand qiladi.
2 o‘rin. Aziz Turg‘unboev - "Sivasspor"
Srechko Katanetsning o‘ziga xos Joker qartasiga aylangan Aziz Turg‘unboev uchun ham mahalliy grandlar oxirigacha kurash olib bordi. "Neftchi", "Navbahor" qancha harakat qilmasin, yakunda Aziz faoliyatida ilk bor legioner bo‘lishni afzal ko‘rdi. Katta ehtimol bilan, Turg‘unboev futbolchi sifatida yanada o‘sishni istadi va Turkiyaning "Sivasspor" klubiga yo‘l oldi. 29 yoshli universal futbolchi uchun Turkiya birinchiligi yangi imkoniyatlar eshigini ochib berishiga umid qilamiz.
1 o‘rin. Muhammadali O‘rinboev - "Brentford"
"Tumanli Albion"ga ko‘chib o‘tgan birinchi o‘zbek futbolchisi - Muhammadali O‘rinboev TOP 7 likning birinchi pog‘onasini band qilgani bejiz emas. Bu yosh iqtidor egasi uchun SPORTS.uz tomonidan berilgan kichik avans o‘rnida qabul qilasiz!
"Brentford"ning yoshlar jamoasi safida Devid Bekhamning o‘g‘li bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan hujumkor yarim himoyachi tez orada APLda ko‘rinish bermasligi mumkin. Balki, bu mavsum asosan yoshlar jamoasidagi o‘yinlari bilan ishqibozlarni xursand qilar. Bunisi muhim emas. Asosiysi, u o‘zi uchun, tengdoshlari va kelajakdagi yosh futbolchilarimiz uchun APLga yo‘l ochishni uddaladi. "Brentford" jamoasi uni yoshlar o‘rtasidagi turli hil musobaqalarda kuzatgan va kelajak proekti sifatida tarkibga qo‘shib olgan. Klub skautlari Muhammadalida 2-3 mavsumda bemalol asosiy jamoa darajasiga chiqishga etarli potentsialni ko‘rgani uchun ham 100 dan ortiq variantlar orasida tanlab olishgan. Tinimsiz mehnat va go‘zal sabr uni o‘zi istagan maqsadiga erishishi uchun yordam berishidan umidimiz bor.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev.
Bu muallifning sub’ektiv fikri. Agar sizning "TOP 7"ligingiz boshqacharoq ko‘rinishda bo‘lsa, uni kommentda yozib qoldiring!
Fikrlar
Shomurodov
Bozorov G'aniyev Kenjaboyev
Shukurov Hamrobekov
Nasrullayev Aliqulov
Davronov Eshmurodov
Nematov
Zaxira
Mozgovoy,Gaybullayev,Sayfiyev,Abdirahmatov,Abdixoliqov,Ergashov,Yusupov....
Ostondan esa Rassiya yoki Turkiyaga ketishini kutgandim afsus.. Omad hammasiga.