
"Mag‘lubiyatni tasavvur ham qila olmasdim, vaqt o‘tishi bilan nima qilganimizni tushunib etdim" - Kubokni yutgan "Andijon" darvozaboni yana nimalarni aytdi?
Bir necha mavsumdan buyon “Andijon” darvozasini qo‘riqlab kelayotgan Eldor Adhamov ham O‘zbekiston Kubogi finalida munosib o‘yin namoyish qildi. Garchi u o‘sha kuni o‘z darvozasidan ikkita to‘p olib chiqqaniga qaramasdan, “Andijon”ni bir qator gollardan qutqarib qolgan holda ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. Uning ham orzusi, istagi “Andijon” bilan birga Kubokni yutish edi va nihoyat darvozabon o‘zining ezgu maqsadiga erishdi.
“Andijon”ning g‘alabasini hamma joyda alohida e’tirof qilishmoqda. Bugun esa aynan Eldor Adhamov bilan muloqotga kirishamiz. Darvozabon klub matbuot xizmatiga dastlab finalga tayyorgarlik qanday bo‘lgani xususida to‘xtaldi.
“Kubok finaliga “Neftchi”ga qarshi bahsdan so‘ng vaqtliroq yig‘ilib, tayyorgarligimizni boshlagandik. Murabbiylar ruhan, jismonan va taktik jihatdan ish olib borishdi. Biz ham o‘rtada juda katta narsa borligini tushunib turgandik. Bu futbolchining faoliyatiga ta’sir qiladigan holat, Osiyo Chempionlar ligasiga yo‘llanma va Superkubokda o‘ynash imkoniyatini beruvchi hamda “Andijon”ni 60 yilligiga sovg‘a qilish...Bular haqida biz tinmasdan o‘yladik. Shaxsan meni o‘yindan oldingi fikru-xayollarim faqat g‘alabaga qaratilgandi. Mag‘lubiyat haqida tasavvur ham qila olmasdim. G‘alabadan keyingi holatlar hayolimga kelaverdi. Xudo niyatimizga etkazdi. Mehnatimizga yarasha tarixda birinchi marta Kubokni qo‘lga kiritdik”.
“Andijon” jamoasining tarixda ilk bor Kubokni boshi uzra ko‘targani bu futbolimizdagi muhim voqelik, albatta. Chunki “Burgutlar” to‘la munosib edilar va bunga haqli ravishda erishdilar. Xo‘sh, nimani evaziga yutdi? Adhamov bu borada shunday dedi:
“Nimani evaziga yutdik? Avvalambor, omad biz tomonda bo‘ldi. Ko‘p yillardan beri ishlab kelinayotgan uslublarimiz o‘sha kuni o‘xshadi. Boshqa uchrashuvlarda shu narsalar amalga oshmay qolayotgandi. Sergey Lushchanni qanaqa murabbiyligini bilardik. Hujumkor futbol o‘ynaydi. Biz shunga qarab tayyorlangandik. Standart vaziyatlar, qarshi hujumlar, himoyadagi ishonchli o‘yin – hamma-hammasi g‘alabamiz omili bo‘lib xizmat qildi. Muxlislarimizga esa gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Ular stadionda “dahshatli” muhitni yaratdilar va bu bizga kuch berdi.
Bilasiz, o‘yinning qo‘shimcha vaqtlari “yonib” ketdi. Chunki bu juda muhim palla edi va “Andijon” qo‘shimcha vaqtlarda ham xarakter namoyish qila olgan holda qahramonlik ko‘rsatdi. Buni oddiy so‘z bilan ta’riflash qiyin. Eldor esa qo‘shimcha vaqtlarni ham yodga oldi.
“Qo‘shimcha vaqtlarda bizda yanada ishonch paydo bo‘lgandi. Ya’ni, bugun yutib ketamiz, degan qat’iy ishonchimiz bor edi. Kubokni ko‘targanimizda darhol tushunmadim. Keyinchalik vaqt o‘tishi bilan sekin-asta nima qilganimizni tushunib etdim. O‘sha paytni o‘zida esa birdaniga barchasini his qila olmadim.”
Shuningdek, Adhamov Kubok finalidan avval “Andijon”ning chempionat doirasida “Neftchi”ga qarshi bellashuvida o‘zining “Burgutlar” tarkibidagi 60-o‘yinini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. O‘z navbatida darvoazabon ushbu statistik ko‘rsatkichga ham to‘xtaldi.
“Neftchi”ga qarshi finaldan oldingi uchrashuvimiz mening “Andijon” safidagi 60-yubiley o‘yinimga aylandi. To‘g‘risi, meni ham bundan xabarim yo‘q edi. Xudoga shukr, o‘sha uchrashuvda darvozamiz daxlsizligini saqlab qola oldik. Bu darajagacha etib kelishim oson bo‘lmagan. O‘sha paytdan beri jamoada men bilan birga bo‘lib kelayotgan shaxslar biladi. Xudo xohlasa, bundan keyin ham “Andijon”ning g‘alabalariga munosib hissa qo‘shish yo‘lida bor imkoniyatimizni ishga solishda davom etamiz”.
“Andijon” klubi endilikda bor e’tiborini yana milliy chempionatga qaratgan. Jamoa a’zolari 19 oktyabr kuni “Metallurg”ga qarshi bo‘ladigan uchrashuv uchun tayyorlanmoqda.
“Kubok o‘yinidan keyin ikki kun dam olib 8 oktyabrdan “Metallurg”ga qarshi o‘yin uchun Toshkentda mashg‘ulotlarimizni boshlaganmiz. Hammasi yaxshi, reja bo‘yicha ketyapti”, - dedi Eldor Adhamov.
Fikrlar