
Legionerimizning quvonchi cheksiz! Qozog‘istonda chiroyli gol urgan darvozabonimiz olqishlar ostida. U buni qanday uddalaganini aytdi
Futzali ancha rivojlangan Qozog‘iston chempionatining reytingi baland. Mamlakat terma jamoasi ham jahonda o‘z o‘rniga, o‘z mavqeiga ega hisoblanashini ko‘pchilik yaxshi biladi. Ana shunday birinchilikda o‘zbekistonlik futzal ustasi – Ravshan Eliboev ham faoliyat ko‘rsatayotganini bilsangiz kerak-a? U ayni damda qozoq chempionatida ishtirok etayotgan “Kaspiy” jamoasining darvozasini himoya qilyapti.
Shu yilning fevral oyi boshlarida “Kaspiy” klubiga ko‘chib o‘tgan va jamoasi bilan mavsum oxirigacha shartnoma tuzgan. Biz uchun quvonarlisi, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosining bu erdagi ishlari yaxshi. Legioner sifatida o‘zini ko‘rsatyapti va olqishlariga sazovor bo‘lyapti.
Kecha Qozog‘iston chempionatining navbatdagi turida “Kaspiy” jamoasi “Aktobe” bilan bellashdi. Gollarga boy kechgan o‘yinda Eliboev jamoasi 9:4 hisobida g‘alaba qozondi. E’tiborlisi, hamyurtimiz juda chiroyli gol muallifiga ham aylandi. Uning kiritgan goli esa o‘zimizning ijtimoiy tarmoqlarda rosa “aylandi”.
Sports.uz muxbiri o‘yindan keyin Ravshan Eliboev bilan bog‘landi. Futzalchimizning goli oldindan o‘ylangan rejamidi yoki tasodifmi? Dastlab kiritgan goliga ta’rif berdi.
- Avvalambor, barchamizga Ramazon oyi muborak bo‘lsin. Kechagi urgan golimga keladigan bo‘lsak, albatta bu oldindan o‘ylangan kombinatsiya edi. Murabbiylarimiz bizga aynan mana shu kombinatsiyani qo‘llashimizni uqtirishgandi. Shundan kelib chiqib, birinchi vaziyatdayoq ushbu rejani amalga oshirdik. Natijada men faoliyatimdagi navbatdagi golimni kiritdim. Tabiiyki, quvonchim cheksiz edi.
Muhimi, Ravshan murabbiylarning ishonchini qozonyapti, kerak bo‘lsa, eng yaxshi futzalchiga ham aylanyapti. U darvozasini himoya qilishdan tashqari goh-gohida mana shunday gollar urishni ham eplab turadi. Xo‘sh, Eliboev uchun eng chiroyli goli qaysi?
- Albatta, faoliyatim mobaynida men shunga o‘xshash chiroyli gollarni bir necha bor raqib darvozalariga kiritganman. Lekin kechagi urgan golim eng chiroylisi bo‘ldi deb o‘ylayman. Qolaversa, bu men uchun eng keraklisi bo‘ldi deb ham hisoblayman.
Yuqorida Qozog‘iston futzaliga ta’rif berganimizda bejizga iliq so‘zlarni aytmadik. Boisi, chindan ham ularning futzali ancha kuchli. Eliboev futzali rivojlanib borayotgan o‘zimizni chempionatda ham ko‘p yillar davomida ishtirok etdi. Shu sababli u endi ikkala chempionatni yanada yaxshiroq solishtira oladi. Shu bilan birga Ravshan ko‘proq nimalarga e’tibor qaratishimiz zarurligiga ham to‘xtaldi.
- Qozog‘iston futzalidagi farq shundaki, bu erdagi e’tibor yuqori darajada ekanligini ayta olaman. Shunga yarasha har bir jamoada futzal maktablari mavjud. Shuning uchun yaxshi tarbiyalanuvchilar etishib chiqyapti. Ajoyib legionerlarga ham ega. Bundan tashqari, futzal chempionatida har bir uchrashuvda minglab muxlislar kelishadi va qo‘llab-quvvatlashadi. Mana shunday jihatlari bilan farq qiladi, nazarimda. Albatta, yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, o‘zimizda ham bolalar futzal maktablarini ochishimiz lozim. O‘zbekiston futzal chempionatiga ko‘proq kuchli legionerlarni ham jalb qilishimiz muhim. Shuning bilan birga mahalliy murabbiylarimizning bilim va saviyasini ham oshirishimiz kerak, deb o‘ylayman.
Bir so‘z bilan aytganda, Ravshan Eliboev Qozog‘iston chempionatida o‘zini juda yahshi his qilyapti va o‘zini ko‘rsatish uchun astoydil mehnat qilyapti. Hamyurtimiz esa qo‘shni chempionat darajasiga quyidagicha ta’rif berdi:
- Albatta, Qozog‘istonning har bir klubida legioner futzalchilari borligi, chempionati, futzal saviyasi jahondagi etakchi chempionatlar sirasiga kirishi va mablag‘ taraflama ham ularni etakchilardan biri deb hisoblayman. Shuning uchun meni ham qoniqtiryapti. Har bir narsaga professional darajada yondashishadi.
Eliboev O‘zbekiston terma jamoasining ham etakchilaridan biri sanaladi. Yaqinda Bahodir Ahmedov boshchiligidagi termamiz yig‘in va nazorat o‘yinlarini tashkil qildi. Bu haqda gap ketar ekan, Eliboev quyidagilarni aytdi:
- Terma jamoamizning oxirgi yig‘iniga men oxirgi kuni kelib qo‘shildim. O‘rtoqlik uchrashuvlarida qatnasha olmadim. Sababi, Qozog‘iston chempionati bu paytda davom etayotgandi. Albatta, terma jamoamiz uchun tashkil etilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda nazorat uchrashuvlari juda ham kerak. Murabbiylarimiz mana shunday o‘yinlar va mashg‘ulotlar orqali biz qay darajada ekanligimizni va qanchalik tayyorligimizni ko‘rib oladilar.
Fikrlar