Mareska: "1 kishi kam bo‘lib qolgandan ko‘ra, gol o‘tkazib yuborganimiz yaxshi edi"
APL 5-turidan o‘rin olgan "Manchester Yunayted" – "Chelsi" (2:1) uchrashuvida har ikki jamoa maydondan bir nafar futbolchisini yo‘qotdi. "Aristokratlar" posboni Robert Sanches uchinchi daqiqada Brayan Mbemoga nisbatan qoida buzgani uchun maydondan chetlatildi. Keyinchalik "Yunayted" yarim himoyachisi Kazemiro ham ikkinchi ogohlantirishdan keyin qizil kartochka oldi.
Bellashuvdan so‘ng "Chelsi" bosh murabbiyi Entso Mareska shunday dedi:
"Darvozabon juda tez qaror qabul qilishi kerak bo‘ladi. Ammo maydon chetidan qaraganda, raqibga gol urish imkoniyatini bergan ma’qul edi. Chunki o‘yinning endigina uchinchi daqiqasi edi, qolgan 95 daqiqa bor edi. Bir kishi kam o‘ynaganimizdan ko‘ra, hisobda 0:1 bo‘lib qolishimiz yaxshiroq edi.
Albatta, buni aytish oson, ammo o‘sha paytda Robertga bir-ikki soniyada qaror chiqarishga to‘g‘ri keldi. Buni tushunish mumkin", – deya ta’rif berib o‘tdi londonliklar mutaxassisi.

Fikrlar