"Man of the match" - Superliganing 20-turida eng yaxshilar kimlar?

  • 1 oktabr, 2023, 11:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Supreliganing 20-turi ham yakunlandi. Gollarga boy o‘tgan o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatgan va jamoasining g‘alabalariga muhim rol o‘ynagan futbolchilar ko‘zga tashlandi. Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.

“Metallurg” – “Andijon” – 2:0. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi – Zabihillo O‘rinboev

Bugungi kunga kelib “Metallurg”ning muhim figurasiga aylangan Zabihillo O‘rinboev navbatdagi uchrashuvda ham faolligi bilan ajralib turdi. Bu holat “Andijon”ga qarshi bahsda ham sezilib turdi. Garchi Zabihillo gol urmagan bo‘lsa-da, jamoasining yuragiga aylangan va har bir hujumida o‘zi ishtirok etdi, raqib hujumlarini bartaraf etishda ham himoyachilarga yordamlashdi. Maydonda katta hajmdagi ishni bajardi. G‘alabaga qo‘shgan hissasi katta bo‘ldi. U haqli ravishda eng yaxshi futbolchiga aylandi.

“Neftchi” – “Buxoro” – 3:0. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi – Giorgi Nikabadze

“Neftchi”ning “Buxoro”ga qarshi uchrashuvida farg‘onaliklarning gruziyalik hujumchisi Giorgi Nikabadze qisqa vaqt ichida dublni rasmiylashtirib qo‘ydi. U o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlayapti, muxlislar ham Nikabadzedan mamnunlar. Murabbiylar hujum chizig‘ida Tabatadzening o‘rniga munosib o‘yinchi topishgani ko‘rinib turibdi.

nikabadze

“Olimpik” – “Nasaf” – 1:3. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi – Azizbek Amonov

“Nasaf” klubi Toshkentda qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Bunda “Nasaf”ning hujumchisi Azizbek Amonovning hissasi katta bo‘ldi. U 25-coniyadayoq gol urib mavsumdagi eng tezkor gol muallifi bo‘ldi. U gol urishdan tashqari assist vazifasini bajardi va penalti ham ishladi.

“Navbahor” – “Turon” – 5:0. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi – Oston O‘runov

Nihoyat, chempionlik yo‘lida kurashayotgan “Navbahor”ning g‘alabasiz seriyasi barham topdi. Autsayder “Turon”ga qarshi uchrashuvda namanganliklar bor alamini olishdi, chog‘i. Chunki raqib darvozasiga javobsiz 5 ta gol urdilar. Shundan ikkitasi Oston O‘runovga tegishli bo‘ldi. U ikki marta penaltidan gol urdi. Bundan tashqari, yana faolligi bilan ajralib turdi. Bir so‘z bilan aytganda, Oston odatdagidek maydonda o‘z ishini qildi.

Oston5_1

“Paxtakor” – OKMK – 2:2. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi – Hojiakbar Alijonov

“Paxtakor”ning qanot himoyachisi joriy mavsumni yuqori notada o‘tkazayotgani e’tiborga molik. Shuning uchun uni uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi, deya e’tirof etilayotgani bejizga emas. Alijonov 20-turda jamoasining OKMKga qarshi bahsida ham yana eng yaxshisiga aylandi. Hojiakbar o‘z qanotida O‘zbekistonda eng yaxshilaridan biri.

“Bunyodkor” – “Surxon” – 0:1. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi – Bobur Asqarov

“Surxon”ga qoyil. Bu klub yaqinda O‘zbekiston Kubogi doirasida Toshkentda “Bunyodkor”ni yutgandi. Bu safar Superliga bahsida ham ushbu raqibini tiz cho‘ktirishga muvaffaq bo‘ldi. Bellashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylangan Bobur Asqarov esa hammasini hal qildi. U 73-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi va 85-daqiqada yagona golni urib, “Surxon”ga juda muhim g‘alabani taqdim qildi. Asqarov bo‘lmaganida “Surxon” balki yutolmasligi mumkin edi.

“Qizilqum” – “So‘g‘diyona” – 4:2. O‘yinning eng yaxshi futbolchisi – Islom Kenjaboev

Superligada qolish uchun astoydil kurashayotgan “Qizilqum” bu yo‘lda navbatdagi qimmatli g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Navoiyda “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvda mezbonlar muxlislarini xursand qildi. Doimgidek, jamoa etakchisi Islom Kenjaboev yana eng yaxshisiga aylandi. U butun uchrashuv davomida tinim bilmadi va o‘zi o‘yinga nuqta qo‘yuvchi gol muallifiga aylandi. Kenjaboevning borligi “Qizilqum”ning asosiy yutuqlardan biri.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!