"Mash’al" bosh murabbiyi: "Bizda mag‘lubiyatlardan keyin qo‘rqishlar bo‘lyapti"

  • 27 avgust, 00:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogi chorak finalida “Paxtakor” “Mash’al”ni qabul qildi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. “Mash’al” kuchli raqibga qarshi bu safar sensatsiya ko‘rsata olmadi. Uchrashuvdan keyin muborakliklar bosh murabbiyi Otabek Narzullaev matbuot anjumanida qatnashdi.

Tecno

- Yana o‘sha o‘zimizni xatolar evaziga gol o‘tkazib yubordik. Bu xatolarni yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak. Xulosa qilishimiz lozim. Nima uchun biz o‘yinni boshida gollarni o‘tkazib yuboryapmiz? Futbolchi charchasa o‘yin oxirlarida muvozanatni yo‘qotganidan gollarni qo‘yib yuborishi mumkin, lekin uchrashuv boshidayoq gol o‘tkazib yuborishimiz taktik hol bilan ko‘proq bog‘liq bo‘lyapti. Buni ustida ko‘proq ishlashimiz kerak. “Paxtakor”ni yarim finalga chiqqani bilan tabriklaymiz. Maqsadimiz Kubokda finalgacha borish edi, ammo o‘xshamadi. Bor e’tiborimizni chempionatga qaratamiz. Biroz ta’tilga chiqamiz. Futbolchilar bilan yaxshilab maslahatlashib olamiz. 

- Jamoa “Paxtakor”ga o‘yin boshida yaxshi qarshilik ko‘rsatayotgandi. Tezkor goldan keyin ham yomon kurash kechmadi. 3:1 bo‘lganidan so‘ng katta ishtiyoq bilan oldinga o‘tdinglar. Shu ishtiyoqni ertaroq ko‘rsatish imkoni yo‘qmidi?

- Bu ruhiy holat bilan bog‘liq. Futbolchilar “Paxtakor”, “Bunyodkor” yoki “Nasaf” desa qandaydir qo‘rqish bilan harakat qilyapti. Ikkinchi taym ko‘rsatib berdiki, hamma raqibni hurmat qilgan holda bemalol o‘ynasa bo‘ladi. Bizda yaxshi futbolchilar yig‘ilgan. Faqat o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirishimiz kerak. O‘yinchilar ishonch bo‘lsa yaxshi o‘ynashyapti. Shuni o‘yin davomida bajarishni ko‘proq o‘rgatishimiz lozim.

- Samandar Ochilov bir necha uchrashuvdan beri maydonga tushmayapti. Buni sababi nimada?

- Ochilov yaxshi futbolchi. Uni yarim himoyada sinab ko‘rdik. Pozitsiyasi markaziy himoyachi. Raqiblar safida bo‘yi uzun hujumchilar bor. Shuning uchun biz bo‘yi uzun himoyachilardan foydalandik. Unga ham o‘yin amaliyoti berishga harakat qilamiz. Ha, himoyamizda kamchiliklar bor. Lekin raqobat bor. Kim raqobatda yaxshi bo‘lsa o‘ynayveradi.

- “Mash’al” ancha vaqt g‘alabasiz seriya qayd etdi. “Andijon” bilan juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Lekin keyingi uchrashuvlarda yana xatolar kuzatilyapti, oddiy vaziyatlarda to‘pni raqibga berib qo‘yishyapti. Raqibni darajasidan kelib chiqib xatolar ko‘payib ketyaptimi?

- Raqibni darajasidan deb o‘ylamayman. Futbolchilar ruhiy jihatdan o‘ziga bo‘lgan ishonchni o‘nglay olmayaptilar. “Andijon”ga qarshi uchrashuvdagidek ishtiyoq va ishonch bilan o‘ynasak har bir jamoa bilan muammo tug‘dirishimiz mumkin. Bizda mag‘lubiyatlardan keyin qo‘rqishlar bo‘lyapti. Buni engib o‘tishimiz kerak. Har bir klubda bo‘lib turadi. Mag‘lubiyat bilan g‘alaba doimo yonma-yon. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!