
Kutilmagan xabar: “Roma” asosiy yulduzini sotadigan bo‘ldi!
“Roma” rahbariyati klub tarbiyalanuvchisi va hozirgi tarkibning eng mashg‘ur o‘yinchisi Nikolo Dzanoloni yozda sotib yuborishga qaror qildi.
Tuttomercatoweb nashrining xabar berishicha, amaldagi shartnomani yangilash bo‘yicha muzokaralar to‘xtatilgan.
22 yoshli pleymeyker faoliyatini poytaxt klubida davom ettirish istagini bildirayotgan bo‘lsa-da, klub xo‘jayinlari Dzanolo bo‘yicha yaxshi taklif bo‘lsa, uni so‘zsiz sotib yuboradi.
Avvalroq, Joze Mourino Nikologa Italiya chempionatini tark etishni tavsiya qilgandi. Chunki, texnikasi kuchli hujumkor futbolchiga qarshi A Seriya himoyachilari ayovsiz o‘ynamoqda. Nikolo keyingi payida ikki marta og‘ir jarohat oldi. Yosh futbolchi himoyachilar bilan kurash vaqtida shikastlanishdan qo‘rqib o‘ynayotgani sezilib qolmoqda.
Dzanoloning klub bilan amaldagi shartnomasi 2024 yilning iyunigacha imzolangan. Klub uni to‘liq transfer qiladigan jamoaga sotib yuboradi.
Dzanolo joriy mavsumda 22 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga uchtadan gol va golli pas yozdirib qo‘ydi. Uning transferi 35 million evroga baholangan.
“Roma” Manchini bilan yangi kelishuvga erishdi
“Roma” mutasaddilari etakchi himoyachilardan Janluka Manchinini amaldagi shartnomani uzaytirishga ko‘ndirdi.
Manbalarning ma’lum qilishicha, italiyalik himoyachi 2026 yilning yarmigacha Rim klubi bilan uchun to‘p tepishga rozilik bergan.
Yangi kelishuv imzolanganidan keyin Manchini yiliga 3 million evro miqdorida maosh ola boshlaydi. Tez orada hamkorlik rasmiylashtirilishi kutilmoqda.
Manchini joriy mavsumda 23 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Markaziy himoyachi o‘z vazifasini uddalashdan tashqari, bitta gol urishga ham erishdi.
Klub sport direktori Tyagu Pinto Manchinini yangi bitimga ko‘ndirganidan keyin yarim himoyachilar – Brayan Kristante va Jordan Veretu bilan hamkorlikni uzaytirish bo‘yicha ish bolagani aytilmoqda. Bu o‘yinchilarga ham klub 2026 yilning yarmigacha davom etadigan bitim bermoqchi.
“Roma” terma jamoadan ustun!
“Roma”ning eng yosh hujumchisi Feliks Afena-Gyan klub mashg‘ulotlari boshlanishi bilan ularda ishtirok etadigan bo‘ldi.
Joze Mourino kashf qilgan futbolchi Afrika Millatlar kubogida qatnashish uchun Gana milliy terma jamoasiga chaqirtirilgan edi.
Biroq, Rim klubining asosiy tarkibiga kirish uchun kurashayotgan iste’dodli hujumchi terma jamoaga bormaslikka qaror qildi.
Afena-Gyan joriy mavsumda beshta uchrashuvda qatnashib, “Jenoa”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda bir juft gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
“Inter” futbolchisini “Roma”ga qo‘yib yuboradi
“Inter” va Urugvay terma jamoasi yarim himoyachisi Matias Vesino faoliyatini “Roma”da davom ettirishi mumkin.
Tuttomercatoweb nashrining xabar berishicha, Italiya chempioni Rim klubiga murojaat qilib, yanvar oyida urugvaylik o‘yinchini transfer qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘ragan.
Milanliklar 30 yoshli yarim himoyachi yanvarda ketadigan bo‘lsa, unga qolgan yarim yillik shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish uchun kompensatsiya to‘lashga tayyorligini bildirgan.
Sportitalia nashri mutaxassislari esa, “Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino tajribali Vesinani o‘z jamoasiga qo‘shib olish tarafdori ekanini ta’kidlamoqda. Shuningdek, rimliklar uni yarim yilga ijaraga olib, mavsum yakunlangach, erkin agent sifatida to‘laqonli shartnoma taklif qilish variantini ham ishlab chiqmoqda.
Vesina joriy mavsumda 15 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urdi. Uning transferi 5 million evroga baholanyapti.
Fikrlar